Home / YANGILIKLAR / MAʼRIFAT, ILM VA BAGʻRIKENGLIKKA TAYANGAN YONDASHUV

MAʼRIFAT, ILM VA BAGʻRIKENGLIKKA TAYANGAN YONDASHUV

Bugungi dunyo shiddat bilan oʻzgarayotgan, axborot oqimi inson tafakkuri va dunyoqarashiga har qachongidan koʻra kuchliroq taʼsir koʻrsatayotgan murakkab bir davrda jamiyat xavfsizligi va barqarorligini taʼminlash masalasi faqat huquqiy yoki maʼmuriy choralar bilan cheklanib qolmaydi.

Zero, jaholatning ildizi koʻp hollarda bilimsizlik, tor dunyoqarash, axborotni tanqidiy tahlil qila olmaslik, soxta va ishonchli manbalarni ajrata bilmaslik, shuningdek, ijtimoiy muammolar hamda buzgʻunchi gʻoyalarning asl mohiyatini anglamaslik bilan bogʻliq.

Shu nuqtayi nazardan, “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi oddiy shior emas, insonni bilim, mustaqil tafakkur, huquqiy va mediasavodxonlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bagʻrikenglik hamda ongli tanlov qobiliyati bilan qurollan-tirishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvdir.

Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni ham aynan shu yondashuv bilan uygʻunlashmoqda. Bu jarayonni shartli ravishda bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan olti yoʻnalishda koʻrish mumkin: huquqiy kafolat, maʼrifat va taʼlim, ilmiy tadqiqot, profilaktika, konfessiyalararo bagʻrikenglik hamda zamonaviy axborot muhiti bilan ishlash.

Aynan ushbu omillarning uygʻunligi yangi Oʻzbekistonda shakllanayotgan diniy-maʼrifiy yondashuvning oʻziga xos jihatlarini belgilab beradi. Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning birinchi sharti vijdon erkinligini taʼminlashdir. Inson eʼtiqodiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, uning diniy qarashlari boʻyicha erkin qaror qabul qilishi uchun huquqiy kafolatlar mavjudligi maʼrifiy va bagʻrikeng jamiyatning muhim belgilaridan.

Mamlakatimizda bu boradagi huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashtirib borildi. Xususan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi mazkur sohadagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solish uchun huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi.

Diniy-maʼrifiy sohani takomillashtirishga nisbatan kompleks yondashuv shakllanib, uning huquqiy, institutsional va ilmiy asoslarini qamrab olgan yaxlit tizim bosqichma-bosqich qaror topdi. Bu jarayon diniy-maʼrifiy sohaga munosabat alohida muammolarga javob berishdan koʻra, tizimli yondashuv asosida tashkil etilayotganini koʻrsatadi.

Ajdodlarimiz ilmni inson va jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida qadrlagan. Shu jihatdan bugungi maʼrifiy yondashuvni tarixiy merosimizdagi ilm va maʼrifat anʼanalarining zamonaviy davomi sifatida baholash mumkin.

2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz “Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”, degan edi.

Mazkur yondashuv muhim bir tamoyilni ifodalaydi: zoʻravonlik va buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi kurash qatʼiy huquqiy choralar bilan bir qatorda, ularning tarqalishiga zamin yaratuvchi ijtimoiy va maʼrifiy omillarni bartaraf etishni ham qamrab olishi zarur.

Yangi Oʻzbekistondagi maʼrifiy yondashuvning yirik amaliy ifodalaridan biri Islom sivilizatsiyasi markazidir. Uning ahamiyatini faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi majmua sifatida baholash masalaning mohiyatini toʻliq ochib bera olmaydi. Markazning eng muhim vazifalaridan biri yurtimiz zaminida shakllangan ilmiy, diniy va madaniy merosni chuqur tadqiq qilish, zamonaviy ilmiy muomalaga kiritish, jahon jamoatchiligiga yetkazish hamda mazkur merosni bugunning dolzarb masalalari bilan uzviy bogʻlashdir.

Shu maʼnoda, markazning ochilishi nafaqat muhim tarixiy voqea, balki tarixiy merosga munosabatda yangicha yondashuv ifodasidir. Bu oʻrinda ajdodlarimizning ilmga intilish, izlanish va insonparvarlik anʼanalarini zamonaviy avlodning intellektual salohiyatiga aylantirish, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, markaz yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli maʼrifiy islohotlarning ham ramziy, ham amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻladi.

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi zamirida ham ulkan maqsadlar mujassam. Ularning faoliyati faqat boy tarixiy merosimizni muhofaza qilishdan iborat emas. Bugun noyob qoʻlyozma va manbalarni tadqiq etish, ularni ilmiy muomalaga kiritish hamda zamon talablari asosida oʻrganish ushbu markazlarning bosh vazifasiga aylangan. Mazkur jarayon xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga yurtimizda kuchli tadqiqot maktablarini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.

Ayni markazlarning roli ikki tomonlama ahamiyatga ega: ular bir vaqtning oʻzida ham tarixiy-diniy merosimizni chuqur oʻrganadi, ham jamiyat uchun ishonchli ilmiy manbalarni tayyorlab beradi. Bugun markazlar tomonidan chop etilayotgan kitoblar, ilmiy asarlar va ommabop risolalar bu fikrimizning yorqin dalilidir.

Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni taʼlim tizimidan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Oliy diniy taʼlimda magistratura bosqichining joriy etilishi, shuningdek, oʻquv dasturlarining zamonaviy talablar asosida takomillashtirilishi ham ushbu jarayonning muhim qismi.

Diniy taʼlim muassasalarida oʻqitilayotgan fan dasturlarining yangilanishi va yangi avlod oʻquv adabiyotlarining yaratilishi esa, oʻz navbatida, diniy mutaxassislar tayyorlashga qoʻyilayotgan talablarning oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi.

Bugun diniy mutaxassis faqat diniy manbalarni bilish bilan cheklanib qolmasligi kerak. U huquqiy savodxon, zamonaviy axborot muhitini tushunadigan, yoshlar bilan muloqot qila oladigan, ijtimoiy jarayonlarni teran anglaydigan va turli savollarga ilmiy asoslangan javob beradigan yetuk mutaxassis boʻlishi zarur.

Imom-xatiblarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining takomillashtirilishi, huquqiy va ijtimoiy-siyosiy fanlar boʻyicha maxsus modullarning joriy etilishi sohadagi ijobiy sifat oʻzgarishlarining muhim koʻrinishidir.

Agar inson mustaqil fikrlash, axborotni tanqidiy baholash va dalillarni solishtirish qobiliyatiga ega boʻlsa, uni soxta axborot va manipulyativ gʻoyalar taʼsiriga tushirish qiyinlashadi.

Shu bois, insonning ishonchli va soxta manbalarni ajrata olishi, axborotni tanqidiy baholay bilishi, turli qarashlarni oʻzaro solishtirishi, oʻz huquq va majburiyatlarini chuqur anglashi, boshqa eʼtiqod vakillariga hurmat bilan munosabatda boʻlishi hamda qabul qilgan qarorlari uchun masʼuliyat his qilishi juda muhim. Aynan mana shu koʻnikmalar majmui jamiyatning maʼnaviy va intellektual barqarorligini yanada mustahkamlaydi.

Bugun diniy-maʼrifiy ishlar mahalla, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va yoshlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etilmoqda. Bu jarayonda hududlarning oʻziga xos xususiyatlari va mahalliy aholining ehtiyojlari toʻliq inobatga olinmoqda. Zero, bir hududda axborot savodxonligi dolzarb masala boʻlsa, boshqa bir hududda yoshlar bilan ishlash yoki oilaviy-ijtimoiy masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi mumkin.

Maʼrifiy ishlar yagona qolip asosida emas, balki auditoriya va hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, maʼrifiy ishlarning mazmuni va shaklini joylardagi real ehtiyojlarga moslashtirish, amaliy taʼsirchanligini oshirish imkonini bermoqda.

