Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 6-oktyabr kuni Nabaviy meros boʻyicha X xalqaro anjuman – SWAN X 2026 ish boshladi.

Oʻzbekiston va Malayziya, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Oʻmon, Qatar, Indoneziya, Tailand va Nigeriya olimlarini jamlagan anjuman “Globallashuv sharoitida barqaror taraqqiyot va oqil rahbarlik: Paygʻambar alayhissalom merosi va zamonaviy yondashuvlar” mavzusiga bagʻishlandi.

Tadbir Malayziya Islom ilmlari universiteti (USIM), Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti (UniSIRAJ) bilan hamkorlikda, global muammolarga islomiy ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda nabaviy merosni keng targʻib etish maqsadida tashkil etildi.

Anjumanning ochilish marosimida Malayziyaning Perlis shtati valiahd shahzodasi Tuanku Sayyid Fayzuddin Putra Zoti Oliylari, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Markaz direktori Shovosil Ziyodov va USIM prorektori professor Mushaddad Hasbulloh tadbirning ilmiy-maʼrifiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratib, jamiyatni taraqqiy ettirishda nabaviy merosni chuqur oʻrganish, yoshlarni yuksak axloq va ilm-maʼrifatga oshnolik ruhida tarbiyalash hamda zamonaviy global muammolarga islomiy ilmiy yondashuvlar asosida yechim topish masalalariga urgʻu berdi. Shuningdek, Samarqandning qadimdan buyuk ilm markazi boʻlib kelgani, bugungi kunda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar butun mamlakatimiz bu yoʻnalishdagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashiga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tadbir doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Malayziya Islom ilmlari universiteti va Tuanku Sayyid Sirojiddin xalqaro islom universiteti oʻrtasida qoʻshma tadqiqotlar va akademik almashuvlarni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Perlis valiahd shahzodasi Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga dil soʻzlarini yozib qoldirdi.

Anjumanda yetakchi xorijiy va mahalliy olimlarning global beqarorlik va inqirozlarni boshqarishda hadislarga asoslangan yondashuvlar yuzasidan maʼruzalari tinglandi. Kunning ikkinchi yarmida davom etgan ilmiy sessiyalarda tadqiqotchilarning nabaviy axloq, oila va jamiyat boshqaruvi hamda zamonaviy muammolarga bagʻishlangan qirqdan ortiq ilmiy maʼruzasi qizgʻin muhokama qilindi.

Anjuman 7-oktyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




