Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda Turkiyaning Marmara universiteti hamkorligida “Tasavvuf: Oʻtmish, bugun va kelajak” turkumida navbatdagi onlayn ilmiy seminar oʻtkazildi.

Unda ikki markaz, shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti, Til va adabiyot instituti, Qoraqalpogʻiston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, Buxoro davlat texnika universiteti, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi kabi nufuzli muassasalardan qirqqa yaqin tadqiqotchi va tinglovchi ishtirok etdi.
Seminarda Turkiyaning Izmir shahridagi Doʻquz eylul universiteti professori, doktor Sulaymon Goʻkbulut “Kubroviya shayxi Sayfiddin Boxarziy va uning Buxorodagi faoliyati” mavzusida maʼruza qildi.

Kubroviya tariqatining XIII asr (1190-1260)da Markaziy Osiyoda yashab ijod qilgan yirik namoyandasi Sayfiddin Boxarziyning murakkab kechinmalarga toʻla hayoti va rang-barang ilmiy merosi oʻta tadqiqottalab mavzudir. Turkiyalik olim bu ulugʻ shayxning Buxorodagi faoliyati, u asos solgan madrasaning mintaqa ilmiy-maʼrifiy hayotidagi oʻrni, Boxarziyning moʻgʻul hukmdorlari, jumladan, Berkaxon bilan oʻzaro munosabatlari haqida batafsil soʻzladi.
Yaxshi maʼlumki, Chingizxonning nabirasi (Joʻjixonning uchinchi oʻgʻli) boʻlgan, 1257-1266-yillari moʻgʻullar imperiyasining gʻarbiy mulki boʻlmish Oltin Oʻrda (Joʻji ulusi)ga xonlik qilgan Berkaxon chingiziy hukmdorlar orasida birinchi boʻlib islomga kirgani va uni davlat dini sifatida joriy etgani bilan tanilgan siyosiy va harbiy arbobdir. Bunga esa shayx Boxarziyning taʼsiri asosiy sabab boʻlgan. Bu voqea butun islom dunyosi va moʻgʻullar saltanati tarixini tubdan oʻzgartirib yuborgan.

Shuningdek, maʼruzada allomaning boy ilmiy merosi, jumladan, hadis va tasavvuf ilmiga oid asarlari sharhlandi. Uning farzandlari orqali Onadoʻli mutasavviflari, xususan, Koʻnya shahrida Mavlono Rumiy bilan tarixiy aloqalari ilmiy manbalar asosida ochib berildi.
Seminar davomida bugungi kunda yosh avlodga diniy va maʼnaviy bilimlarni yetkazishda uchrayotgan muammolar, jumladan, zamonaviy texnologiyalarning taʼsiri, ishonch masalalari va siyosiy jarayonlarning maʼnaviy amaliyotlarga koʻrsatayotgan taʼsiri yuzasidan qizgʻin fikr almashildi. Islom va tasavvufning asl mohiyati insonlarni maʼnaviy barkamollikka yetaklash, jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlashdan iborat ekani alohida taʼkidlandi.

Qizgʻin bahs-munozaralar va savol-javoblarga boy boʻlgan xalqaro onlayn seminar ishtirokchilarda katta taassurot uygʻotdi va bunday ilmiy loyihalar kelgusida izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




