Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) ilmiy xodimlari Mohd Shahir ibn Hoshim va Muhammad Uzair ibn Izham, shuningdek, Bursadagi Uludagʻ universitetining qirgʻizistonlik doktoranti Madinabonu Moidinova Buxoro shahrida ilmiy-tadqiqot safarida boʻldi.

Izlanishlar uchun zarur manbalar bilan yaqindan tanishish, yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosini oʻrganish va ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manbalarni joyida tadqiq etish maqsadida tashkil etilgan safar davomida xorijlik tadqiqotchilar Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasining qoʻlyozmalar fondida boʻlib, har biri oʻzi tanlagan mavzuga aloqador manbalarni koʻzdan kechirish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, stipendiatlar Mir Arab madrasasi, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi va Buxoroning boshqa tarixiy obidalarini ziyorat qildi.

Osori atiqalar bilan tanishuv jarayonida izlanuvchilarga ularning tarixi, meʼmoriy xususiyatlari va maʼnaviy merosimizdagi oʻrni haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Ularga bu jarayonda muzey-qoʻriqxona ilmiy xodimlari Axtam Ahmedov va Oʻktamali Ravshanov hamrohlik qilib, tarixiy qadamjolar haqida batafsil tushunchalar berdi.

Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida esa direktor oʻrinbosari Muhammadjon Atoyev tadqiqotchilarni ushbu muassasa faoliyati, amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar va nashr etilayotgan kitoblar bilan tanishtirdi. Shuningdek, ziyoratgoh tarixi va uning islom maʼnaviyatidagi ahamiyati haqida soʻzlab berdi.

Mazkur ilmiy safar xorijlik tadqiqotchilarning Oʻzbekiston tarixiy-ilmiy merosi haqidagi bilimlarini boyitish, noyob manbalarni bevosita oʻrganish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga keng yoʻl ochdi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




