Home / YANGILIKLAR / PARIJDA YANGRAGAN UCHINCHI RENESSANS SADOSI

PARIJDA YANGRAGAN UCHINCHI RENESSANS SADOSI

Oʻzbekistonning buyuk sivilizatsiya merosi YUNESKO minbaridan jahonga namoyish etildi. Ikki kunlik xalqaro anjumanlar esa Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi koʻp asrlik ilmiy-madaniy muloqotning yangi sahifasini ochdi.

Buyuk sivilizatsiyalar merosini asrab-avaylash, uni ilmiy asosda oʻrganish va jahon hamjamiyatiga yetkazish Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini YUNESKO, BMT tizimidagi boshqa nufuzli xalqaro maydonlarda, dunyoning yetakchi davlatlari ilmiy va madaniy markazlarida keng taqdim etish ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Fransiya poytaxti Parijda 7-8-oktyabr kunlari oʻtkazilgan yirik xalqaro tadbirlar Oʻzbekistonning boy tarixiy, ilmiy va maʼnaviy merosiga bagʻishlangan muhim muloqot maydoniga aylandi.

Movarounnahrdan Sena sohillarigacha

Parij sayyoramizning eng yirik diplomatiya va madaniyat markazlaridan biri sifatida alohida mavqega ega. Shu bois Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotining aynan Parij shahrida oʻtkazilishi chuqur ramziy maʼnoga ega. Zero, bu safar ming yillar davomida Sharq ilmiy tafakkurini yuksaltirgan buyuk allomalar merosi Gʻarbning yirik maʼrifat minbarlaridan birida yana bir bor yangradi.

Ikki kunlik tadbirlarda Fransiyaning taniqli olimlari, yetakchi ilmiy muassasalar vakillari, universitetlar professor-oʻqituvchilari, talabalar, muzey va kutubxona mutaxassislari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari faol ishtirok etdi.

YUNESKO bosh qarorgohida “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk maʼnaviy va ilmiy merosi hamda maʼrifat ufqlari” mavzuida xalqaro anjuman va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Nufuzli anjumanda markaz direktori, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

Oʻzbekiston hududida shakllangan buyuk ilmiy maktablar, musulmon Sharqining jahon tamadduniga qoʻshgan hissasi hamda yurtimizda bu bebaho merosni tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar anjuman ishtirokchilarining diqqat markazidan joy oldi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida taqdim etilgan maʼlumotlar, namoyish qilingan filmlar, videoroliklar qatnashchilarda alohida qiziqish uygʻotdi. Markaz muzey ekspozitsiyalari, boy qoʻlyozmalar va kitoblar xazinasi, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik loyihalari, raqamli texnologiyalar va maʼrifiy tashabbuslarni birlashtirgan ilmiy-madaniy majmua sifatida shakllantirilgan.

Ilmiy-madaniy meros — sivilizatsiyalar oʻrtasidagi koʻprik

Parij anjumanida bildirilgan mulohazalar Oʻzbekistonda kechayotgan maʼrifiy jarayonlarga xalqaro hamjamiyatning qiziqishi muntazam ortib borayotganidan darak berdi. Xususan, ICESCO bosh direktori Salim al-Malik oʻz maʼruzasida islom tamadduni tinchlik, birodarlik, madaniyat va ilm-fan sivilizatsiyasi ekanini alohida taʼkidladi.

— Madaniy meros xalqlar, avlodlar va sivilizatsiyalar oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi. Ilm-fan hamda taʼlimga tayangan hamkorlik esa turli madaniyat va jamiyatlar oʻrtasida oʻzaro anglashuvni mustahkamlaydi. Bu borada Oʻzbekiston rahbari muhtaram Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar diqqatga sazovor, — dedi u.

IRCICA bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich esa “Maʼnaviy meros, tafakkur uygʻonishi va zamonaviy taraqqiyot” nomli maʼruzasida tarixiy tajriba va maʼnaviy qadriyatlarga bugungi dunyo ehtiyojlari nuqtayi nazaridan yondashish muhimligini qayd etdi.

