Home / FOTO LAVHALAR / Ibn Xaldun universiteti bilan ilmiy hamkorlik istiqbollari

Ibn Xaldun universiteti bilan ilmiy hamkorlik istiqbollari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyevning Turkiya Respublikasiga amaliy safari doirasida Istanbul shahridagi Ibn Xaldun universiteti Islom ilmlari fakulteti dekani, professor doktor Serdar Demirel bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida Islom ilmlarini tadqiq etish, Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va xalqaro miqyosda targʻib qilish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, olimlar va tadqiqotchilar oʻrtasida tajriba almashish hamda yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi imkoniyatlarga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash, islom sivilizatsiyasi tarixiga oid ilmiy merosni xolis va chuqur tadqiq etish hamda ushbu sohadagi ilmiy natijalarni xalqaro ilmiy hamjamiyatga yetkazish muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuv oʻzaro tajriba almashish va kelgusidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashish bilan yakunlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Buxoro kutubxonalari tarixi qanday oʻrganilmoqda?

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 15-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Islom tarixi, sanʼati va …