Home / FOTO LAVHALAR / Oʻzbekiston tajribasi xalqaro ilmiy hamjamiyat eʼtiborida

Oʻzbekiston tajribasi xalqaro ilmiy hamjamiyat eʼtiborida

Bulgʻor islom akademiyasida “Rossiya va MDH mamlakatlarida akademik islom ilohiyotshunosligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov Oʻzbekistonda davlat va din munosabatlari hamda diniy taʼlimni huquqiy tartibga solish masalalariga bagʻishlangan maʼruza bilan qatnashdi.

Tadqiqotchimizning soʻzida Oʻzbekistonda diniy taʼlim tizimini takomillashtirish, anʼanaviy islomiy bilimlarni zamonaviy akademik yondashuvlar, ilmiy tadqiqotlar va kasbiy tayyorgarlik talablari bilan uygʻunlashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, qatnashchilarga Oʻzbekistonda islom taʼlimini rivojlantirish bilan bir qatorda, sohaning infratuzilmasini mustahkamlash, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, teologiya va islomshunoslikni akademik yoʻnalishlar sifatida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning davlat va din munosabatlarini huquqiy tartibga solish hamda diniy taʼlimni rivojlantirish borasidagi tajribasi nafaqat mahalliy, balki Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari ilmiy jamoatchiligida ham qiziqish uygʻotadi. Turli mamlakatlarda davlat bilan diniy konfessiyalar oʻrtasidagi munosabatlar modellarini qiyosiy oʻrganish tarixiy va madaniy xususiyatlarni inobatga olgan holda, sohadagi dolzarb muammolarga samarali huquqiy yechimlar topishga xizmat qilishi qayd etildi.

Konferensiya doirasida Rossiyada ilohiyotshunoslik sohasining rivojlanish bosqichlariga bagʻishlangan davra suhbati ham oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar akademik teologiyaning shakllanishi va taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashdi.

Tashrif davomida Bayozxon Mahmudov Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi olimlari bilan birga Bulgʻor islom akademiyasi rektori boshchiligidagi professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuvda ham ishtirok etdi. Muloqot asnosida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro tajriba almashish, islomshunoslik va teologiya yoʻnalishlaridagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

MARKAZ ILMIY XODIMI – QOZOGʻISTONDAGI NUFUZLI XALQARO ANJUMANDA

Qozogʻiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi va Fanlar akademiyasining Ramazon Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti tashkil etilganligining …