Home / FOTO LAVHALAR / “Tarixul Kabir” – Movarounnahr ilmiy merosining muhim boʻgʻini

“Tarixul Kabir” – Movarounnahr ilmiy merosining muhim boʻgʻini

Turkiyadagi Pamukkale universitetining Islom ilmlari institutida “Imom Buxoriy ilmiy merosi: Anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy simpozium doirasida 10-oktyabr kuni navbatdagi ilmiy sessiya boʻlib oʻtdi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev “Imom Buxoriyning “Tarixul Kabir” asarida Movarounnahr olimlari” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruzada IX asrda Movarounnahrda hadis ilmining rivojlanishi, Buxoro, Samarqand, Poykand, Nasaf va Termiz kabi shaharlarning ilmiy hayotdagi oʻrni, mahalliy muhaddislarning hadislarni rivoyat qilish va roviylar ishonchliligini baholashdagi faoliyati yoritildi.

Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriyning mazkur asarida 13 779 nafar roviy haqida maʼlumot jamlangan. Bu esa hadis roviylari faoliyati bilan bir qatorda, oʻsha davrdagi ilmiy aloqalar, ustoz-shogird anʼanalari va mintaqalararo bilim almashuvini oʻrganishda ham muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Maʼruzachi Muhammad ibn Sallom Poykandiy va Abdulloh ibn Muhammad Musnadiy Buxoriy kabi olimlar faoliyati misolida Movarounnahrda Imom Buxoriydan avval ham shakllangan hadisshunoslik anʼanalarini koʻrsatib berdi. Shuningdek, Hijoz, Iroq va Shom ilm markazlari bilan aloqalar mintaqadagi muhaddislarning keng ilmiy muhitda faoliyat yuritganini tasdiqlovchi dalillar sifatida tahlil qilindi.

Simpoziumda Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Buyuk Britaniya, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Marokash, Iordaniya va Jazoirdan oltmishdan ortiq olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Anjuman davomida Imom Buxoriyning hadis metodologiyasi, fiqhiy qarashlari, asarlariga yozilgan sharh va hoshiyalar, shuningdek, turli mamlakatlar kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarni tadqiq etish va alloma merosini zamonaviy usullar asosida asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.

Anjuman doirasidagi muhokamalar hadis ilmi tarixi va Movarounnahr allomalarining jahon ilm-fani taraqqiyotidagi oʻrnini yanada kengroq yoritishga qaratildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Parij konferensiyasi arafasida

Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida oʻtadigan “Islom sivilizatsiyasi: Oʻzbekistonning buyuk maʼnaviy-ilmiy merosi, maʼrifatning yangi ufqlari va …