Home / YANGILIKLAR / QADRIYATDAN DAVLAT SIYOSATIGAÇA

QADRIYATDAN DAVLAT SIYOSATIGAÇA

Inson uçun eʼtiqod — qalbga daxldor masala. Şuning uçun turli eʼtiqod vakillarining bir jamiyatda tinç-totuv yaşaşi faqat qonun yoki siyosat masalasi emas. Bu, avvalo, odamlarning bir-birini tuşunişi, hurmat qilişi va özgaça qaraşga ega insonni duşman emas, jamiyatning bir aʼzosi sifatida qabul qila olişi bilan boğliq.

Tarixga nazar taşlasak, bunday munosabat xalqimiz uçun mutlaqo yangi qadriyat emasligini köramiz. Movarounnahr asrlar davomida turli madaniyatlar, ilm-fan maktablari va diniy qaraşlar uçraşgan hududlardan biri bölgan. Bu zaminda savdo yöllari bilan birga ğoyalar, bilimlar va madaniyatlar ham tutaşgan. Turli qaraşlarning yonma-yon mavjudligi esa jamiyat hayotida özaro muloqot va bağrikenglik madaniyatining şakllanişiga taʼsir körsatgan.

Şu bois diniy bağrikenglikni faqat bugungi kunning siyosiy atamasi sifatida qabul qiliş töğri emas. Uning ildizlari xalqimizning tarixiy tajribasi, maʼnaviy qaraşlari va jamiyatdagi özaro munosabatlar madaniyati bilan çambarças boğliq.

Biroq tarixiy anʼananing özi yetarli emas. Har bir davr uni yangi mazmun bilan boyitişi kerak. Mustaqillik yillarida Özbekistonda aynan şu jarayon yuz berdi: diniy bağrikenglik va vijdon erkinligi umumiy maʼnaviy qadriyat darajasidan zamonaviy davlat siyosati va huquqiy kafolatlar tizimiga kötarildi.

Buning ahamiyatini oddiy bir misolda ham köriş mumkin. Bir jamiyatda turli eʼtiqod vakillari yaşar ekan, ularning har biri öz diniga amal qiliş, eʼtiqodiga köra yaşaş va boşqalarning huquqlariga hurmat bilan munosabatda böliş imkoniyatiga ega bölişi kerak. Ana şu muvozanat taʼminlangan joydagina ijtimoiy totuvlik barqaror böladi.

Vijdon erkinligi ham aynan şu nuqtada muhim ahamiyat kasb etadi. Insonning eʼtiqodi uning şaxsiy hayotiga daxldor bölgani kabi, boşqa insonning eʼtiqodiga hurmat bilan qaraş ham jamiyat madaniyatining muhim körsatkiçidir. Demak, bağrikenglik — “hamma bir xil fikrlaşi” degani emas. Aksinça, turliça fikr va eʼtiqodlarga ega insonlarning tinç va özaro hurmat asosida yaşay olişidir.

Asl mohiyatni soxta daʼvolardan ajrata biliş esa bugungi axborot muhitida ayniqsa muhim. Zero, bugun inson diniy maʼlumotni faqat masjid, kitob yoki ustozdan emas, internetdan ham olyapti. Bir qaraşda oddiy köringan videolavha, qisqa audio yoki ijtimoiy tarmoqdagi post ortida qanday maqsad turganini har doim ham anglab bölmaydi. Ayniqsa, diniy bilimi hali şakllanib ulgurmagan yoşlar uçun bu muhitda töğri manbani tanlaş oson emas.

Masalaning yana bir nozik tomoni şundaki, radikal ğoyalar köpinça özini oçiqdan-oçiq xavf sifatida namoyon qilmaydi. Ular baʼzan “haqiqat”, “adolat”, “sof din” kabi jozibali tuşunçalar niqobi ostida tarqalişi mumkin. Şuning uçun ularga qarşi kuraşning eng samarali yöllaridan biri — insonga töğri fikrlaş, manbani tekşiriş va axborotni tahlil qiliş könikmasini şakllantirişdir.

Şu maʼnoda, “Jaholatga qarşi — maʼrifat” tamoyilining ahamiyati tobora ortib boryapti. Çunki ilm va maʼrifat bor joyda inson har qanday daʼvoni kör-körona qabul qilmaydi. Savol beradi, manba qidiradi, soliştiradi va xulosa çiqaradi. Bu masala faqat yoşlar bilan boğliq emas. Axborot tezligi ortib borayotgan bugungi davrda har bir insonning diniy va axborot savodxonligi jamiyat barqarorligiga taʼsir körsatadi. Notöğri maʼlumot bir kişining qaraşini özgartirişi mumkin, ammo u ommaviy tus olsa, butun jamiyatda turli tuşunmovçilik va qarama-qarşiliklarni keltirib çiqarişi ehtimoldan xoli emas. Şu sababli diniy bağrikenglikni faqat turli konfessiyalar vakillarining bir-biriga munosabati bilan çeklab qöyiş ham töğri emas. U axborot madaniyati, taʼlim, oila tarbiyasi, yoşlar bilan işlaş va jamiyatda muloqot madaniyatini şakllantiriş bilan ham bevosita boğliq.

