Home / YANGILIKLAR / TЕMURIYLAR RЕNЕSSANSIGA YANGI CHIZGILAR

TЕMURIYLAR RЕNЕSSANSIGA YANGI CHIZGILAR

Shu kunlarda nafaqat Oʻzbekiston, balki jahonda insoniyat tarixini oʻzgartira olgan, Sharqning Ikkinchi Renessansini boshlab bergan buyuk davlat arbobi va islohotchi, ulkan sarkarda, daho bobomiz Amir Temur tavalludining 685 yilligi keng nishonlanmoqda. Amir Temur markazlashgan davlatga asos solib, uning kuchqudratini har tomonlama mustahkamlab va rivojlantirib, shonshuhratini butun jahonga yoydi, buyuk saltanat hukmdori sifatida millatlar va xalqlarni birlashtirdi. Uning davrida iqtisodiyot va savdo, madaniyat va ilm-fan, meʼmorlik va tasviriy sanʼat, musiqa va sheʼriyat yuqori choʻqqilarga koʻtarildi. Bir soʻz bilan aytganda, Temuriylar davri Renessansiga asos solindi.

Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori, faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni oʻrganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yoʻnalishlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatchilar diqqat-eʼtiborida boʻlib kelgan va shunday boʻlib qolmoqda. Shuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarda tarjima qilingan hamda ilmiy-tadqiqotlar amalga oshirilgan. Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davrini oʻrganishga oid nashrlar kun sayin ortmoqda. Pirovardida jahon jamiyatshunosligida “Temurshunoslik” mustaqil ilmiy yoʻnalishi shakllandi.

Bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-gʻoyaviy, madaniy va tafakkur darajasi keskin koʻtarilishiga qoʻshgan hissasi beqiyosligi hech kimda shubha uygʻotmaydi. Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot taraqqiyoti hamda ulugʻ kashfiyot va ixtirolarda oʻz aksini topgan davr, xalqimizni esa shu paytgacha ikki marotaba Renessansga asos solgan el sifatida eʼtirof etadi. Yaʼni xalqimiz haqli ravishda Renessans yarata olgan kam sonli xalqlar sirasiga kiritiladi.

Shu maʼnoda, bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi saʼy-harakatlari kutilgan natijalar berishiga toʻla asos bor, deb baholanmoqda. Uning xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan oʻz yurtiga egalikdan mosuvo boʻlgan, farovon va yaxshi yashashdan umidini uzgan, kelajakka ishonmay qoʻygan elimizning qaddi va sindirilgan milliy gʻururi tiklanishi, yangi va erkin Oʻzbekistonga xos ongi shakllanishi, soʻngan ruhining koʻtarilishi, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar va tarixiy shaxslarga boʻlgan hurmat-eʼtibor qaytarilishi, deb qaralmoqda.

Bu saʼy-harakatlar chingiziylarning 150 yillik istibdodi davrida toptalgan gʻururimizni qayta koʻtargan Amir Temur bobomiz faoliyatiga mengzaladi.

Oʻzbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanish va yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tarixshunoslikda ham ajdodlarimiz oʻtmishini oʻrganish, unga toʻgʻri va xolis ilmiy baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yoʻl ochildi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulugʻ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor”.

Oʻtgan qisqa davr mobaynida obyektiv tariximizni yaratish yoʻlida koʻplab ilmiy tadqiqotlar qilindi. Qator muhim tarixiy qoʻlyozma manbalar nashr etildi. Natijada tarixchilar uchun yirik tadqiqotlar yaratish imkoniyatlari vujudga keldi. Xususan, ajdodlarimiz tarixining nomaʼlum qirralari va oʻqilmagan sahifalari hamda insoniyat oʻtmishida oʻziga xos oʻrin egallagan tarixiy shaxslar faoliyatini oʻrganish uchun zarur manbaviy asoslar yaratildi.

