Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyevning Turkiyaga amaliy safari doirasida Istanbul shahridagi «Dorul maxtutot» (“Qoʻlyozmalar uyi”) markazi Bosh direktori, doktor Mahmud Misriy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

«Dorul maxtutot» rahbari avvalroq Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurgan, Markazimiz faoliyati, kutubxonasi, manbalar xazinasi va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish yoʻnalishidagi ishlar bilan tanishgan edi. Mazkur uchrashuv ana oʻzaro muloqotlarning mantiqiy davomi sifatida ikki muassasa oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Suhbat chogʻida ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qoʻlyozma manbalarni oʻrganish, ilmiy ahamiyatini ochib berish, nodir asarlarni tadqiq va tahlil qilish, shuningdek, ularda mujassam boʻlgan boy maʼnaviy-maʼrifiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Muloqotda bildirilgan fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar asnosida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tomonlar aloqalarni mustahkamlovchi mazkur huquqiy asos, ayniqsa, Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar, faqihlar va mutafakkirlar merosini chuqur oʻrganishda, ularning asarlarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda natijalarini xalqaro ilmiy muhitda birgalikda keng targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




