Home / FOTO LAVHALAR / Markaz vakillari – Bulgʻor islom akademiyasi xalqaro anjumanining minbarida

Markaz vakillari – Bulgʻor islom akademiyasi xalqaro anjumanining minbarida

Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Bulgʻor shahridagi Bulgʻor Islom akademiyasida “Yoshlar va global tahdidlar: Diniy anʼanaviylik paradigmasida avlodlar muloqoti va yechimlar izlash” mavzusida talabalarning xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Islom madaniyati, fan va taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Akademiya hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda turli mamlakatlardan yetakchi ekspertlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Nurmuhammad Matkarimov va Bayozxon Mahmudov ham onlayn qatnashib, yoshlarni global tahdidlardan himoya qilish, anʼanaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va avlodlar muloqotini mustahkamlash masalalari keng muhokama qilingan sessiya yigʻilishlarida maʼruzalarini taqdim etdi.

N.Matkarimov arab tilida tayyorlagan “Islomning tabiatga munosabati” mavzusidagi ilmiy maʼruzasida islom taʼlimotida tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, uni asrab-avaylash va ekologik muvozanatni saqlashning maʼnaviy-axloqiy asoslarini ochib berdi.

Bayozxon Mahmudov esa “Musulmon taʼlimidagi anʼanaviy oilaviy qadriyatlar – yoshlarda fuqarolik oʻzligini shakllantirish omili” mavzusidagi maʼruzasida oilaviy qadriyatlarning yosh avlod kamoloti va jamiyatda sogʻlom fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashdagi oʻrnini ilmiy dalillar asosida yoritib berdi.

Markaz xodimlarining ushbu xalqaro ilmiy anjumandagi faol ishtiroki Oʻzbekistonda yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, islom ilm-fani va madaniyatining boy merosini jahon miqyosida keng targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda SWAN X 2026 xalqaro anjumani boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 6-oktyabr kuni Nabaviy meros boʻyicha X xalqaro anjuman – SWAN …