Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ ILMIY XODIMI – QOZOGʻISTONDAGI NUFUZLI XALQARO ANJUMANDA

MARKAZ ILMIY XODIMI – QOZOGʻISTONDAGI NUFUZLI XALQARO ANJUMANDA

Qozogʻiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi va Fanlar akademiyasining Ramazon Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan Olma-ota shahrida “Qozogʻiston va Sharq dunyosining tarixiy-madaniy, siyosiy-iqtisodiy munosabatlari: Tarix, bugungi kun va taraqqiyot istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Baxtiyor Tursunov “Oʻzbekiston va Qozogʻiston hamkorligining yangi bosqichi” mavzusida ilmiy maʼruza bilan ishtirok etdi.

Notiq soʻnggi oʻn yilda ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllangani, mintaqa xalqaro diplomatiya, siyosiy faollik va iqtisodiy rivojlanishning yangi chorrahasiga aylanayotgani eʼtirof etilayotganini qayd qildi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston nafaqat savdo-iqtisodiy sohada, balki madaniy-gumanitar yoʻnalishda ham izchil hamkorlik qilib, muntazam ravishda madaniy-maʼrifiy tadbirlar – madaniyat va kino kunlarini, sport musobaqalarini oʻtkazib kelmoqda. Oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda.

Ilmiy-madaniy hamkorlikni mustahkamlashda Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi hamda Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband markazlari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimiz jahon akademik hamjamiyatining xalqaro muloqot platformasiga aylanishiga xizmat qilmoqda.

B.Tursunov Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga alohida toʻxtaldi. Ushbu muassasa oʻzbek xalqining boy milliy maʼnaviy merosini oʻrganish va islom dinining insonparvarlik, bagʻrikenglik va tinchliksevarlik mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida katta saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bu yerda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Dorimiy, Abdulhamid Keshiy, Abul Muʼin Nasafiy kabi buyuk allomalar qalamiga mansub 50 dan ortiq nodir qoʻlyozma asar oʻzbek tiliga tarjima qilinib, ular asosida 100 dan ziyod kitob va risola nashr etilgan.

Xorijdagi turdosh markazlar va xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan 300 dan ortiq xalqaro tadbir – konferensiya, seminar, simpozium, koʻrgazma, kitob taqdimotlari oʻtkazilgan. Xususan, Markaz bilan Qozogʻistonning Geosiyosiy tadqiqotlar instituti, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozogʻiston-Turkiya universiteti, Misrning «Nur Muborak» islom madaniyati universiteti huzuridagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasining Ramazon Sulaymonov nomidagi Sharqshunoslik instituti va Falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti, «Hazrat Sulton» milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi, “AQNIET” axborot-targʻibot va reabilitatsiya markazi kabi muassasalar oʻrtasida hamkorlik boʻyicha memorandumlar imzolangan va oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

Bundan tashqari, qozogʻistonlik tadqiqotchilar Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindorlari sifatida Markazda ilmiy stajirovka oʻtamoqda.

Yuqorida qayd etilganlardan Oʻzbekiston va Qozogʻiston koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik, oʻzaro ishonch va toʻlaqonli sheriklikni mustahkamlashga sodiq, degan xulosaga kelish mumkin. Birgalikda oʻtkazilayotgan tadbirlar, shubhasiz, ikki mamlakatning oʻzaro manfaatli va konstruktiv hamkorligini yanada rivojlantirishga yangi turtki beradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Buxoro kutubxonalari tarixi qanday oʻrganilmoqda?

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 15-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Islom tarixi, sanʼati va …