Diniy-maʼrifiy sohadagi ishlar mazmun va shakl jihatidan ham zamonaviy auditoriya ehtiyojlariga moslashib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash jarayonida faqat tayyor maʼruzalar bilan cheklanib qolmay, ochiq muloqot, savol-javob, fikr almashish va dalillar asosida xulosa chiqarishga yoʻnaltirilgan yondashuvlarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Bunday tadbirlarda ishtirokchilarning faol fikr bildirishi, savollar berishi va turli qarashlarni muhokama qilishi uchun barcha imkoniyat yaratilmoqda. Shu bois, maʼrifiy ishlarning samaradorligi faqat qamrov koʻlami yoki ishtirokchilar soni bilan emas, balki ularda shakllangan bilim, qarash va koʻnikmalar darajasida ham baholanmoqda.

Yoshlarning axborotni asosan internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali qabul qilishi diniy-maʼrifiy sohada raqamli kontentning ahamiyatini yanada oshiryapti. Shu munosabat bilan mazkur sohada raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼrifiy kontent tarqatish amaliyoti kengayib bormoqda.

Bu jarayonda asosiy eʼtibor kontentning soniga emas, balki uning sifati, tushunarliligi va muayyan auditoriya ehtiyojlariga mosligiga qaratilmoqda. Zero, zamonaviy axborot muhitida maʼrifiy kontentning taʼsirchanligi uning qancha koʻp tarqatilgani bilan birga insonga qanchalik toʻgʻri va ishonchli axborotni yetkaza olgani bilan ham belgilanadi.

Internetdagi boʻshliqni, albatta, kimdir toʻldiradi. Agar ishonchli, ilmiy asoslangan va maʼrifiy kontent yetarli boʻlmasa, turli soxta talqinlar uchun maydon kengayib ketishi mumkin. Shu maʼnoda, auditoriya qayerda boʻlsa, maʼrifat ham aynan oʻsha yerda boʻlishi kerak.

Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni konfessiyalararo totuvlik va oʻzaro hurmat muhitini shakllantirish jarayonidan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Koʻp millatli va koʻp konfessiyali jamiyatda turli eʼtiqod vakillarining oʻzaro hurmat va hamjihatlik asosida yashashi ijtimoiy barqarorlikning eng muhim omillaridan.

Shu nuqtayi nazardan, konfessiyalar ishi boʻyicha kengash faoliyati takomillashtirilib, hududiy mexanizmlar rivojlantirilmoqda hamda turli konfessiyalar oʻrtasidagi muloqot va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil bajarilmoqda.

Bagʻrikenglik — boshqa insonning huquqlari, eʼtiqodi va qarashlariga hurmat bilan munosabatda boʻlish madaniyati. Shu maʼnoda, turli diniy konfessiyalarning yubileyi, madaniy-maʼrifiy va boshqa jamoatchilik tadbirlarini oʻtkazish borasidagi amaliyot konfessiyalararo muloqot va oʻzaro hamkorlik mexanizmlari mustahkam shakllanayotganini koʻrsatadi.

Bunday muloqot muhitining mustahkamlanishi turli eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va ishonchni kuchaytirishga, jamiyatda hamjihatlik va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarda fuqarolarning diniy ehtiyojlarini zamonaviy, qulay va qonuniy asosda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Haj va umra ziyoratlarini tashkil etishda qulayliklar oshirilishi, elektron xizmatlarning joriy qilinishi, diniy taʼlim olish imkoniyatlarining kengayishi, shuningdek, diniy savollarga malakali javob olish imkoniyatining rivojlanishi shular jumlasidan.

Bu jarayonlarda asosiy eʼtibor faqat tizim va institutlarning takomillashuviga emas, balki ularning inson uchun yaratayotgan amaliy imkoniyatlariga ham qaratilmoqda. Yaʼni fuqaroning huquqlari, vaqti, turli ehtiyojlari, savollari va maʼnaviy talablari islohotlarning muhim mezonlari sifatida namoyon boʻlmoqda. Zero, har qanday tizimning samarasi inson hayotini qanchalik yengillashtirib, uning huquq va ehtiyojlarini qay darajada taʼminlayotgani bilan belgilanadi.