Italiyaning Milan Dizayn universiteti professori Mario Taddeining Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy singari buyuk allomalarning Yevropa uygʻonish davri, ayniqsa, Leonardo da Vinchi kashfiyotlariga katta turtki bergani haqidagi maʼruzasi ham yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Parijdagi taqdimot Oʻzbekistonning tarixiy merosini namoyish etish bilan birga, jahon ilm-fani taraqqiyotida mamlakatimiz tutgan muhim oʻrinni qayta anglashga chorlagan xalqaro voqeaga aylandi.

Olti asrlik tarixga ega diplomatik muloqot

Parijdagi tadbirlarning ikkinchi kuni — 8-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasida sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Tarix sahifalariga nazar tashlasak, Amir Temurning Yevropa davlatlari bilan aloqalari orasida Fransiya alohida oʻrin tutganiga guvoh boʻlamiz. Sohibqiron bilan Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasida diplomatik yozishmalar olib borilgani maʼlum. Bu maktublar bir-biridan minglab chaqirim uzoqda joylashgan ikki siyosiy kuch oʻrtasidagi munosabatlardan darak beruvchi tarixiy hujjatlardir. Ular Oʻrta asrlardayoq Sharq va Gʻarb oʻrtasida faol diplomatik aloqalar mavjud boʻlganini koʻrsatadi.

Fransiyada Amir Temur va temuriylar tarixini oʻrganishning oʻziga xos ilmiy anʼanalari shakllangan. Anjumanda bu yoʻnalishda uzoq yillardan buyon izlanish olib borayotgan taniqli fransuz olimlari ishtirok etdi.

Jumladan, Temuriylar sanʼati va tarixi assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bopertyui-Bressan Amir Temurning sanʼat va madaniyat homiysi sifatidagi faoliyati haqida maʼruza qildi. Uning bu boradagi koʻp yillik mehnati alohida eʼtiborga molik. Oʻtgan asrning 80-yillaridan buyon temuriylar merosini targʻib etishga hissa qoʻshib kelayotgan tadqiqotchi “Temuriylar” jurnali orqali ham Fransiya ilmiy jamoatchiligida ushbu mavzuga qiziqish uygʻonishiga hissa qoʻshgan. Anjumanda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan mazkur nashrning oʻttiz yil davomida chop qilingan sonlarini jamlab, alohida toʻplam shaklida nashr etish rejasi maʼlum qilindi.

Shuningdek, Parijdagi Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti — “INALCO” professori Katrin Pujol ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning mashhur safarnomasi yuzasidan chiqish qildi. Maʼlumki, Klavixo XV asr boshlarida Samarqandga kelib, Amir Temur saroyidagi hayot, qabul marosimlari, shaharning qiyofasi va odamlarning urf-odatlari haqida qimmatli maʼlumotlar qoldirgan. Bugun bu safarnoma tarixchilar uchun oʻsha davr hayotini tasavvur qilish imkonini beruvchi muhim manbalardan biri sanaladi.

Shu tariqa bir anjumanda Amir Temur shaxsiyatiga turli ilmiy maktablar nigohidan yondashildi: tarixchi uchun u — davlat arbobi, sharqshunos uchun — tarixiy manbalar markazidagi shaxs, sanʼatshunos uchun — madaniyat homiysi, diplomatiya tadqiqotchisi uchun esa Sharq va Gʻarb aloqalari tarixidagi muhim siymo. Muloqotning ana shu koʻp qirraliligi uni yanada mazmunli qildi.

Ilmiy anjuman doirasida “Temuriylarning buyuk merosi: Markaziy Osiyo sanʼati, ilm-fani va madaniyati” nomli koʻrgazma ham tashkil etildi. Koʻrgazmada temuriylar davrining meʼmoriy va badiiy yutuqlari, kitobat sanʼati, ilm-fan va maʼrifat anʼanalariga oid materiallar namoyish qilindi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan tayyorlangan ilmiy hamda ilmiy-ommabop nashrlar xorijlik mehmonlarga taqdim etildi.

