Home / YANGILIKLAR / OʻZBEKISTONNING MAʼRIFIY UYGʻONISH YOʻLI

OʻZBEKISTONNING MAʼRIFIY UYGʻONISH YOʻLI

2016-yil 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi boʻlib oʻtgandi. Sessiya ishida Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo 26 davlat tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, Islom taraqqiyot banki prezidenti, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari bosh direktorlari, AQSH, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YEXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari qatnashgan.

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev sessiyaning ochilish marosimida ishtirok etib, nutq soʻzlagan. U oʻz nutqida «Taʼlim va maʼrifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yoʻl» mavzusini sessiyaning asosiy shiori va ustuvor gʻoyasi deb eʼlon qilgan.

Toshkentda yangragan oʻsha nutqning tarixiy salmogʻini bugun, oʻn yillik masofadan turib, yanada teran anglash mumkin. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi Oʻzbekistonning musulmon dunyosi bilan muloqotida muhim voqea boʻldi. Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan qarashlar esa keyingi yillarda ajdodlar merosini oʻrganish, maʼrifiy muassasalar barpo etish va milliy oʻzlikni mustahkamlash ishlarida oʻz aksini topdi.

Tarixiy burilish yangi nigohdan boshlanadi. Xalq asrlar davomida shakllantirgan va asrab kelgan tarixiy-madaniy va ilmiy merosga davlatning munosabati qanday boʻladi? Uni oʻtmishning yodgorligi sifatida eʼzozlash bilan cheklanadimi yoki kelajakni qurishda ishtirok etishga qodir maʼnaviy va intellektual kuch sifatida ishga soladimi? 2016-yilgi Toshkent nutqining bugungi ahamiyati aynan shu savolga javobda mujassam.

Oʻsha kuni minbarga chiqqan Shavkat Mirziyoyev mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqich boshlanayotgan, jamiyat kelajak yoʻlini anglashga intilayotgan bir paytda, taʼlim, maʼrifat, tarixiy xotira va muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati haqida soʻzladi. Bu mavzular nutqda bir-biridan ajralgan yoʻnalishlar emas, xalqning maʼnaviy salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladigan yaxlit qarash sifatida namoyon boʻldi.

Nutqning ramziy qudrati shunda ediki, unda Buxoriy va Xorazmiy, Termiziy va Beruniy, Moturidiy va Ulugʻbek merosi bir tarixiy makonda uchrashdi. Diniy ilmlar bilan aniq fanlar, eʼtiqod bilan tafakkur, milliy xotira bilan umuminsoniy taraqqiyot oʻrtasidagi uzviylik yana bir bor jahon hamjamiyatiga koʻrsatildi.

Bugun bu nutqni keyingi oʻn yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlarning muhim gʻoyaviy manbalaridan biri sifatida oʻqish, oʻrganish mumkin. Uning dasturiy mazmuni keyin bunyod qilingan ilmiy markazlar, yoʻlga qoʻyilgan tadqiqotlar va kengaygan xalqaro aloqalarda oʻz ifodasini topdi. Toshkentda aytilgan soʻzlar mamlakatning maʼrifiy qiyofasini yangilash yoʻlida amaliy mazmun kasb etdi.

Tarixiy davomiylik va yangi koʻlam

Sobiq ittifoq davrida islom olami bilan aloqalardan uzib qoʻyilgan Oʻzbekiston mustaqillik yillarida ushbu rishtalarni tiklashga kirishdi. 1996-yilda mamlakat IHTga aʼzo boʻldi, Islom taraqqiyot banki va taʼlim, fan, madaniyat sohasidagi islom xalqaro institutlari bilan hamkorlik qila boshladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida diniy hayotni tiklash, ziyoratgohlarni obod etish va diniy taʼlimni rivojlantirish borasida muhim ishlar bajarildi. 1999-yilda Toshkent islom universitetining ochilishi ham shu jarayonning bir qismi edi.

Bu oʻzgarishlarning tarixiy zaminini unutmaslik kerak. Mustamlaka davridagi ateistik siyosat diniy xotiraga ogʻir zarba bergan, avlodlar oʻrtasidagi ilm va maʼrifatni uzatish zanjirini zaiflashtirgan edi. Mustaqillikning dastlabki yillaridagi ekstremizm va terrorizm tahdidlari esa diniy sohaga xavfsizlik nuqtayi nazaridan qarashni kuchaytirgandi. Bunday sharoitda merosning tarbiyaviy va intellektual imkoniyatlarini toʻliq namoyon etishga oʻtish oson kechmadi.

IHT va uning tuzilmalari bilan hamkorlikning iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va sivilizatsion imkoniyatlaridan mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida kengroq va tizimliroq foydalanishga kirishildi.

2016-yilgi nutqni shu murakkab tarix fonida oʻqisak, undagi yangi urgʻu ravshanlashadi. Islomiy merosni oʻrganish jamiyatning maʼnaviy barqarorligiga, yoshlarning bilimli boʻlishiga va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro tushunishga xizmat qilishi kerak. Xavfsizlik masalalari bilan maʼrifiy vazifalar bir-birini toʻldirishi lozim. Keyingi yillarda tashkil etilgan ilmiy muassasalar va qabul qilingan qarorlar bu yoʻnalishning amaliy ifodasi boʻldi.

Millatni birlashtiruvchi maʼnaviy tayanch

Buyuk islohotlar xalqning ichki ishonchiga tayanadi. Inson oʻzining va mehnatining qadrini, farzandining istiqbolini va oʻz yurtining jahondagi oʻrnini his qilganida kelajakka boshqacha qaraydi. Milliy tarixning shonli sahifalari ana shu ishonchni oziqlantiradi. Ular xalqqa buyuk oʻtmish va ajdodlardan gʻururlanish bilan birga oʻz salohiyatiga ishonch tuygʻusini mustahkamlashga yordam beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilgi nutqida allomalar nomining ehtirom va faxr bilan tilga olinishi shu maʼnoda alohida ahamiyatga ega. Buxoriyning hadis ilmidagi xizmatlari, Moturidiy taʼlimotida zakovatning oʻrni, Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy va Ibn Sinoning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi nutqda umumiy ilmiy-maʼrifiy meros sifatida koʻrsatildi. Milliy gʻururning tayanchi shu merosni bilish, anglash va avlodlarga yetkazish ekani taʼkidlandi.

Buyuk ajdodlar nomini aytish oson. Ularning tafakkur darajasiga munosib boʻlish esa mehnat talab qiladi. Buxoriy merosini eʼzozlash manbaning ishonchliligini tekshirishni qadrlashdir. Beruniyni ulugʻlash kuzatish, taqqoslash va dalilga tayanishga intilishdir. Ulugʻbek xotirasini asrash ilm uchun zarur muhit yaratish masʼuliyatini his qilishdir. Ana shunda tarixiy faxr insonning kundalik tanloviga taʼsir koʻrsata oladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans haqidagi tasavvur ham shu yerda maʼno kasb etadi. IX — XII asrlardagi ilmiy yuksalish va temuriylar davridagi madaniy-intellektual taraqqiyot mamlakat tarixida katta tafakkur muhitlari mavjud boʻlganini eslatadi. Bu muhitlarda qoʻlyozma, madrasa, kutubxona, tarjima va ilmiy muloqot muhim oʻrin tutgan. Bugungi Uygʻonish haqida oʻylaganda, aynan ilm yaratish va rivojlantirish madaniyatini davom ettirish zarurligi anglashiladi.

2016-yilgi nutqda tarixiy merosni yoshlarning zamonaviy bilim olishi va jamiyat taraqqiyoti bilan bogʻlash gʻoyasi mavjud edi. Keyinchalik Renessanslar merosi va yangi maʼrifiy yuksalish haqidagi qarashlar shu yoʻnalish bilan uygʻun rivojlandi.

Milliy tarixning shonli sahifalaridagi maʼnaviy tayanchning birlashtiruvchi kuchi bagʻrikenglikda namoyon boʻladi. Oʻzbekistonning umumiy tarixi, madaniyati va kelajagi turli millat hamda eʼtiqod vakillariga daxldor. Islomiy merosning insonparvarlik mazmunini ochish ushbu umumiy makonni boyitadi. Milliy oʻzlikni chuqur anglash boshqa xalqlarni hurmat qilishga, oʻz tarixini bilish esa jahon bilan ochiq muloqotga zamin yaratadi.

Gʻoyaning hayotiy ifodalari

Toshkent nutqining dasturiy xususiyatini aniq koʻrsatadigan dalil — unda Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochish tashabbusining bevosita maʼlum qilingani. Markaz 2017-yil 27-martdagi Prezidentimizning qarori asosida tashkil etildi; oʻsha yilning 10-iyulida uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha hukumat qarori qabul qilindi. Nutqdagi taklif huquqiy va tashkiliy asosga ega boʻldi.

2017-yilda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkentda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish toʻgʻrisidagi qarorlar ham imzolandi. 2018-yil 16-aprelda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ochildi. 2020-yil 11-avgustda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga asos solindi. Ushbu muassasalar meros tadqiqi, taʼlim va yoshlar tarbiyasi vazifalarini oʻzaro bogʻladi.

