Home / FOTO LAVHALAR / “Imom Buxoriy ilmiy merosi: Anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar”

“Imom Buxoriy ilmiy merosi: Anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar”

9-oktyabr kuni Turkiyaning Denizli shahridagi Pamukkale universitetida shu mavzuda nufuzli xalqaro ilmiy simpozium boshlandi. Anjuman Turkiyadagi Pamukkale universiteti, Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Diyonat ishlari boshqarmasi va boshqa nufuzli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida Pamukkale universiteti rektori professor dr Mahmud Gungoʻr, ISAM direktori professor dr Murtazo Bedir va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov nutq soʻzlab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelajakda amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar va ilmiy tadqiqotlar yuzasidan fikr bildirdi.

Markaz rahbari qadim va hamisha navqiron Samarqanddan yoʻllangan qizgʻin salom va ezgu tilaklarni yetkazib, Imom Buxoriy merosi butun insoniyatning maʼnaviy boyligi ekanini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, ilm chegara bilmasligi, maʼrifat xalqlarni yaqinlashtirishi, haqiqat yoʻlidagi hamkorlik insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilishini alohida urgʻuladi.

Simpoziumda Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev ham ishtirok etmoqda.

Anjumanning ilmiy sessiyalarida yurtimiz va xorijdan tashrif buyurgan soha mutaxassislari qatorida Markaz vakillari ham dolzarb mavzularda maʼruzalar qilib, islom huquqshunosligi, hadis ilmi va mutafakkirlar merosini oʻrganish borasidagi yangi ilmiy yondashuvlar borasida oʻzaro tajriba almashadi.

Xalqaro simpozium uch kun davom etadi. 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Afgʻonistonda xalqaro konferensiyada Markazimiz vakillari ham ishtirok etmoqda

3-7-oktyabr kunlari Afgʻoniston poytaxti Qobul shahrida buyuk hanafiy faqihi va allomasi Burhoniddin Margʻinoniy xotirasiga bagʻishlangan …