Oldingi maqolalarda shubhaga oʻrin qoldirmaydigan dalillar bilan paygʻambarlik kitob nozil boʻlishi emas, vahiy kelishi bilan sobit boʻlishi bayon qilindi. Shu asosda vahiyning ikki turi – tilovat qilinadigani va tilovat qilinmaydigani borligi ham koʻrsatib berildi.
Shuningdek, birinchi qismda Alloh taolodan Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiylar ham kelgani Qurʼoni karim oyatlari va qatʼiy aqliy dalillar asosida isbotlandi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari ana shunday vahiy jumlasidandir.
Bu safar esa hadis dinda hujjat ekanini va moʻminlar unga ergashishi shartligini bayon qilinadi. Shuningdek, unga xilof ish qilish yo rad etish moʻminlarga joiz emas ekani ochib beriladi.
Bu masalani yoritishda ham asosan Qurʼoni karim oyatlari bilan kifoyalanamiz. Albatta, ular oyati karimalarni qoʻllab-quvvatlash va yanada mustahkamlash maqsadida bir qancha sahih hadislarni ham keltiramiz.
Bu qismni bir muqaddima bilan boshlasak. Hadisning dinda hujjat ekani haqida aql tasavvur qilishi mumkin boʻlgan uch ehtimolni koʻrib chiqaylik.
Birinchisi: hadislar toʻlaligicha hujjatdir.
Ikkinchisi: hadislarning bir qismi hujjat, boshqa qismi hujjat emas.
Uchinchisi: hadislarning hech bir qismi hujjat emas.
Masalaning asosiy qismiga, yaʼni Qurʼoni karimdan hadis sharʼiy hujjat ekanini koʻrsatuvchi dalillarni keltirishga kirishishdan oldin oxirgi ikki ehtimol notoʻgʻri ekanini qisqacha dalillar bilan koʻrsatib oʻtishni maʼqul topdik.
Ikkinchi ehtimol qatʼiyan notoʻgʻri. Chunki bunda bir qismni boshqa qismdan ustun qoʻyish uchun hech qanday asos yoʻq. Shuningdek, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari, amallari va tasdiqlaridan bir qismini qabul qilib, unga ergashish uchun boshqa qismidan ustun qiladigan asos ham mavjud emas. Bundan tashqari, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan qaysi biri qabul qilinishi, qaysi biri esa qabul qilinmasligini aniq ajratib beradigan naqliy yoki aqliy asos ham yoʻq. Bu esa ikki xil muammoga olib keladi.
Birinchidan, hadislarga amal qilishning imkoni qolmaydi. Chunki amal qilinishi kerak boʻlgan hadislarni aniq bilish va ularni boshqalaridan ajratishning iloji boʻlmay qoladi.
Ikkinchidan, bunday yondashuv hadislarni har kim oʻz fikri va havoyi xohishiga qarab talqin qilishiga olib boradi. Bunda har bir kishi naql yoki toʻgʻri aqliy dalilga asoslanmagan holda, oʻz xohishi va qarashlariga mos keladigan hadisga amal qilib ketaveradi. Oʻz fikri va xohishiga mos kelmaydigan sunnatni esa tark etadi. Oqibatda ummatning har bir vakili yoki har bir guruhi boshqalarnikidan farq qiladigan alohida dinni shakllantirib olishi mumkin. Bunday holatni din egasi u yoqda tursin, aql-hushi joyida boʻlgan insonning oʻzi ham maʼqullamaydi.
Uchinchi ehtimol ikkinchisidan ham batamom notoʻgʻridir. Chunki bunaqa qarash Alloh taoloning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish haqidagi amrini bekor qilishga olib boradi. Bu esa, Haq taolo va Rasuli akram alayhissalomga ochiqdan-ochiq qarshi chiqishni, joʻn aytganda, kufrni anglatadi. Chunonchi, Oli Imron surasining 32-oyatida bu ochiq bayon qilingan: “Ayting: “Alloh va Paygʻambarga itoat etingiz!” Agar yuz oʻgirsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni suymas”.
Uchinchi ehtimolga suyanish Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish, soʻzlarini amal va ijro uchun qabul qilish, u zotga ergashishni buyuruvchi oʻnlab boshqa oyatlarni ham rad etishni anglatadi. Shuningdek, Paygʻambar alayhissalomga osiy boʻlishni biror shart va istisnosiz taqiqlovchi oyatlarni ham inkor qilishga olib boradi.
Chuqurroq mushohada qiladigan boʻlsak, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari hujjat sanalmasa va ularni qabul qilish vojib boʻlmasa, Qurʼoni karim Alloh taoloning kalomi ekani ham, uning hujjatligi ham sobit boʻlmay qoladi. Chunki uning ilohiyligi faqat Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning soʻzlari bilan maʼlum boʻlgan.
Shu tariqa bu ehtimolga tayanish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarligini ham yoʻqqa chiqarishga olib boradi. Chunki har qanday ilohiy elchining, jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarligi faqat uning oʻzini paygʻambar deb eʼlon qilishi va “Alloh taolo meni paygʻambar va rasul qilib yubordi” deb aytishi bilan sobit boʻladi. Rasulning rasul ekani ham, ilohiy kalomning Alloh taolo tomonidan nozil qilingan va tilovat qilinadigan vahiy ekani ham vahiy orqali maʼlum boʻladi.
Oʻz-oʻzidan kelib chiqadiki, Nabiy ﷺ Allohning Paygʻambari va Rasuli ekanlari ham, Qurʼonning Haq taolo tomonidan nozil qilingan vahiyligi ham tilovat qilinmaydigan vahiy, yaʼni hadis orqaligina sobit boʻladi.
Shu jihatdan hadislar Muhammad sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarligi tasdiq topishi, Qurʼoni karimning haq ekani tasdiqlanishi, islom dinining asoslari va farʼiy hukmlari sobit boʻlishi uchun – bugungi kun istilohi bilan aytganda – asosiy huquqiy asosdir. Bundan boshqa manbaning oʻzi yoʻq.
Paygʻambarlik sobit boʻlmay turib, soddaroq aytganda, Rasuli akram alayhissalomning elchiligiga imon keltirib, hadislarini qabul qilmaguncha islomda biror hukm chiqarishning iloji yoʻq. Negaki, paygʻambarlik u zotning Alloh taolo tomonidan rasul va nabiy etib yuborilganini eʼlon qilishlari, bu daʼvo moʻjizalar va paygʻambarlik alomatlari bilan tasdiqlanishi orqali sobit boʻlgan. Bu eʼlon ham, tasdiq ham Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan biridir. Yaʼni, koʻrib turganimizdek, islomda huquqiy poydevorning zamirida hadislar – birinchi navbatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ogʻizlaridan chiqqan soʻzlar turipti. Oyat ham, hadis ham avval lafz orqali insonlarga yetib borgan. Shunday boʻlgach, hadislarga rioya etmaslik islomning manbaini rad etish bilan barobar sanaladi. Bu esa, islomning oʻzini inkor qilish demakdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