Bunday markazlar qoʻlyozmalarni oʻqish, asarlarni tarjima qilish, ilmiy nashrlarni tayyorlash va xalqaro tadqiqot aloqalarini mustahkamlash uchun muhit yaratadi. Muhimi, xalqning buyuk allomalarga hurmati professional bilim va izlanish bilan boyiydi. Ziyoratgohlarning maʼnaviy taʼsiri ilmiy markazlarning tafakkur qudrati bilan tutashadi.

Sivilizatsiya xotirasi va kelajak masʼuliyati

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu maʼrifiy yoʻnalishning eng yirik ifodalaridan biri boʻldi. Dastlab Islom madaniyati markazi sifatida belgilangan loyiha keyin uning tashabbuskori taklifi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi nomi bilan rivojlandi. Bu nom ilmiy merosni diniy hayot doirasidan kengroq — ilm, madaniyat va insoniyat taraqqiyoti bilan uzviy bogʻliq holda oʻrganishga koʻproq mos kelishi hisobga olindi.

2026-yil 17-martda markazning rasmiy ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Prezidentimiz ilm va taʼlimning mamlakat kelajagidagi oʻrnini yana bir bor taʼkidladi. 2016-yilda Toshkent minbaridan bildirilgan maʼrifiy qarashlarni 2026-yilgi ochilish voqeasi bilan yonma-yon qoʻyganda, qariyb oʻn yillik harakatning ichki uygʻunligi namoyon boʻladi. Birinchi nutqda merosni oʻrganish va ommalashtirish vazifasi qoʻyilgan boʻlsa, yangi markaz bu vazifalarni bajarish uchun muhtasham makon yaratdi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jamoatchilik uchun qimmati unga kelgan insonning tarixni qanday anglashida namoyon boʻladi. Oʻquvchi bir qoʻlyozmaga qarab, uning ortidagi olim mehnatini tasavvur qiladi. Yosh tadqiqotchi ajdodlar ilmini zamonaviy mavzular bilan bogʻlaydi. Xorijlik mehmon Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini keng tarixiy manzarada koʻradi. Meros shu tariqa turli kasb va qiziqishga ega odamlar bilan muloqotga kirishadi.

Bu yerda eʼtiqod bilan bilimning tarixiy yaqinligi alohida ahamiyatga ega. Qurʼoni karimni anglashga intilish tafsir, kalom, balogʻat kabi ilmlarni, tilshunoslik va manbashunoslikni rivojlantirgan; inson va olamni bilish ishtiyoqi esa dunyoviy ilmlarga qiziqishga sabab boʻlgan. Oʻtmishni bor murakkabligi bilan birga koʻrsata olgan markaz yoshlarga sivilizatsiyalar qanday yaratilganini tushunish imkonini beradi.

Shu maʼnoda, yangi ilmiy muassasalar katta va muhim ishlarning boshlanishidir. Olimlarning tadqiqotlari, tarjimonlar mehnati, ustozlar mahorati va yoshlarning qiziqishi ushbu markazlar joylashgan muhtasham binolarga hayot bagʻishlaydi. Har bir ilmiy asar, har bir sifatli tadqiqot, har bir aniq tushuntirilgan tarixiy dalil ulkan majmuaning ilmiy-maʼnaviy qudratini oshiradi. Ajdodlar merosini kelajakka olib oʻtish masʼuliyati aynan shu kundalik mehnatda bajariladi.

Ziyorat orqali kengaygan muloqot

Tarixiy merosga munosabatdagi oʻzgarish xalqaro aloqalarda ham koʻrindi. 2016-yilgi nutqda IHT mamlakatlaridan Oʻzbekistonga keluvchi sayyohlar va mehmonlar uchun mamlakatga kirish rasmiyatchiliklarini soddalashtirish choralari koʻrilishi aytilgan edi. Bu xabar mamlakat hududida jam­langan meʼmoriy va ilmiy merosning jahonga ochiqligi, odamlar oʻrtasidagi oʻzaro uchrashuvlar va muloqotlarga berilajak ahamiyatga ishora edi.

Buxoro, Samarqand, Termiz va Toshkentga kelgan ziyoratchi xalqning xotirasi bilan tanishadi. U muqaddas qadamjolar bilan birga meʼmorchilikni, mahalliy hayotni, hunarmandchilik va mehmondoʻstlikni koʻradi. Ziyorat turizmi shu bois maʼnaviy muloqotni xizmat koʻrsatish, madaniy merosni asrash va hududlar rivoji bilan bogʻlash imkonini beradi. Bu imkoniyat sayyohlarga sifatli xizmat va tarixiy maʼlumotning ishonchliligi bilan yanada boyiydi.