Özbekistonning bu boradagi yondaşuvi ham tobora kengayib, faqat içki hayot bilan çeklanib qolmayapti. Mamlakatimiz xalqaro maydonda ham diniy bağrikenglik, tinçlik va maʼrifat ğoyalarini ilgari surişga harakat qilmoqda. Samarqand, Buxoro, Toşkent kabi tarixiy şaharlarda ötkazilayotgan xalqaro anjumanlar, ilmiy muloqotlar va maʼrifiy tadbirlar ham bu jarayonning muhim körinişlaridir.

Bu taşabbuslarning ahamiyati şundaki, Özbekistonning tarixiy tajribasi bugungi dunyo ehtiyojlari bilan boğliq ekani ayon bölib boryapti. Yaʼni gap faqat “bizning tariximizda bağrikenglik bölgan” deb xitob qiliş bilan çeklanmasdan, şu tarixiy tajribadan bugungi dunyo uçun zarur bölgan tinçlik, özaro hurmat va madaniyatlararo muloqot ğoyalarini ilgari surişda foydalaniş istiqbollarini oçib beriş haqida ketyapti.

Ayniqsa, globallaşuv şaroitida bu masalaning ahamiyati yanada oşadi. Çunki bugun dunyoning bir burçagida sodir bölgan voqea bir neça daqiqa içida boşqa qitʼadagi insonning qaraşlariga taʼsir qilişi mumkin. Axborot çegara bilmay qöygan bir paytda bağrikenglik ham faqat bir davlatning içki qadriyati bölib qola olmaydi. U xalqaro muloqotning muhim asosiga aylanmoqda.

Bunday şaroitda Özbekistonning tarixiy-madaniy merosi ham katta imkoniyat beradi. Zero, bu zaminda ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat rivoji köp asrlar davomida turli hududlar va xalqlar örtasidagi muloqot bilan uyğun keçgan. Demak, bugungi tinçlik va bağrikenglik ğoyalarini ilgari surişda biz faqat zamonaviy siyosiy tajribaga emas, balki çuqur tarixiy xotiraga ham tayana olamiz.

Bugungi vazifa ham ana şu muvozanatni asraşdan iborat. Diniy bağrikenglikni qonun himoya qiladi, ammo uning hayotda qaror topişi insonlarning kundalik madaniyatiga boğliq. Qonun tartib örnatişi mumkin, ammo özaro hurmatni insonning özi şakllantiradi. Şuning uçun bu masalada davlat siyosati bilan bir qatorda oila, taʼlim muassasasi, mahalla va jamoatçilikning ham masʼuliyati katta.

Eng muhimi, biz yoş avlodga bağrikenglikni faqat tuşunça sifatida örgatmasligimiz kerak. Uni hayot tarzi sifatida körsatişimiz lozim. Boşqaça fikrlagan insonni eşita biliş, özga eʼtiqod vakiliga hurmat bilan munosabatda böliş, haqiqatni şov-şuvli daʼvolardan ajrata oliş — bugungi yoş uçun zarur fazilatlardir. Mustaqillik yillarida erişilgan eng muhim natijalardan biri ham şunda: diniy bağrikenglik jamiyat hayotida öz-özidan şakllanadigan oddiy munosabat emas, balki inson huquqlari, vijdon erkinligi, ijtimoiy totuvlik va davlat siyosatining muhim yönalişlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Ammo har qanday qadriyatning kelajagi uni keyingi avlodga qanday yetkazişimizga boğliq.

Şu bois bugungi maqsad faqat tinçlikni asraş emas, balki tinçlikning qadrini anglaydigan, turlilikdan xavf emas, xayr köra oladigan, dinni adovat emas, ezgulik va maʼrifat manbai sifatida anglaydigan avlodni tarbiyalaşdir.

Zero, diniy bağrikenglik — bir-birimizning farqlarimizni yöqotiş emas, şu farqlar bilan birga tinç va munosib yaşaş madaniyatini şakllantirişdir. Mustaqillik esa bizga ana şu madaniyatni tarixiy qadriyatdan zamonaviy davlat siyosati va jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylantiriş uçun keng imkoniyat berdi.

Endi bu imkoniyatni asraş, uning mazmunini çuqur anglaş va yoş avlodga yetkaziş — barçamizning umumiy vazifamizdir.

Jonibek JUMAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, PhD
Manba: «Jamiyat» gazetasi 2026-yil 12-noyabr, №45(1011)

Check Also

Yoşlarni axborot xurujlaridan himoya qiliş – davrning eng dolzarb talabi

Mirzo Uluğbek nomidagi Samarqand davlat texnika universitetida yoşlarni turli yot ğoyalar va axborot xurujlaridan himoya …