Home / XALQARO YANGILIKLAR / Yana bir tadqiqotchimizning ilmiy maqolasi – AQSHning nufuzli jurnalida

Yana bir tadqiqotchimizning ilmiy maqolasi – AQSHning nufuzli jurnalida

Avval xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukurillo Umarov va Nodir Qobilovning muhim ilmiy maqolalari AQSHda nashr etiladigan “International Journal Of History And Political Sciences” xalqaro ilmiy jurnalida eʼlon qilinib, ularga maxsus mualliflik sertifikatlari taqdim etilgan edi.

Markaz xodimlari olib borayotgan tadqiqotlar natijasining xalqaro miqyosdagi eʼtirofi davom etmoqda. Mazkur xalqaro jurnalning joriy yil sentyabr oyi sonida ilmiy xodim Nurmuhammad Matkarimovning tasavvuf falsafasiga bagʻishlangan maqolasi eʼlon qilindi.

Muallifga ushbu xalqaro akademik platforma tomonidan maxsus mualliflik sertifikati taqdim etildi.

Maqola “Sufi Terms and Their Unconventional Expressions in Najmiddin Kubroʻs Work ʼFavoihu-L-Jamol Va Favotihu-L-Jalolʼ” (“Najmiddin Kubroning «Favoihul jamol va favotihul jalol» – «Goʻzallik tarovati va ulugʻvorlik muqaddimasi» asarida tasavvufiy atamalar va ularning oʻziga xos ifodalari”) deb nomlanadi. Unda buyuk alloma, kubroviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubroning boy merosi, xususan, uning mazkur noyob asaridagi tasavvufiy terminlarning qoʻllanish xususiyatlari va mazmuni ilmiy-akademik yondashuv asosida chuqur tahlil etilgan.

Mazkur nufuzli xorijiy nashrda yana bir xodimimizning ilmiy maqolasi chop etilgani Markazda yurtimiz allomalarining ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va jahon miqyosida keng targʻib etish borasida olib borilayotgan izchil saʼy-harakatlarning galdagi yorqin amaliy samarasidir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz vakillari – Bulgʻor islom akademiyasi xalqaro anjumanining minbarida

Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Bulgʻor shahridagi Bulgʻor Islom akademiyasida “Yoshlar va …