Oʻzbek allomalari yaratgan ilmiy maktablar va asarlar haqidagi kitoblarga qiziqish milliy merosimizning xalqaro ilmiy muhitda oʻrganilishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi. Uchrashuvning yana bir oʻziga xos jihati — ilmiy munozaralar anʼanaviy oʻzbek dasturxoni atrofida davom etdi. Samimiy suhbatlar rasmiy anjumanlarda boshlangan muloqotlarga yanada iliqlik bagʻishladi.

Buyuk ajdodlarning bebaho izlari

Parij safari doirasidagi yana bir muhim uchrashuv Fransiya Milliy kutubxonasida boʻlib oʻtdi. Bu maʼrifat maskanining tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Uning Sharq qoʻlyozmalari toʻplami esa XVII asrdan boshlab muntazam boyitilgan. Xususan, Lyudovik XIV davrida arab, fors, turkiy va boshqa tillardagi asarlarni toʻplashga katta eʼtibor berilgan.

Bu xazinada oʻzbek xalqi tarixi va adabiyotiga oid bebaho manbalar ham saqlanadi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Haydar Xorazmiy singari buyuk shoir va mutafakkirlar asarlarining qoʻlyozma nusxalari ana shular jumlasidan. Uchrashuvda eski oʻzbek tilidagi 150 dan ortiq qoʻlyozmalar haqida maʼlumot berildi.

Kutubxonadagi muloqot chogʻida Sharq qoʻlyozmalari boʻyicha mutaxassis, boʻlim rahbari Loran Erishe delegatsiya aʼzolariga nodir fondlar haqida maʼlumot berdi. U Oʻzbekistonga tashrifi davomida mamlakatimizda madaniy merosni saqlash, oʻrganish va ommalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishganini bildirib, mazkur yoʻnalishdagi oʻzgarishlarni ijobiy baholadi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari jahonning eng mashhur muzeylaridan biri — Luvrda ham boʻlib, bu yerda saqlanayotgan tarixiy va badiiy eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Qadimgi Misr, Yunoniston, Rim, Sharq mamla-katlari tarixi va sanʼatidan hikoya qiluvchi bu osori-atiqalar tarixni alohida davlatlar doirasida emas, butun insoniyatning umumiy taraqqiyoti sifatida anglashga undaydi.

Tashrif davomida Parijdagi nufuzli diniy-maʼrifiy va madaniy muassasalardan biri — Parij Islom institutida ham muloqot oʻtkazildi. Bir asrlik tarixga ega ushbu majmua 1926-yilda ochilgan boʻlib, Fransiya musulmonlari hayotida muhim oʻrin tutadi. Muassasa rahbari Shamsiddin Hofiz bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixida tutgan beqiyos oʻrni, buyuk allomalar merosi hamda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi.

— Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish, uni YUNESKO, BMT singari nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlarida, dunyoning yetakchi davlatlarida keng targʻib qilish gʻoyasi bevosita Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga tegishli, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi di-rektori Firdavs Abduholiqov ushbu safar yakunlariga toʻxtalib. — Bugun biz bu tashabbusning amaliy samaralarini koʻrmoqdamiz. Bunday taqdimotlar orqali jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning betakror maʼnaviy salohiyati, shonli oʻtmishi, boy madaniy merosi, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasidan yana bir bor voqif boʻlmoqda. Eng muhimi, biz dunyoga faqat buyuk tariximizni emas, balki ana shu merosga munosib boʻlishga intilayotgan, ilm-fan, maʼrifat va xalqaro hamkorlikka ochiq Yangi Oʻzbekistonni ham namoyon etmoqdamiz.

Rustam JABBOROV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi,
Zohidullo MUNAVVAROV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2026-yil 13-oktyabr, №212-213 (9383-9384)

Check Also

Istiqbolli loyihalar muhokamasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyatining Turkiyaga amaliy tashrifi doirasida Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini …