Home / MAQOLALAR / “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” HADIS TOʻPLAMINING ASL NUSXASI HAQIDA ULAMOLAR FIKRLARI

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” HADIS TOʻPLAMINING ASL NUSXASI HAQIDA ULAMOLAR FIKRLARI

Movarounnahr diyoridan jahon sivilizatsiyasi va islom tamadduni rivojiga katta hissa qoʻshgan mufassir, muhaddis, mutakallim va faqih allomalar yetishib chiqqan. Manbalarda keltirilishicha, birgina hadis ilmi boʻyicha uch mingdan ziyod muhaddis yurtimizda faoliyat olib borgan. Islom olamida hadis ilmi ustozlari sanalgan Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Abdulhamid Keshiy, Haysam Shoshiy va Muhammad ibn Hibbon kabi muhaddislarning buyuk xizmatlari tufayli bu oʻlka “Buyuk muhaddislar yurti” deb eʼtirof etilgan va ularning noyob asarlari keng oʻrganilgan.

Bu zamindan yetishib chiqqan buyuk ulamolardan hadis ilmi sohasida eng mashhurlaridan biri, shubhasiz, Imom Buxoriydir. Alloma oʻzining nodir zehni, ijtihodi, aql bovar qilmas xotirasi, noyob isteʼdodi bilan oʻz zamonasida ham, keyingi davrlarda ham katta hurmatga sazovor boʻlgan. Islom dunyosida muhaddislar sultoni deya shuhrat topgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi davrlar osha oʻz qadru qiymatini yoʻqotmay, katta qiziqish bilan mutolaa qilinib, tadqiq etib kelinmoqda.

Maʼlumki, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh (194-256/810-870) qirq yil mobaynida ilmiy safarda boʻlib, ijodiy faoliyati davomida yigirmadan ziyod asar yozgan. Uning ilmiy merosi hajmi, zamonasining ijtimoiy-maʼnaviy ilmlarini toʻla-toʻkis qamrab olgani bilan kishini hayratga soladi. Imom Buxoriyning juda yosh paytidayoq kitob yozishni boshlagani va ilmning bir necha yoʻnalishlarida koʻplab kitob yozgani maʼlum.

“Al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) Imom Buxoriyning shoh asari  hisoblanib, u oʻn olti yil mobaynida yozilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari bugungi kunda dunyoning mashhur kutubxonalarida saqlanmoqda. Qolaversa, bu toʻplamning asl nusxasi haqida baʼzi ulamo va tadqiqotchilar izlanish olib borib, oʻz fikr-mulohazalarini bayon etgan. Bugungi kunda bu toʻplam oʻzbekchaga tarjima qilingan.

“Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamining qoʻlyozma nusxalari dunyoning koʻplab mashhur kutubxonalarida saqlanishidan ham asarning qiymati nechogʻlik yuksak ekanini anglab olish mumkin. Imom Buxoriyning bu asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanaladi. “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplami xorijlik olimlar tomonidan mukammal oʻrganilgan va bu haqda kitob, risola va bahslar yozilgan. Asar yurtimizda ham oʻrganilgan, ammo uni mukammal deb boʻlmaydi. Bu toʻplamni oʻrganish, tadqiq qilish, u haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni xalqimizga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri sanaladi.

Manbalarda “Al-Jomeʼ as-sahih”ga oid maʼlumotlar turlicha keltirilgan. Baʼzi manbalarda toʻplamning qoʻlyozma nusxalari va dunyodagi mashhur kutubxonalarda saqlanishi bayon etilgan boʻlsa, boshqalarida sharh, hoshiya va tarjimalariga urgʻu berilgan. Hoji Xalifa (vaf. 1068/1657)ning “Kashfuz zunnun” asarida “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamiga bagʻishlab yozilgan sharhlar bayon etilgan. Shamsiddin Zahabiy (vaf. 748/1347) “Tarixul islom”da “Al-Jomeʼ as-sahih” asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba ekaniga eʼtibor qaratgan. Turkiyalik olim doktor Fuad Sezgin (1342-1439/1964-2018) “Tarixi turosil arabiy” (“Arabiy meroslar tarixi”) asarida “Al-Jomeʼ as-sahih”ga bagʻishlab yozilgan sharh, muxtasar hamda qoʻlyozma nusxalari va ular saqlanayotgan kutubxonalar haqida maʼlumot bergan. Koʻplab ulamo va tadqiqotchilar bu toʻplamning asl nusxasi haqida izlanish olib borib, oʻz fikr-mulohazalarini bayon etgan.

Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih” toʻplamini yozib, uni hadis oʻrganuvchi koʻplab shogirdlariga oʻqib va rivoyat qilib bergan. “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Buxoriyning oʻzidan juda koʻp tolibi ilm eshitgan. Bu haqda Imom Buxoriyning eng mashhur shogirdlaridan biri Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy (231-320/846-932): “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobini muallifning oʻzidan men bilan birga toʻqson mingga yaqin kishi eshitgan. Bu kitobni Imom Buxoriyning oʻzidan rivoyat qiladigan mendan boshqa biror kishi qolmadi”, deb aytadi [6:28]. Haqiqatan, “Al-Jomeʼ as-sahih” nusxalari orasida Imom Firabriy rivoyati juda mashhur boʻlib ketgan. Buning sababi uning uzoq umr koʻrgani va kitobining nusxasi toʻliq boʻlganidir.

“Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitadigan tolibi ilmlarning baʼzilari eshitish va ogʻzaki naql bilan kifoyalanib qolmasdi, balki ustozidan eshitgan hadislarni yozib borardi. Shu bois, ularning qoʻlida Imom Buxoriy huzurida yodlagan ogʻzaki nusxalariga muvofiq keladigan “Al-Jomeʼ as-sahih”ning qoʻlyozma nusxalari ham paydo boʻlardi. 

Ular Imom Buxoriydan eshitib yozib olgan narsalari bilan kifoyalanib qolmasdan, oʻzlari yozib olgan nusxalarini oʻta diqqat bilan ustozining nusxasiga solishtirib koʻrardi hamda uchragan xato va kamchiliklarni toʻgʻrilab olardi. Imom Buxoriyning qoʻlidagi asl nusxaga muvofiq boʻlgan nusxalar tugaganidan keyin, oʻzlarining nusxalariga tugagan vaqtini va ustozining nusxasi bilan solishtirilganini yozib qoʻyardi. Shu sababli, bizning qoʻlimizda “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasiga muvofiq keladigan bir nechta nusxalar paydo boʻlgan. Bu esa Imom Buxoriyning hayotlik chogʻidayoq roʻy bergan.

Imom Buxoriy shogirdlaridan bugungi kunimizgacha ismi va nusxalari mashhur boʻlganlari – Muhammad ibn Yusuf Firabriy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy, Hammod ibn Shokir Nasafiy, Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviy va Abu Abdulloh Muhomiliydir.

Qolaversa, ulardan “Al-Jomeʼ as-sahih”ni eshitgan va taʼlim olgan, son-sanoqsiz tolibi ilmlar paydo boʻldi. Ular ham qoʻlidagi nusxalarni oldingi talabalar nusxalariga solishtirib koʻrardi. Hatto, nusxalar koʻpligi va rivoyatlarning aniq sanad bilan bogʻlangani uchun “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Buxoriyga nisbat berish mutavotir darajasiga yetdi. 

“Al-Jomeʼ as-sahih”ning rivoyati va tadvini dastlab yozilgan kunidan boshlab bugungi kunimizgacha odamlar orasida mutavotir shakl bilan naql qilingan. Ulamolar va oddiy odamlar bu kitobni rivoyat qilish, oʻrganish, taʼlim olish va tushunishga harakat qilgan. “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasidan koʻchirilgan nusxalarning koʻpligi ham buni isbotlaydi.

 “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasi Imom Buxoriy vafotidan keyin shogirdi Abu Abdulloh Firabriy qoʻlida qolgan. “Al-Jomeʼ as-sahih”ning rivoyati Abu Abdulloh Firabriy orqali mashhur boʻlgan. Undan “Al-Jomeʼ as-sahih”ni juda koʻp sonli shogirdlari taʼlim olgan. Ulardan yetti yoki toʻqqiztasi mashhur boʻlgan. Firabriydan taʼlim olgan shogirdlari  “Al-Jomeʼ as-sahih” matnini ustozining qoʻlidagi asl nusxadan koʻchirib olgan. Ular Abu Isʼhoq Mustamliy, Abu Muhammad Hammuvayh, Abu Haysam Kushmihaniy, Abu Zayd Marvaziy va boshqalar [5:287]. Birorta tahqiqchi va ahli ilm ular yozgan nusxalarga shak-shubha qilmagan va eʼtiroz bildirmagan.