Hozirga qadar Oʻzbekistonda temurshunoslik mavzusiga oid bir necha bibliografik nashrlar amalga oshirilgan. Chunonchi:

Amir Temur va temuriylar haqida Misr kutubxonasida saqlanayotgan manba va qoʻllanmalar fihristi yaratildi;

“Amir Temur dunyo fani koʻzgusida” nomli bibliografik nashr xorijiy tillarda chop etildi;

jahon tarixshunosligida mustaqil temurshunoslik ilmiy yoʻnalishi shakllanganiga asoslanib, “Amir Temur jahon tarixida” nomli asar yaratildi;

“Amir Temur bibliografiyasi” hamda “Amir Temur saltanati tarixnavisligi” nomli bibliografik koʻrsatkichda Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida amal ga oshirilgan adabiyotlar jamlandi;

“Temuriylar davri Renessansi”, “Temuriylar davri yozma yodgorliklarining Oʻzbekistonda va xorijda oʻrganilishi”, “Oʻzbekiston tarixiga oid madaniy-maʼnaviy merosning xorijga tarqalishi va ularning vatanimiz tarixida tutgan oʻrni”, “Shohruhiya qalʼa shahri — Amir Temur va Temuriylar davrining noyob yodgorligi”, “Chet ellarda saqlanayotgan Temuriylar davri ashyolari katalogi”, “Oʻrta Osiyoda kitobat sanʼati tarixidan (Temuriylar davrida yaratilgan asarlarning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari)”, “Amir Temur va Temuriylar davridagi harbiy sanʼat” kabi mavzularda turkum asarlar chop etildi.

Amir Temur va Temuriylar davri tarixshunosligi boʻyicha Oʻzbekistonda qator salmoqli ishlar qilingan. Aksariyat tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, boshqa tarixiy davrni oʻrganishda adabiyotlar taqchilligi qiynasa, bu davr tadqiqotchisiga adabiyotlarning koʻpligi va turlicha munosabat qiyinchilik tugʻdiradi. Aynan shu jihat ham bibliografik tadqiqotlarga boʻlgan ehtiyojni yanada kuchaytiradi.

Keyingi yillarda Amir Temur shaxsi va davriga oid birmuncha manbalar tarjimasi, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar yaratildiki, ularni aniqlash, toʻplash va tizimlashtirish zaruriyati paydo boʻldi. Shu maqsadda yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan Oʻzbekiston va jahon miqyosida Amir Temur hayoti va faoliyatiga bagʻishlab nashr qilingan adabiyotlar jamlanib, izohlar bilan yangi “Amir Temur. Bibliografiya” toʻplamining birinchi kitobi chop etildi.

Ushbu bibliografik koʻrsatkichda:

birinchidan, yurtimizda Amir Temur xotirasini abadiylashtirishga bagʻishlangan rasmiy (qonun, farmon, qaror va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar) maʼlumotlar umumlashtirildi;

ikkinchidan, mavzuni yorituvchi monografiyalar, risolalar, dissertatsiyalar, yubileylarga bagʻishlangan albomlar, konferensiya materiallari, oʻquv qoʻllanmalar, respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan maqolalar jamlandi;

uchinchidan, xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, muzeylar va fondlardan oʻrin olgan adabiyotlardan ham imkon qadar foydalanildi.

Jumladan, turli tillarda nashr etilgan kitob va maqolalar imkon qadar jamlanib, muayyan tartibga solindi. Unga, xususan, oʻzbek tilidagi 2 248 ta, rus tilidagi 2 085 ta, ingliz tilidagi 655 ta, fransuz tilidagi 221 ta, arab tilidagi 29 ta, fors-tojik tilidagi 76 ta va turk tilidagi 296 ta nashr toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrin oldi.

Taʼkidlash joizki, kitob nihoyatda yuqori poligrafik darajada tayyorlangan.

Mazkur kitob mavzui davomlidir, yaʼni yildan-yilga yangi adabiyotlar, tadqiqotlar qoʻshilib boraveradi. Bu hol oʻz-oʻzidan kelgusida bu bibliografiyaning davomli nashrlari yaratilishiga zamin boʻladi. Ushbu bibliografik koʻrsatkich zamonaviy tarix fani uchun dolzarb hisoblanib, Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik faoliyatini oʻrganishda qulaylik va imkoniyat yaratib, kelgusi tadqiqotlarni yoʻnaltirishda amaliy ahamiyat kasb etadi. Kitob mualliflariga keyingi ishlarn

Turli tillarda nashr etilgan kitob va maqolalar imkon qadar jamlanib, muayyan tartibga solindi. Undan, xususan, oʻzbek tilidagi 2 ming 248 ta, rus tilidagi 2 ming 85 ta, ingliz tilidagi 655 ta, fransuz tilidagi 221 ta, arab tilidagi 29 ta, fors-tojik tilidagi 76 ta va turk tilidagi 296 ta nashr toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻrin oldi.

Akmal SAIDOV, akademik,
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 8 aprel, №70(326)

Check Also

“Imom Buxoriy va Sukarno”

Samarqandda Oʻzbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan shu nomdagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. 2023-yil yanvar …