AYSESKO tomonidan 2024-yilda Xivaga “Islom dunyosining turizm poytaxti” maqomining berilishi, shaharda IHT turizm vazirlari konferensiyasi XII sessiyasining oʻtkazilishi oʻzbek xalqi ilmiy-madaniy va meʼmoriy merosining xalqaro muloqotdagi oʻrnini koʻrsatdi. Toshkentda maʼrifat haqida aytilgan gʻoyalar keyingi yillarda boshqa shaharlar va boshqa sohalarda davom etdi. Madaniy xotira mamlakatning dunyo bilan munosabatlarida faol qatnasha boshladi.

Islohotlarning inson hayotiga daxldor jihati Haj va Umra ziyoratlari imkoniyatlarida ham koʻrinadi. 2016-yilgi nutqda Oʻzbekistondan har yili besh mingdan ziyod kishilar Haj amalini ado etayotgani aytilgandi. 2026-yilda 15 ming nafar oʻzbekistonlik Haj ziyoratini va yilning birinchi yarmi mobaynida 167 ming nafar inson Umra amallarini bajardi. Bu raqamlar ortida ziyoratga yoʻl olgan minglab insonlarning orzusi va oilalarning quvonchi turibdi.

Davlatning eʼtiqodga hurmati inson qadri bilan uygʻun boʻlganda maʼrifiy siyosat hayotiy mazmun kasb etadi. Bunda tarixiy qadamjoning obodligi ham, tadqiqotchining mehnati ham, ziyoratchining xotirjamligi ham bir maqsadga — insonning maʼnaviy ehtiyojlariga hurmat bilan yondashishga xizmat qiladi.

Tamaddunni davom ettiradigan avlod

2016-yilgi Toshkent nutqining bugungi ahamiyatini faqat oʻtgan yillar natijalari bilan chegaralab boʻlmaydi. Unda qoʻyilgan vazifalar kelgusi avlod oldida ham turibdi. Merosni anglash, yoshlarni bilimga yoʻnaltirish, ilm-fanni rivojlantirish va xalqlar oʻrtasidagi muloqotni kengaytirish uzoq muddatli mehnatni talab qiladi.

Bilimli inson diniy daʼvoning manbasini soʻraydi, tarixiy hodisaning dalilini qidiradi, hissiyotga taʼsir qiluvchi gapni haqiqat bilan taqqoslaydi. Ana shu koʻnikma jaholat va radikal gʻoyalar taʼsirini kamaytirishga yordam beradi. 2016-yilgi nutqda maʼrifiy merosni oʻrganish yoshlarning ilmga intilishi, islom qadriyatlarini toʻgʻri anglashi va madaniyatlararo muloqot bilan bogʻlangani bejiz emas.

Milliy gʻurur ham bilim bilan mustahkamlanadi. Oʻz tarixini chuqur bilgan avlod uni soddalashtirishdan asraydi, boshqa xalqlar hissasini eʼtirof etadi va ajdodlar merosiga masʼuliyat bilan qaraydi. U buyuklikni faqat mashhur nomlarda emas, oʻsha nomlarni buyuk qilgan mehnat, intizom va tafakkurda koʻradi. Yangi uygʻonishning insonga daxldor mezoni ana shudir.

Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning ushbu yoʻnalishdagi siyosatini tarixiy xotirani jamiyatning maʼnaviy kuchiga aylantirishga qaratilgan faoliyat sifatida tavsiflash mumkin. Ilmiy markazlar, taʼlim muassasalari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, ziyorat turizmi va xalqaro hamkorlik shu faoliyatning turli koʻrinishlaridir. Ularning umumiy mazmuni — xalqning merosini kelajagiga xizmat qildirish.

Bu yoʻlning natijasi bugungi kun avlodining intilishlari va qiziqishlarida ham aks etmoqda. Maktab oʻquvchisi Beruniy qanday izlanganini bilishni istasa, talaba qoʻlyozmani oʻqish uchun til oʻrgansa, yosh olim ishonchli tadqiqot bilan jahon ilmiy muloqotiga kirsa — ajdodlar merosi bugunning hayotida davom etadi. Shunda milliy xotira yangi bilim yaratishga kuch beradi.

Oʻzbekistonning buyuk oʻtmishi uning kelajagi oldidagi masʼuliyatini ham buyuk pogʻonaga koʻtaradi. Birinchi va Ikkinchi Renessansni yaratgan zaminning vorislari uchun buyuk ajdodlarga eng munosib ehtirom ilmni qadrlash, haqiqatni izlash va insonga xizmat qilishdir. Toshkentda yangragan maʼrifiy daʼvatning kelajakka yoʻnalgan qudrati ham shunda. Milliy tamaddun uni davom ettirishga bel bogʻlagan avlod bilan yuz ochadi.

Shoazim MINOVAROV,
Siyosatshunos
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2026-yil 15 oktyabr, №216 (9387)

Check Also

Buxoro kutubxonalari tarixi qanday oʻrganilmoqda?

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 15-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Islom tarixi, sanʼati va …