Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / KASB-HUNARNI MUKAMMAL EGALLASH – FAROVON HAYOT VA YUKSAK MAʼNAVIYAT GAROVI (2-qism)

KASB-HUNARNI MUKAMMAL EGALLASH – FAROVON HAYOT VA YUKSAK MAʼNAVIYAT GAROVI (2-qism)

Yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish – kelajakka investitsiya

Yoshlar mustaqil hayotga tayyor boʻlishi, kelajakda jamiyatda oʻziga munosib oʻrin egallashi, el-yurtga naf keltirishi ularning kasbni toʻgʻri tanlashi bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun bu borada yosh avlodga yordam berish, qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Negaki, yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishni tom maʼnoda kelajakka yoʻnaltirilgan investitsiya deyish mumkin.

Kasb tanlashda faqat oila aʼzolari, doʻstlar yoki atrofdagi yaqin shaxslarning fikriga ergashish, muayyan kasbni obroʻli (“moyli”) deb bilib, oʻzining asl qiziqishini eʼtiborsiz qoldirish toʻgʻri emas. Inson oʻz qobiliyati, jismoniy salohiyati, qiziqishi va kelajakdagi maqsadlarini hisobga olishi lozim. Shu bilan birga, tanlanayotgan sohaning jamiyat uchun ahamiyati va rivojlanish istiqbollarini ham oʻrganish maqsadga muvofiqdir.

Ota-ona farzandning kasb tanlashida uni qoʻllab-quvvatlashi, bolaning qiziqishlarini bilishi va hurmat bilan yondashishi, toʻgʻri maslahat berishi zarur. Farzandni oʻzi istamagan kasbga majburan yoʻnaltirish oʻrniga, undagi mavjud qobiliyatlarni rivojlantirish va mustaqil qaror qabul qilishiga koʻmaklashish samaraliroqdir.

Taʼlim muassasalari esa yoshlarga turli kasblar haqida xolis maʼlumot berish, kasbga yoʻnaltirish mashgʻulotlarini tashkil etish, korxona va tashkilotlarga turlar uyushtirish, mutaxassislar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali ularning kasbiy tasavvurini kengaytirishi mumkin.

Hozirgi sharoitda axborot texnologiyalari, dasturlash, muhandislik, tibbiyot, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va hunarmandlik kabi sohalarda malakali kadrlarga ehtiyoj mavjud. Biroq qaysi soha tanlanishidan qatʼi nazar, yoshlar puxta bilim olish, mehnat qilish va malakasini doimiy oshirib borishga tayyor boʻlishi kerak.

Shuningdek, yoshlarga faqat kasb egallashni emas, balki tadbirkorlik, moliyaviy va yuridik savodxonlik, jamoa bilan ishlash, muammolarni murosa bilan hal qilish va muloqot madaniyatini ham oʻrgatish zarur. Bu koʻnikmalar ularning kelajakda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga yordam beradi.

Yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishsizlikni kamaytirish, oilalar farovonligini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, kasbli va bilimli yoshlar jamiyatning ishonchli tayanchiga aylanadi. Zotan, yurtning ertasi ham oʻshalardir.

Xalqimizda yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishda azaldan ustoz-shogird anʼanasiga alohida eʼtibor berilgan. Hunarmandlik, kulollik, zargarlik, duradgorlik, toʻquvchilik va boshqa koʻplab sohalarda yoshlar tajribali ustozlardan taʼlim olib, kasb sirlarini oʻrgangan. Ustoz shogirdga faqat ish usullarini emas, balki mehnat madaniyati, halollik, sabr, kamtarlik va masʼuliyatni ham oʻrgatgan.

Ustozning hayotiy tajribasi shogird uchun katta maktabdir. U kasbiy faoliyatda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatolarni koʻrsatib beradi va sabablarini tushuntiradi, murakkab vazifalarni bajarish usullarini oʻrgatadi va (hadiksiramasdan) mustaqil qaror qabul qilishga koʻniktiradi. Albatta, shogird ham ustozning nasihatlarini diqqat bilan tinglashi, berilgan topshiriqlarni sidqidildan bajarishi va oʻrganishdan charchamasligi lozim.

Bugungi kunda kasb-hunar taʼlimi muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy tashkilotlar va turli xizmat koʻrsatish sohalarida ustoz-shogird anʼanasi katta ahamiyatga ega. Nazariy taʼlimni amaliy tajriba bilan uygʻunlashtirish yoshlarning mehnat bozoriga moslashishi va kasbiy mahoratini oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Ayniqsa, yosh mutaxassislarga tajribali xodimlarni biriktirish, ularga amaliy vazifalar berish, ish natijalarini tahlil qilish va xatolarini toʻgʻri tushuntirish samarali usullardan hisoblanadi. Bunda ustozning shaxsiy namunasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zero, shogird koʻpincha ustozning gapidan koʻra uning amaliy faoliyati, ishga munosabati va odamlar bilan muomalasidan koʻproq narsa oʻrganadi.

