Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziya Islom ilmlari universiteti (USIM), Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti (UniSIRAJ) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Nabaviy meros boʻyicha 10-xalqaro anjuman (SWAN X 2026) 7-oktyabr kuni oʻz ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

Tadbirning ikkinchi kuni onlayn formatdagi parallel ilmiy sessiyalar va maxsus maʼruzalar bilan davom etdi. Unda raqamli davrda inqirozlarni yengib oʻtish, insonning ichki va tashqi barqarorligi va kamoloti masalalariga nabaviy yondashuvlar, shuningdek, zamonaviy jamiyat farovonligining maʼnaviy asoslari keng tahlil qilindi.

Ikki kun davomida “Globallashuv sharoitida barqaror taraqqiyot va oqil rahbarlik: Paygʻambar alayhissalom merosi va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida oʻtkazilgan anjumanda Oʻzbekiston va Malayziya, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Oʻmon, Qatar, Indoneziya, Tailand va Nigeriyadan olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Forum davomida tinglangan 200 dan ortiq maʼruzadan 50 dan ziyodi oflayn, 170 ga yaqini onlayn shaklda taqdim etildi. Har ikki yilda muntazam tashkil etib kelinadigan bunday nufuzli anjumanning keng geografiya va faol ishtirokchilarni jamlagani uning xalqaro miqyosda naqadar muhim va ommabop ilmiy maydonga aylanib borayotganini koʻrsatdi.


Tashkilotchilarning eʼtirof etishicha, anjumanning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi chuqur tarixiy va akademik ahamiyatga ega. Zero, mamlakatimiz islom ilmiy anʼanalari, jumladan, hadis ilmining betakror markazi sifatida Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning boy merosi bilan chambarchas bogʻliqdir. Markazda tashkil etilgan mazkur xalqaro forum esa turli mamlakatlaridagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar oʻrtasidagi akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, hadis, siyrat va sunnat tadqiqotlari sohasidagi ilmiy muhokamalarni yangi bosqichga koʻtarishga muhim xizmat qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