Har qanday aqlli odam bu ummat sanadi muallifiga bogʻlanmagan birorta kitobni qabul qilmasligini biladi. Ummat ijmosi kuchli sharʼiy dalillardan sanaladi.

Manbalarda bu asarning yozilishiga Imom Buxoriyning ustozi Isʼhoq ibn Rohavayhning soʻzlari sabab boʻlgan, deb koʻrsatilgan. Xususan, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf.854/1450)dan bunday rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriy: “Isʼhoq ibn Rohavayh bir kuni: “Qaniydi sizlardan biringiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini toʻplab, bir asar taʼlif etsangiz”, dedi. Mana shu soʻz mening qalbimga qattiq oʻrnashib qoldi. Natijada “Al-Jomeʼ as-sahih”ni jamlashga kirishdim”, deb aytadi” [4:7].

Turkiyalik olim doktor Fuad Sezgin baʼzi rivoyatlardan “Tarixi turosil arabiy” kitobida Imom Buxoriy rahimahulloh “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini vafotidan 23 yil oldin yozib tugatganini aytadi. Imom Buxoriy “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini 16 yil davomida yozganini zikr qilgan. Uni taxminan 217/832-yili boshlab, 233/848-yilda tugatgan [2:16-17].

Shamsiddin Zahabiy (vaf. 748/1347) “Tarixul islom” kitobida: “Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asari Qurʼoni karimdan keyingi eng ulugʻ va afzal kitob boʻlib, hozirgi kunda odamlar uchun eng oliy sanaddir”, deb yozgan [8:274].

Ibn Rushayd Sabtiy aytadi: “Bugun mashriq va magʻribda “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitishda sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan yoʻl Abu Abdulloh Firabriy yoʻlidir. Uning rivoyati komilligi, muallifga yaqinligi va roviylarining mashhurligi uchun insonlar unga suyanadi. Uning qoʻlida “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobining asl nusxasi boʻlgan va undan Abu Abdulloh Firabriy shogirdlari koʻchirib olgan. Bu esa Abu Abdulloh Firabriyni qoʻllab-quvvatlaydigan hujjat va uning toʻgʻriligiga guvohdir. Soʻng “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi Abu Abdulloh Firabriydan mutavotir yoʻl bilan naql qilingan. Musulmonlar buni mahkam ushlagan va unga ijmo bogʻlangan. Natijada hujjat aniq boʻlgan” [1:18-19].

Bu haqda Ibn Hajar Asqaloniy (vaf.852/1448): “Bu asrda va bundan oldingi asrlarda “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitishda sanadi bogʻlangan rivoyat Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriyning rivoyatidir”, degan [7:491-492].

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Abu Abdulloh Firabriy nusxasining turli xil shaharlarda shogirdlari tomonidan koʻchirib yozilgan oʻn toʻrtta nusxasi bor. Bu nusxalar ustozi Abu Abdulloh Firabriy nusxasiga muvofiq. Firabriy nusxasi esa ustozi Imom Buxoriy nusxasiga muvofiq. Abu Abdulloh Firabriy shogirdlarining har biridan juda koʻplab odam rivoyat qilgan. Shu darajada koʻpki, rivoyat qilishda ularning yolgʻonga toʻplanishi va kelishib olishi mumkin emas. Abu Abdulloh Firabriyning oʻzida ham xuddi shunday holat. “Al-Jomeʼ as-sahih”ning Firabriydan boshqa roviylari haqida ham xuddi boʻlgan.

“Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Firabriydan juda koʻplab siqa (ishonchli) roviylar jamoasi rivoyat qilgan. Ularning eng mashhurlari quyidagilar: Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy (vaf.376/986), Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuvayh (vaf.381/991), Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy (vaf.389/999), Abu Ali Muhammad ibn Umar Shabbaviy, Ibn Sakan Said ibn Usmon Bazzoz (vaf.353/964), Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy (301-371/913-981) va Abu Ahmad Muhammad ibn Muhammad Jurjoniy (vaf.373/983)dir.

Abu Valid Bojiy aytadi: Hofiz Abu Zar Abdurahmon ibn Ahmad Haraviy bizga Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliydan rivoyat qiladi. Abu Isʼhoq Mustamliy: “Men “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini Muhammad ibn Yusuf Firabriyning oldidagi asl nusxadan koʻchirib oldim. Shunda uni hali toʻliq boʻlmaganini koʻrdim. Kitobda koʻplab yozilmagan boʻsh joylar bor edi. Orqasida biror narsa yozilmagan tarjimayi hollar va tarjimayi hollari yozilmagan hadislar bor edi. Shunda baʼzisini baʼzisiga qoʻshib qoʻydik”, degan [5:287].

Ibn Rushayd ham oʻzining “Ifodatun nosih fit-taʼrif bi-sanad al-Jomeʼ as-sahih” nomli kitobida: “Abu Isʼhoq oʻzining kitobini “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobining asl nusxasidan naql qilgan”, deb aytadi [1: 25]. Abu Zar Haraviy “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Ahmad Mustamliy, Abu Haysam Muhammad ibn Makkiy Kushmihaniy va Saraxsning xatibi Abdulloh ibn Ahmad Hammuvayhdan rivoyat qilgan. Uning rivoyati rivoyatlar orasida eng kuchlisiga aylangan. Bunga Abu Zar Haraviy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni rivoyat qilgan ustozlari orasida Abu Isʼhoq Mustamliyning borligi kifoya qiladi. Haqiqatda, Abu Isʼhoq Mustamliy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni oʻzi uchun “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasidan koʻchirib olgan.

“Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasi oradagi muddat uzoq boʻlib ketgani uchun  bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Ulamolar taʼlim olgan baʼzi kitoblarning asl nusxasi bugungi kungacha yetib kelmagan. Bu esa hech narsani oʻzgartirmaydi.

Qadimgi kitoblarning koʻpchiligida shunga oʻxshash holat mavjud. Ibn Isʼhoq (vaf.151/768)ning “As-siyra an-Nabaviya” kitobi va Imom Sibavayh (vaf.180/796)ning “Nahv” kitobi bunga misol boʻla oladi. Koʻpchilik insonlar ulamolar qadimgi kitoblarni bugungi kungacha eshitish va ijoza orqali rivoyat qilganini bilmaydi. Tolibi ilmlar bu kitoblarni muallifiga bogʻlangan sanadlar bilan rivoyat qilgan.

Shuningdek, oradagi muddat juda uzoq boʻlgani uchun “Al-Jomeʼ as-sahih”ning Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasining yoʻqligi hech narsani oʻzgartirmaydi. Chunki u kishining shogirdlari oʻsha asl nusxadan koʻplab nusxalarni koʻchirib olgan. Soʻng ulardan keyingi shogirdlari ham asl nusxaga muvofiq boʻlgan koʻplab nusxalarni koʻchirib olgan. Shu sababli, “Al-Jomeʼ as-sahih” nusxalari Yer yuziga keng tarqalib ketgan. Chunki har bir asrda yashagan roviylar “Al-Jomeʼ as-sahih”ni yozib olib, uni sahih nusxalari bilan solishtirib koʻrardi. Soʻng ustozlaridan Imom Buxoriyning oʻziga bogʻlangan sanad bilan rivoyat qilardi.

Shuning uchun “Al-Jomeʼ as-sahih”ning Imom Buxoriy oʻz qoʻli bilan yozgan asl nusxasi yoʻqolib ketgan boʻlsa ham, “Al-Jomeʼ as-sahih”ning hozirgi nusxalari oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Chunki “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi Imom Buxoriy shogirdlari orasida tarqalib ketgan va har birining sanadi Imom Buxoriyga bogʻlangan nusxalari koʻpayib ketgan. Unga bir necha sharhlar yozilgan. Allohning fazli va karami bilan barcha nusxalari bir xil boʻlgan.

Bu sharhlardan va “Al-Jomeʼ as-sahih”ning eʼtibor qilish lozim boʻlgan nusxalaridan biri Imom Xattobiy (319/931-388/998)ning “Aʼlomul hadis” deb nomlangan sharhidir. Bu kitob Imom Buxoriy zamoniga eng yaqin boʻlgan sharhdir. Imom Buxoriyning 256/870-yilda vafot etganini bilamiz. Demak, Imom Xattobiy “Al-Jomeʼ as-sahih”ni ustozlari orqali Imom Buxoriydan rivoyat qilgan roviylarni koʻrgan.

Imom Buxoriyning mashhur shogirdi Firabriy nusxasi mashhur boʻlib, undan naql qilish keng tarqalgan. Faqat shu nusxadan naql qilish bilan cheklanib qolmagan. “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi bundan boshqa yoʻldan ham naql qilingan. Bu Imom Xattobiy yoʻlidir. U “Al-Jomeʼ as-sahih”ga yozilgan “Aʼlomul hadis” nomli sharhida: “Men kitobning koʻproq qismini Xalf ibn Muhammad Xiyomdan, u Imom Buxoriyning oʻzidan “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobini eshitgan shogirdi Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy (vaf.295/907)dan, yaʼni Firabriy yoʻlidan boshqa yoʻl bilan eshitdim”, degan.

“Al-Jomeʼ as-sahih”ning eng qadimgi qoʻlyozmasi hijriy IV asrlarga borib taqaladi. Yaʼni Imom Buxoriy vafotidan bir necha oʻn yillar keyin. Bu Imom Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy nusxasidir. U “Al-Jomeʼ as-sahih”ni 318/930-yilda ustozi Abu Abdulloh Firabriydan eshitgan. Abu Abdulloh Firabriy esa “Al-Jomeʼ as-sahih”ni 252/866-yilda Imom Buxoriyning oʻzidan eshitgan.

Har bir avlod va har bir tabaqaning qoʻlida “Al-Jomeʼ as-sahih”ni naql qilingan nusxalari boʻlgan. Roviylarning barchasi bu kitobni oʻzidan oldingi ustozlaridan, ularning qoʻlidagi nusxalarga muvofiq holda rivoyat qilgan. Imom Abu Zar Haraviy (vaf.434/1042) va Karima Marvaziya (vaf.463/1070)ning nusxasi sanadi Abu Abdulloh Firabriyga bogʻlangan mashhur rivoyatlardan hisoblanadi.

Doktor Fuad Sezgin “Tarixi turosil arabiy” asarining “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozma nusxalari boʻlimida quyidagilarni keltiradi: “Al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozma nusxalari arab olamidagi deyarli barcha kutubxonalarda uchraydi. Nusxalar orasida biz bilgan eng qadimiy qoʻlyozma – 370-390/980-999-yillarda Marvaziy rivoyatiga koʻra koʻchirilgan “Minjana” nusxasi ham bor. Mazkur nusxa 1936-yil Kembrij universitetiga olib ketilgan” [3:228].

“Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi bizning zamonamizgacha sahih holda yetib kelganiga aqliy dalillardan biri, buzgʻunchi va yolgʻon ahllari “Al-Jomeʼ as-sahih”ga biror narsani ziyoda qilishdan noumid boʻlganidir. Agar “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi oʻzining muallifiga yolgʻondan nisbat berilganda, albatta, sahih boʻlmagan hadislarni unga kirgizish mumkin boʻlardi. Bunday holat aslo uchramagan. Bu esa “Al-Jomeʼ as-sahih”ni Imom Buxoriyga nisbat berish toʻgʻriligini isbotlaydi. 

Imom Buxoriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda oʻzidan boshqa hadis imomlaridan yolgʻizlanib qolmagan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar oʻnlab Sunan, Moʻjam, Musnad kitoblarida va hadis juzlarida mavjud. “Al-Jomeʼ as-sahih”dagi har bir hadisning turli hadis kitoblarida oʻnlab rivoyatlari bor. Bu esa “Al-Jomeʼ as-sahih”dagi hadislar haqida shak-shubha qiluvchi kishining shak-shubhasini ketkazadi.

Muhammad Fuad Abdulboqi “Al-luʼluʼ val-marjon fiy-ma ittafaqo alayhi ash-Shayxon” kitobida bunday degan: “Imom Muslim “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobida rivoyat qilingan 1906 ta hadisda Imom Buxoriy bilan ittifoq boʻlgan”. Har bir odam Musnad, Jomeʼ, Sunan va boshqa hadis kitoblarini koʻzdan kechiradigan boʻlsa, u yerda “Al-Jomeʼ as-sahih”da kelgan koʻplab hadislarni koʻradi. “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobidagi hadislar bulardan boshqa hadis kitoblarida ham uchraydi. 

