Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / KASB-HUNARNI MUKAMMAL EGALLASH – FAROVON HAYOT VA YUKSAK MAʼNAVIYAT GAROVI

KASB-HUNARNI MUKAMMAL EGALLASH – FAROVON HAYOT VA YUKSAK MAʼNAVIYAT GAROVI

Har qanday kasbni mukammal egallash uchun insonda qator muhim fazilat va koʻnikmalar shakllangan boʻlishi zarur

Inson hayotida kasb-hunarning oʻrni beqiyos. Kasb nafaqat tiriklik manbai, balki shaxsning jamiyatdagi oʻrnini belgilaydigan, qobiliyati va salohiyatini namoyon etadigan muhim omillardan biridir. Inson muayyan kasbni egallash orqali oʻz hayotini mazmunli tashkil etadi, oilasi farovonligini taʼminlaydi va jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshadi. Shu bois kasb-hunar oʻrganish, puxta egallash va oʻz sohasining yetugi boʻlish har bir inson oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.

Ammo bugungi tezkor taraqqiyot, ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan davrda kasb-hunarni egallashning oʻzi yetarli emas. Shiddatli davr bilan hamqadam boʻlish uchun endi tanlangan soha boʻyicha chuqur bilimga ega boʻlish, amaliy koʻnikmalarni takomillashtirish, unga aloqador ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirish va doimiy ravishda yangilanish va izlanish taqozo qilinyapti. Chunki zamon oʻzgargani sari mehnat bozoridagi talablar ham yangilanib bormoqda. Bunday sharoitda oʻz kasbining ustasi boʻlgan, masʼuliyatli, halol va tashabbuskor inson koʻproq qadrlanadi.

Kasb-hunarni mukammal egallash masalasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va maʼnaviy ahamiyatga ham ega. Zero, hunarli inson oʻz mehnati bilan rizq topadi, boshqalarga naf keltiradi, yoshlarga ibrat boʻladi va jamiyatda mehnatsevarlik muhiti shakllanishiga xizmat qiladi.

Kasb-hunar – inson kamoloti va ayni paytda jamiyat ravnaqining muhim omili sanaladi. Kasb insonning muayyan sohadagi faoliyati, hunar esa shu faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan amaliy mahorat va koʻnikmalar majmuidir. Har qanday kasbni egallash uchun bilim, sabr-toqat, mashq, tajriba va masʼuliyat talab etiladi. Inson biror hunarni oʻrganishni boshlaganida dastlab oddiy vazifalarni bajaradi, vaqt oʻtishi bilan tajribasi oshib, murakkab ishlarni ham mustaqil ravishda va sifatli qilib amalga oshiradigan darajaga yetadi.

Kasbni mukammal egallash bir kunlik riyozat emas. Bu uzoq davom etadigan taʼlim, izlanish va oʻz ustida ishlash jarayonidir. Haqiqiy mutaxassis faqat oʻz vazifasini bajarish bilan cheklanmaydi, balki uni yanada sifatli, samarali va zamonaviy usullarda amalga oshirish yoʻllarini ham izlaydi.

Jamiyat taraqqiyoti turli kasb egalarining mehnatiga bogʻliq. Muallim bilimli avlodni tarbiyalaydi, shifokor jamiyatda salomatlikni muhofaza qiladi, dehqon xalq dasturxonini toʻldiradi, quruvchi bino va inshootlar barpo etadi, muhandis ishlab chiqarishni rivojlantiradi, dasturchi raqamli texnologiyalarni takomillashtiradi. Daromadi, nufuzi va boshqa jihatlari qanday boʻlishidan qatʼi nazar har bir kasbning jamiyat hayotida oʻz oʻrni va ahamiyati bor. Temirchi har qancha zoʻr pichoq yasamasin, qassoblikni boshqaga topshiradi. Lekin qassob ham sochini oʻzi kaltartirmaydi, sartaroshga boradi. Hatto yondosh kasb egalari ham bir-biriga muhtoj boʻladi, deylik, montyor odam uyidagi suv quvurini oʻzi sozlamaydi, oʻsha har kuni koʻrishib turadigan santexnik doʻstini yordamga chaqiradi.

