Home / FOTO LAVHALAR / Markaz olimlaridan xalqaro simpoziumga ilmiy hissa

Markaz olimlaridan xalqaro simpoziumga ilmiy hissa

Qozogʻistonning Turkiston shahrida joylashgan Ahmad Yassaviy nomidagi Qozogʻiston-Turkiya universitetida «Movarounnahrdan Onadoʻligacha turkiy islom tafakkuri: Bilim va hikmat tegrasidagi Turkiston» mavzusida III xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi.

Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozogʻiston-Turkiya universiteti va Hadis tarixi jamiyati hamkorligida tashkil etilgan anjuman Markaziy Osiyoda ilmiy-maʼnaviy aloqalarni yanada mustahkamlash, mintaqadan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini chuqur oʻrganish va ularning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari simpoziumda faol ishtirok etib, allomalar merosi, hadis ilmi, fiqh va tasavvuf tarixiga oid ilmiy izlanishlarini taqdim etdi.

Tadbirda bevosita qatnashgan Shukurillo Umarov “Markaziy Osiyoga Islom dinining kirib kelishida buyuk sahobalarning xizmati” mavzusida maʼruza qildi. Uning nutqida Movarounnahrda islom maʼrifatining yoyilishida Qusam ibn Abbos kabi sahobalarning oʻrni va ushbu jarayonning uch bosqichli tarixiy konsepsiyasi yoritib berildi

Ravshan Elmurodov «Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari tahlili» mavzusidagi maʼruzasida allomaning ilmiy merosi, asarning mazmun-mohiyati va uning Movarounnahrda kalom ilmi rivojini oʻrganishdagi ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.

Simpozium doirasida Markazning qator ilmiy xodimlari onlayn formatda ishtirok etdi. Jumladan, Mehrojiddin Amonov «Zarafshon vohasidagi tasavvuf tarixida irshodnomalar tahlili» mavzusida maʼruza qildi. Uning nutqida murshidlar (pirlar) shogirdlar (muridlar)ga beradigan toʻgʻri yoʻl, nafs tarbiyasi va ruhiy kamolotga erishish qoidalari bayon etilgan qoʻllanma yo nasihatnomalar – irshodnomalarning tasavvuf tarixi va manbashunoslikdagi oʻrni, tariqat pirlarining ijozatnomalarini (taʼlimotni oʻzidan keyin boshqalarga yetkazish, oʻrgatish va rivoyat qilish huquqini shogirdga taqdim etish toʻgʻrisidagi dalolatnoma) oʻrganish orqali mintaqadagi maʼnaviy-ilmiy anʼanalarni tadqiq etish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Usmonxon Muhammadiyevning maʼruzasi esa “Samarqand hanafiy fiqh maktabi: Shakllanish jarayoni va xususiyatlari” mavzusiga bagʻishlandi. Unda Samarqandda hanafiylik fiqh maktabining vujudga kelishi, rivojlanishi bosqichlari va oʻziga xos ilmiy xususiyatlarini oʻrganish masalalariga eʼtibor qaratildi. Bu tadqiqot Movarounnahrda shakllangan fiqhiy anʼanalarning islom huquqshunosligi tarixidagi oʻrnini chuqurroq anglashga xizmat qiladi.

Otabek Muhammadiyev «Imom Buxoriyning “Tarixul kabir” asarida zikr etilgan movarounnahrlik roviylar» mavzusida maʼruza qilib, buyuk muhaddisning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi, Movarounnahrdan yetishib chiqqan roviylarni boshqa manbalar asosida ham oʻrganish jarayonlari haqida soʻzladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Markaz vakillarining maʼruzalarida hadis, fiqh va tasavvuf sohalariga oid boy ilmiy merosni oʻrganish, tarixiy manbalarni tahlil qilish va Movarounnahr allomalarining islom sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrnini yanada kengroq yoritish masalalari qamrab olindi.

Xalqaro simpozium tadqiqotchilarimizga oʻz ilmiy izlanishlari bilan xalqaro ilmiy hamjamiyat yigʻinlarida ishtirok etish, sohadagi tadqiqotlar natijalarini taqdim qilish va davlatlararo ilmiy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochib berdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

OʻZBEKISTONNING MAʼRIFIY UYGʻONISH YOʻLI

2016-yil 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi boʻlib …