“Al-Jomeʼ as-sahih”dagi hadislarni “Mustaxraj” nomli boshqa hadis kitoblarida ham topamiz. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar “Mustaxraj” nomli kitoblarda Imom Buxoriyning nomi zikr qilinmagan sanadlar bilan keltirilgan. Bu hadislar Imom Buxoriyning ustozlaridan yoki ustozlarining ustozlaridan rivoyat qilingan. Bu esa Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobidagi hadislarni quvvatlaydi. Chunki bu hadislar Imom Buxoriyning yoʻlidan boshqa yoʻldagi turli sanadlar bilan ham rivoyat qilingan.

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan quyidagicha xulosa qilish mumkin:

  • Imom Buxoriy hadis ilmida moʻminlar amiri boʻlishi bilan birga, boshqa ilmlarni ham mukammal egallagan. U islom ilmlarining deyarli har bir sohasiga oid kitob yozgan. Afsuski, ayrim asarlari bizgacha yetib kelmagan. Hozirgi kunga qadar yetib kelgan asarlarining qoʻlyozma nusxalari jahonning koʻplab kutubxonalarida saqlanmoqda;
  • “Al-Jomeʼ as-sahih”ning asl nusxasi oradagi muddat uzoq boʻlib ketgani uchun bugungi kunimizgacha yetib kelmagan. Ulamolar taʼlim olgan baʼzi kitoblarning asl nusxasi bugungi kungacha yetib kelmagan. Bu esa hech narsani oʻzgartirmaydi;
  • “Al-Jomeʼ as-sahih” kitobi bizning zamonamizgacha sahih holda yetib kelganiga aqliy dalillardan biri, buzgʻunchi va yolgʻon ahllari bu toʻplamga biror narsani ziyoda qilishdan noumid boʻlganidir;
  • Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar oʻnlab Sunan, Moʻjam, Musnad kitoblari va hadis toʻplamlarida mavjud. “Al-Jomeʼ as-sahih”dagi har bir hadisning turli xil hadis kitoblarida oʻnlab rivoyatlari bor. Bu esa “Al-Jomeʼ as-sahih”dagi hadislar haqida shak-shubha qiluvchining shak-shubhasini ketkazadi. 
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  • Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Muhammad ibn Rushayd Sabtiy Fihriy Andalusiy. Ifodatun nosih fit-taʼrif bi-sanad al-Jomeʼ as-sahih. – Tunis: Ad-dor at-Tunisiya.
  • Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy. Shamoili Buxoriy. Abu Muoviya Bayrutiy tahqiqi. Abduvosi Shonazarov tarjimasi. – Samarqand: “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” nashriyoti, 2023.
  • Doktor Fuad Sezgin. Tarixi turosil arabiy. – Saudiya Arabistoni: Imom Muhammad ibn Saud universiteti. 1. 1411/1991.
  • Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul boriy. – Bayrut. Dorul maʼrifa, 1959.
  • Imom Abu Valid Sulaymon ibn Xalaf ibn Saʼd ibn Ayyub Bojiy. At-taʼdil vat-tajriyh: 3 jildli. – Magʻrib: Vizoratul avqof vash shuʼunil islomiya, 2010.
  • Ismoil ibn Umar ibn Kasir. Ustozlar jamoasining tahqiqi. Al-bidoya van nihoya: 15 jildli. J.11. – Bayrut: Dorul kutubul ilmiya, 1407/1986.
  • Hofiz Ahmad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Hadyus soriy muqaddimatu Fathil boriy: 2 jildli. J.1 – Ar-Riyod: Doru Toyba, 1426/2005.
  • Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Tarixul islom va vafoyotil mashayir val aʼlom. J.2. – Bayrut: Dorul kitobil arabiy, 1990.
Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

KASB-HUNARNI MUKAMMAL EGALLASH – FAROVON HAYOT VA YUKSAK MAʼNAVIYAT GAROVI

Har qanday kasbni mukammal egallash uchun insonda qator muhim fazilat va koʻnikmalar shakllangan boʻlishi zarur …