Ajdodlarimiz merosini oʻrganishda bosh maqsad faqat ularning nomini takrorlash yoki tarixiy xotirani tiklash bilan cheklanmaydi. Asosiy vazifa ular qoldirgan boy ilmiy meros, anʼana va qadriyatlarni yangi avlodning intellektual salohiyatiga aylantirishdir.

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband va boshqa koʻplab allomalarimizning merosi bugun yangi ilmiy tadqiqotlar obyektiga aylanmoqda. Bu jarayon tarixiy merosimizga munosabatning tubdan ijobiy tomonga oʻzgarayotganini koʻrsatadi.

Mazkur jarayonlarni yaxlit tizim sifatida koʻrsak, yangi Oʻzbekistonda shakllanayotgan yondashuvni shartli ravishda olti asosiy xususiyat bilan ifodalash mumkin.

Birinchidan, huquqiy kafolat.Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyati uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish maʼrifiy muhitning institutsional poydevorini yaratadi.

Ikkinchidan, maʼrifat va taʼlim. Diniy bilimni zamonaviy taʼlim, huquqiy va mediasavodxonlik hamda mustaqil fikrlash koʻnikmalari bilan uygʻunlashtirish insonning intellektual immunitetini kuchaytiradi.

Uchinchidan, ilm-fan va tarixiy meros. Buyuk allomalarimiz merosini ilmiy tadqiq etish, qoʻlyozma va manbalarni oʻrganish hamda ularni zamonaviy ilmiy muomalaga kiritish tarixiy xotirani intellektual resursga aylantiradi.

Toʻrtinchidan, profilaktika. Radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashda huquqiy choralar bilan bir qatorda taʼlim, yoshlar bilan muloqot, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va axborot savodxonligiga eʼtibor qaratish xavf-xatarlarning ildiz omillarini kamaytirishga qaratilgan.

Beshinchidan, bagʻrikenglik va muloqot.Turli konfessiya vakillarining oʻzaro hurmati, ochiq muloqot va hamkorlik muhitini rivojlantirish ijtimoiy barqarorlikning eng muhim omillaridan.

Oltinchidan, raqamli bilim va maʼrifat. Yoshlar va keng jamoatchilik axborotni asosan raqamli muhitdan olayotgan bugungi sharoitda ishonchli, sifatli va tushunarli maʼrifiy kontent yaratish yangi davr talabiga aylanmoqda.

Aynan ushbu yoʻnalishlarning oʻzaro uygʻunligi yangi Oʻzbekistonda shakllanayotgan yondashuvning asosiy xususiyatlarini belgilab beradi.

Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning mazmuniga teran nazar tashlasak, ular bir-biri bilan uzviy bogʻliq jarayonlarni qamrab olganini koʻramiz. Bularning barchasini birlashtirib turgan bosh gʻoya esa “Jaholatga qarshi maʼrifat”dir. Uning mazmuni oddiy, ammo strategik ahamiyati juda katta: insonga tayyor fikr berish emas, balki uni mustaqil fikrlay oladigan darajaga yetkazish; bilim bilan qurollantirish; zararli gʻoyalarga qarshi faqat taqiqlar bilan emas, sogʻlom dunyoqarash bilan qarshi turish; shuningdek, tarixni shunchaki eslash emas, undan kelajak uchun intellektual kuch va ozuqa olishdir.

Shu maʼnoda, jaholatga qarshi kurashning eng ishonchli yoʻli faqat uning oqibatlari bilan emas, balki sabablari va ildizlari bilan ishlashdir. Bu esa uzoq muddatli yondashuvni talab qiladi. Chunki maʼrifat bir kunda natija bermaydi. Ammo insonda mustaqil tafakkur, bilim va masʼuliyat shakllansa, bu natija jamiyatning uzoq muddatli barqarorligiga xizmat qiladi.

Ilhom MAʼRUPOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining maslahatchisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2026-yil 14 oktyabr, №212 (1811)

Check Also

Yana bir tadqiqotchimizning ilmiy maqolasi – AQSHning nufuzli jurnalida

Avval xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukurillo Umarov va Nodir Qobilovning …