Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 15-oktyabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: Oʻtmish va hozirgi zamon” mavzusida VII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov onlayn ishtirok etdi va “Buxoro amirligi kutubxonalari tarixidan” mavzusida maʼruza qilib, ushbu sharif zaminda shakllangan kutubxonachilik anʼanalari, xususiy va jamoat kutubxonalarining shakllanish bosqichlari hamda ularning mintaqaviy ilmiy-madaniy hayotdagi oʻrni xususida atroflicha soʻz yuritdi.

Qayd etilganidek, Buxorodagi kutubxonalar tarixi Somoniylar davriga borib taqaladi. X asrda bu sulolaning saroy kutubxonasi mintaqadagi eng yirik qoʻlyozmalar majmuasi hisoblangan. Abu Ali ibn Sinoning mazkur xazinadan foydalangani haqidagi qaydlari islom olamidagi kutubxonachilik tarixiga oid muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Shovosil Ziyodov oʻz tadqiqotlari davomida nodir qoʻlyozmalarda saqlanib qolgan muhrlar (jumladan, vaqf muhrlari) va egalik belgilari orqali tarixiy kutubxonalar fondini qayta tiklash (rekonstruksiya qilish) boʻyicha erishilgan yangi ilmiy natijalarni taqdim etdi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, mazkur tadqiqotlar koʻhna Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk Buxoriy, Moturidiy, Zamaxshariy, Margʻinoniy, Saraxsiy mutafakkir allomalarning ilmiy merosi qay darajada keng oʻrganilgani va tarqalganini xolis baholash imkonini beradi.

Notiq Buxoro amirligi kutubxonalari fondini aniqlash va tadqiq etish ishlari davom etayotganini, kelgusida mamlakatimiz va xorijdagi boshqa qoʻlyozma fondlaridan ham yangi manbalar topilishi kutilayotganini maʼlum qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