Shu bois ustozlarni qadrlash, ularning tajribasini yosh avlodga yetkazish va kasb-hunar anʼanalarini asrab-avaylash jamiyatning muhim vazifalaridan biri sanaladi.

Kasbni mukammal egallashda ustoz koʻrsatmalari bilan birga ishni puxta bajarish ham muhim oʻrin tutadi. Haqiqiy mutaxassis oʻz mehnatining natijasi uchun masʼuliyatni his etishi, odamlarga naf keltirishni maqsad qilishi va oʻz faoliyatida halollikni ustuvor bilishi kerak.

Masalan, shifokorning bilimi va mahorati inson salomatligiga, quruvchining masʼuliyati binoning mustahkamligiga, haydovchining intizomi yoʻlovchilar xavfsizligiga, oʻqituvchining mahorati esa yosh avlodning kelajagiga bevosita taʼsir qiladi. Yaʼni, kasbiy xatolarga beparvo qarash, vazifani yuzaki bajarish yoki shaxsiy manfaatni jamiyat manfaatidan ustun qoʻyish salbiy oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.

Halollik kasb egasining eng muhim fazilatlaridan biri boʻlishi kerak, joʻralar. Halol mutaxassis ish vaqtidan unumli foydalanadi, zimmasidagi vazifani vijdonan bajaradi, xizmat yoki mahsulot sifatini taʼminlaydi va oʻz imkoniyatlarini soxta qilib koʻrsatmaydi. U oʻz mehnatining qadrini biladi va boshqalarning mehnatini ham hurmat qiladi.

Kasbiy mahorat bilan maʼnaviy yetuklikning uygʻunligi insonni haqiqiy mutaxassis darajasiga olib chiqadi. Bilimli, ammo masʼuliyatsiz tanballik qilib, inson oʻz salohiyatidan toʻliq foydalanmaydi. Aksincha, bilim, mahorat, odob va vijdonni oʻzida mujassam etgan mutaxassis jamoada ishonch qozonadi, obroʻ-eʼtibor topadi va uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishadi.

Shu maʼnoda, kasb-hunarni mukammal egallash insonning oʻz oldidagi vazifasi boʻlish bilan birga, jamiyat va xalq oldidagi masʼuliyati hamdir. Har bir kasb egasi oʻz sohasida halol va sifatli mehnat qilsa, umumiy taraqqiyotga munosib hissa qoʻshgan boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, kasb-hunarni mukammal egallash inson kamoloti, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Kasbli inson oʻz mehnati bilan hayot kechirish, oilasini taʼminlash, boshqalarga yordam berish va jamiyatda munosib oʻrin egallash imkoniyatiga ega boʻladi.

Biroq kasbiy muvaffaqiyatga erishish uchun muayyan hunarni oʻrganishning oʻzi kifoya qilmaydi. Buning uchun mustahkam bilim, amaliy tajriba, sabr-toqat, intizom, masʼuliyat, halollik va doimiy izlanish talab etiladi. Shu bois zamon talablardan kelib chiqib, oʻz malakasini muntazam oshirib borish ham har bir mutaxassisning muhim vazifasi hisoblanadi.

Ayniqsa yosh avlodni kasb-hunarga yoʻnaltirish, qalbida mehnatsevarlik hissi va mustaqil qarorlar qabul qilish koʻnikmasini shakllantirish, ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish va kasbiy odobni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratish lozim.

Islom taʼlimoti halol mehnatni, oʻz qoʻl mehnati bilan rizq topish va insonlarga naf keltirishni yuksak qadriyat sifatida eʼtirof etadi. Demak, kasbni puxta egallash, uni halollik va vijdon bilan ado etish insonning moddiy farovonligi bilan birga maʼnaviy kamolotiga ham xizmat qiladi.

Qaysi sohada faoliyat yuritishidan qatʼi nazar, har bir inson oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlishga intilishi, mehnatini qadrlashi va kasbiy mahoratini doimo takomillashtirib borishi zarur. Zero, kasbni bilish – imkoniyat, kasbni mukammal egallash – mahorat, uni halol va vijdonan bajarish esa yuksak fazilatdir.

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Qurʼoni karim. Najm surasi, 39-oyat.
  2. Imom Buxoriy. “Al-Jomeʼ as-sahih”. 2072-hadis.
  3. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni. 2020-yil 23-sentyabr. “OʻRQ-637-son Qonuni”. 9-modda. “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim”.
  4. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni. 2020-yil 20-oktyabr. “OʻRQ-642-son Qonuni”. 3-modda. “Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish milliy tizimi”. // 63-modda. “Kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malaka oshirishga doir davlat buyurtmasi”.
  5. Kasb-hunar taʼlimi, mehnat tarbiyasi va shaxs kamolotiga oid ilmiy-uslubiy adabiyotlar.
 Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Telefonning koʻrinmas zanjirlari

UYALI TELEFON: QULAYLIK BILAN BIRGA KELADIGAN XAVFLAR. KOʻRINMAS ZARARLARI. HAYOTIMIZDAN NIMALARNI TORTIB OLMOQDA?  Xorijiy ommaviy …