Shuning uchun kasblarni faqat daromad miqdori yoki tashqi nufuzi bilan baholash toʻgʻri emas. Kasbning qadri, avvalo, u orqali insonlarga qanday naf yetkazilishi, qanday sifatli mahsulot yoki xizmat yaratilishi, eng muhimi, mijozning qanoati va qoniqishi bilan belgilanadi. Oʻz vazifasini vijdonan bajaradigan, mehnatiga masʼuliyat bilan yondashadigan har bir mutaxassis hurmatga loyiqdir.

Islom taʼlimotida mehnat va hunarning qadri alohida ahamiyatga ega. Halol mehnat, rizqni halol yoʻl bilan topish, oʻz zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarish ibodat darajasidagi amallar sanalib, muhim axloqiy tamoyillardan hisoblanadi. Qurʼoni karimda insonning saʼy-harakatlari va amallariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Insonga faqat oʻzi qilgan harakatigina (mansub) boʻlur” (Najm surasi, 39-oyat).

Ushbu oyat inson oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishish uchun harakat qilishi, masʼuliyatni zimmasiga olishi, mehnat qilishi, riyozat chekishi lozimligini anglatadi. Kasb-hunarni mukammal egallash ham aynan shunday saʼy-harakat, intizom va sabrni talab qiladigan ibodat sanaladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halol mehnatning fazilatini alohida taʼkidlaganlar: “Hech kim hech qachon oʻz qoʻli bilan topgan rizqidan yaxshiroq taom yemagan” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadis insonning oʻz mehnati bilan kun kechirishni, halol yoʻl bilan rizq topishi va boshqalarga qaram boʻlib qolmasligi naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Demak, kasb-hunar oʻrganish va uni puxta egallash nafaqat dunyoviy ehtiyojlarni taʼminlash, balki halollik, masʼuliyat va mustaqillik kabi fazilatlarni qaror toptirishga ham xizmat qilar ekan, agar bilsalaring.

Islom tarixida paygʻambarlar va solih kishilar oʻz mehnati bilan kun kechirgani haqida koʻplab maʼlumotlar bor. Jumladan, “Sahihul Buxoriy”da Dovud alayhissalom qoʻl mehnati bilan topgan rizqdan taomlanganlari bayon etilgan. Bunday maʼlumotlar mehnat qilish va hunar orqali halol rizq topish yuksak qadriyat ekanini anglatadi.

Shuningdek, islom axloqida (qabul qiluvchi oʻta ziyrak va sinchkov boʻlmaganda ham) ishni puxta bajarish, (roʻparadagi kishi unutuvchan yo mayda narsalarga beeʼtibor boʻlsa ham) omonatga xiyonat qilmaslik, (vaj keltirish va uyalib qolmaslik yoʻlini topish juda oson boʻlganda ham) vaʼdaga vafo qilish va insonlarga (hatto yomonlikka javob qaytarishga mutlaqo ojiz boʻlgan toifalarga ham) zarar yetkazmaslik muhim oʻrin tutadi. Har qanday kasb egasi oʻz faoliyatida shu tamoyillarga amal qilsa, mehnati nafaqat moddiy samara beradi, balki maʼnaviy qadriyat ham kasb etadi.

Kasbni mukammal egallashning bir necha shartlari mavjud boʻlib, biror kasbni mukammal egallash uchun insonda qator muhim fazilat va koʻnikmalar shakllangan boʻlishi zarur.

Birinchidan, yaxshi bilimga ega boʻlish kerak. Har qanday kasbda amaliy faoliyatni toʻgʻri tashkil etish uchun nazariy asoslarni bilish zarur. Shuning uchun kasb-hunar oʻrganish jarayonida faqat amaliy mashqlar bilan cheklanib qolmasdan, sohaga oid nazariy bilimlarni ham chuqur oʻzlashtirish lozim. Hatto oʻta mexanik ish boʻlib koʻringan gʻisht quyishda ham loyning qanchalar pishgani, suyuq-quyuqligi, qolipning notoʻgʻri-notoʻgʻriligi, qumning holati va boshqa jihatlar bilan bogʻliq maʼlumotlarni bilish kerak.

