Home / FOTO LAVHALAR / YUNESKO minbarida Oʻzbekistonning allomalar merosi va islohotlari haqida soʻzlandi

YUNESKO minbarida Oʻzbekistonning allomalar merosi va islohotlari haqida soʻzlandi

YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida 7-oktyabr kuni “Islom sivilizatsiyasi: Oʻzbekistonning buyuk maʼnaviy-ilmiy merosi, maʼrifatning yangi ufqlari va sivilizatsiyalar muloqoti” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Mazkur nufuzli anjumanda yurtimizning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari, qator vazirlik va idoralar vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev va boʻlim boshligʻi Jonibek Jumayev ham faol qatnashib, Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va maʼrifiy loyihalarni dunyo hamjamiyatiga taqdim etdi.

Anjuman avvalida qayd etilganidek, bunday tadbirlarning oʻtkazilishi bejiz emas. BMT Bosh assambleyasining oʻtgan yilgi 80-yubiley sessiyasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan global tashabbuslar bugun oʻzining amaliy ifodasini topib, xalqaro maydonda keng eʼtirof etilmoqda. Xususan, yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini jahon miqyosida qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi ulugʻ allomalar boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro minbarlarda keng targʻib etish orqali islom dinining asl ezgulik, tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat dini ekanini ilmiy asosda yana bir karra tasdiq etish gʻoyasi bugungi anjumanning bosh muhriga aylandi. Xalqaro miqyosdagi bu forum Oʻzbekiston madaniy diplomatiyasidagi esda qolarli tarixiy voqea sifatida tarixga kirdi.

Anjumanning “Movarounnahrning buyuk olim va mutafakkirlari: Jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotini belgilab bergan meros” deb nomlangan panelida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev “Imom Buxoriy: Ishonchli ilm, yuksak axloq va ilmiy masʼuliyatning buyuk anʼanasi” mavzusida maʼruza qildi. Notiq YUNESKO minbarida turib ilk bor hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning boy ilmiy merosi, sahih hadislarni toʻplash va kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlidagi mislsiz xizmatlari, shuningdek, bugungi kunda Markazda allomaning ilmiy merosini chuqur oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan fundamental tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik aloqalari xususida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, mutafakkirlar qoldirgan ilmiy meros alohida bir xalq yo hududgagina emas, balki butun insoniyatning umumbashariy boyligi hisoblanishiga urgʻu berdi.


Forum doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan ilmiy nashrlar va kitoblarning koʻrgazma-taqdimoti tashkil etildi. Qatnashchilar Markazning soʻnggi yillardagi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishib, allomalar merosiga bagʻishlangan fundamental risolalar va toʻplamlarni katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi.

Anjuman davomida yirik xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar vakillari Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlarini yuksak baholadi. Forum yakunida ilm-fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Afgʻonistonda xalqaro konferensiyada Markazimiz vakillari ham ishtirok etmoqda

3-7-oktyabr kunlari Afgʻoniston poytaxti Qobul shahrida buyuk hanafiy faqihi va allomasi Burhoniddin Margʻinoniy xotirasiga bagʻishlangan …