21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Ona tili – ajdodlar merosi, avlodlar iftixori” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov ishtirokchilarni barchamiz uchun qadrli boʻlgan shukuhi ayyom bilan tabriklab, ona tilini asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va kelajak avlodlarga sof holida yetkazish har bir vatandoshimizning muhim vazifasi ekanini taʼkidladi.
Tadbir davomida ona tilimizning milliy oʻzlik va maʼnaviy meros ifodasi sifatidagi ahamiyati, ajdodlar ilmiy merosida til va maʼrifatning oʻrni yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Taʼkidlanganidek, oʻzbek tili asrlar davomida shakllangan boy adabiy va ilmiy anʼanalarga ega boʻlib, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk mutafakkirlar oʻz ijodi orqali uning yuksak badiiy va maʼnaviy imkoniyatlarini namoyon etgan. Ayniqsa, Alisher Navoiyning boy adabiy merosi turkiy tilning keng imkoniyatlarini ochib berishda beqiyos oʻrin tutadi.

Shuningdek, davlat tiliga hurmat uning meʼyorlariga rioya qilish, soʻz boyligidan oʻrinli foydalanish, nafaqat rasmiy va ilmiy muloqotda, balki kundalik har qanday jabhada til madaniyatini saqlash, oʻzbek tilining nufuzini oshirish, uni zamonaviy ilm-fan va axborot texnologiyalari sohalarida keng qoʻllash bilan uzviy bogʻliq ekani qayd etildi.
Markazda bu sanaga alohida eʼtibor berilishi bejiz emas. Zero, tarixiy manbalarni oʻrganish, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazishda tilning, undagi soflikni saqlashning oʻrni beqiyosdir. Ilmiy fikrni aniq va ravon ifoda etish, manbalar mazmunini toʻgʻri talqin qilishda til bilimi va til madaniyati muhim ahamiyatga ega.

Tadbir yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, ona tilini asrab-avaylash, uning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish va yosh avlodda tilga hurmat tuygʻusini mustahkamlash muhim vazifalardan ekanini taʼkidladi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ishtirokchilarda ona tiliga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va ajdodlar merosiga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




