Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyatining Turkiyaga amaliy safari doirasidagi navbatli manzilli uchrashuv ushbu mamlakat Diyonat vaqfi huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi (İslam Araştırmaları Merkezi – ISAM)da boʻldi.

Nufuzli akademik va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblangan ISAM koʻp jildli “Turkiya Diyonat vaqfi Islom ensiklopediyasi”ni nashr etgani, shuningdek, islomshunoslik, manbashunoslik va tarix yoʻnalishlarida boy fondga ega ilmiy kutubxonasi bilan xalqaro miqyosda katta obroʻ-eʼtibor va nufuzga ega.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov va direktor oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev muassasa rahbari professor, doktor Murtazo Bedir bilan uchrashib, ikki muassasa oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Taʼkidlash joizki, Markaz bilan ISAM oʻrtasida 2024-yilning fevral oyida hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, oʻtgan vaqt davomida qator amaliy natijalarga erishildi. Xususan, oʻsha yilning oʻzida ikki muassasa hamkorligida Hanafiy mazhabiga bagʻishlangan IV yillik xalqaro konferensiya yuqori saviyada oʻtkazildi. Yaqinda esa, qator muassasalar bilan hamkorlikda “Imom Buxoriy ilmiy merosi: Anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar” mavzuida nufuzli xalqaro ilmiy simpozium ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

Uchrashuvda doktor Murtazo Bedir hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish uchun barcha asoslar yetarli ekani, buning uchun Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi va allomalar merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar mustahkam poydevor vazifasini oʻtayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Muloqot chogʻida tomonlar kelgusida hamkorlikda xalqaro konferensiyalar, ilmiy seminarlar tashkil etish, mutaxassislar almashuvini yoʻlga qoʻyish va yangi qoʻshma loyihalarni rejalashtirish yuzasidan kelishib oldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