Ikkinchidan, amaliy tajriba orttirish muhimdir. Bilim tajriba bilan mustahkamlanmasa, uni hayotda samarali qoʻllash qiyin boʻladi. Shu sababli shogirdlik, ustoz bilan ishlash, mashgʻulotlarda faol qatnashish va mustaqil vazifalarni bajarish kasbiy mahoratni oshirishning muhim vositalari sanaladi. Oʻzimizdan qiyos – bir-ikki oy rulga oʻtirmasak, keyin dabdurustdan mashina haydashga toʻgʻri kelib qolsa, hiyla dovdirashimiz – bor gap.

Uchinchidan, sabr-toqat va qatʼiyat talab etiladi. Har bir sohani oʻrganish jarayonida qiyinchiliklar, xatolar va muvaffaqiyatsizliklar uchrashi tabiiy. Bunday paytlarda tushkunlikka tushmasdan, xatolardan xulosa chiqarish va yanada koʻproq harakat qilish zarur. Mukammallikka intilish yoʻlidagi har bir qiyinchilik inson uchun tajriba maktabi vazifasini oʻtaydi. “Men muvaffaqiyatsizlikka uchraganim yoʻq, tajribam oshyapti, xolos” degan tamoyil bilan yondashish eng toʻgʻri yoʻldir.

Toʻrtinchidan, kasbiy yetuklikning muhim belgilari – intizom va masʼuliyat. Ishga oʻz vaqtida kelish, vazifalarni belgilangan muddatda bajarish, mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish va ish natijasi uchun javobgarlikni his etish har bir mutaxassisning nafaqat rahbariyat yo jamoa, balki avvalo oʻz vijdoni oldidagi burchidir.

Beshinchidan, doimiy oʻqib-oʻrganish va mudom yangilikka intilish lozim. Hozirgi davrda yangi texnologiyalar, raqamli vositalar va ish usullari tez surʼatlarda rivojlanmoqda. Kechagi bilim bugungi talablarga toʻliq javob bermasligi mumkin. Shuning uchun kasb egasi oʻz sohasidagi yangiliklardan xabardor boʻlib borishi, malakasini muttasil oshirishi va zamonaviy talablarga moslashib borishi zarur.

Oltinchidan, kasbiy odob va halollikka amal qilish kerak. Mutaxassisning mahorati mehnatining mahsuli bilangina emas, balki odamlar bilan muomalasi, vijdonliligi, adolatliligi va ishonchni qay darajada oqlashi bilan ham oʻlchanadi. Mijozni aldamaslik, ish sifatini sunʼiy ravishda pasaytirmaslik, boshqalarning haqqi yo ishonchini poymol qilmaslik va kasbiy sirlarni saqlash yuksak axloq belgilaridir.

Demak, kasbiy mahorat bilim, tajriba, intizom, axloq va doimiy izlanishning uygʻunligi asosida shakllanar ekan, birodarlar. (davomi bor).

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Qurʼoni karim. Najm surasi, 39-oyat.
  2. Imom Buxoriy. “Al-Jomeʼ as-sahih”. 2072-hadis.
  3. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni. 2020-yil 23-sentyabr. “OʻRQ-637-son Qonuni”. 9-modda. “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim”.
  4. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuni. 2020-yil 20-oktyabr. “OʻRQ-642-son Qonuni”. 3-modda. “Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish milliy tizimi”. // 63-modda. “Kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malaka oshirishga doir davlat buyurtmasi”.
  5. Kasb-hunar taʼlimi, mehnat tarbiyasi va shaxs kamolotiga oid ilmiy-uslubiy adabiyotlar.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Zamonaviy oʻquvchi-talabaning 77 ta zamonaviy odobi

Zamonaviy OʻQUVCHI-TALABANING 77 ta zamonaviy ODOBIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:  KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA …