(“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)
Shafoat – qiyomat kuni boshqa birov uchun manfaat keltirish yoki zararni daf qilishda vositachi boʻlishdir. Shafoatning barchasi yolgʻiz Allohning ixtiyoridadir. U Alloh taoloning moʻmin bandalar uchun beradigan buyuk neʼmatidir. Har bir moʻmin banda qiyomat kuni shafoatdan nasibador boʻlishga umid qiladi.
Baʼzi farishtalar baʼzi odamlarni va baʼzi odamlar ham baʼzilarini shafoat qiladi. Paygʻambarlar oʻz ummatlarini shafoat qiladi. Baʼzi ota-onalar oʻz farzandlarini shafoat qiladi. Baʼzi farzandlar oʻz ota-onasini shafoat qiladi. Eng katta shafoat egasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdir. Alloh taolo: “Shoyad, Robbing seni maqtalgan maqomda tiriltirsa”[1], degan. Sahoba va tobeinlarning katta qismi “maqtalgan maqomda” degan iborani “shafoat maqomi”, deb tafsir qilgan.
Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, Alloh taolo gunohi kabira qilgan kishini shafoatsiz ham kechirishi mumkin. Shunday ekan uning Paygʻambarlar va solihlarning shafoati bilan kechirilishi undan ham afzalroq sanaladi.
Moʻtazilalar nazdida gunohi kabira qilgan kishini shafoat qilish mumkin emas. Ular: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, moʻmin ham, kofir ham emas. U ikki manzil orasida boʻladi. Toat-ibodatlari foyda bermaydi. Uning afv va magʻfirat qilinishi mumkin boʻlmaydi”, deydi. Ularning nazdida uni kechirish xuddi kofirni kechirishga oʻxshaydi. Bu notoʻgʻridir.
Alloh taolo:
﴿يَوْمَ نَحْشُرُ الْمُتَّقِينَ إِلَى الرَّحْمَنِ وَفْدًا (85) وَنَسُوقُ الْمُجْرِمِينَ إِلَى جَهَنَّمَ وِرْدًا (86) لَا يَمْلِكُونَ الشَّفَاعَةَ إِلَّا مَنِ اتَّخَذَ عِنْدَ الرَّحْمَنِ عَهْدًا (87) ﴾
“Taqvodorlarni Rahmon huzuriga mehmon hayʼati etib toʻplagan kunimizda. Jinoyatchilarni jahannamga chanqoq hollarida haydaymiz. Ular shafoatga molik boʻlmaslar. Magar kim Rahmon huzurida ahdu paymon olgan boʻlsa (molik boʻlur)”[2], degan. Gunohi kabira egasi esa Rahmonning huzurida imon va tavhid bilan ahdu paymon olgandir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim “Laa ilaaha illalloh” deb, U Zotga biror narsani sherik qilmasa, u Rahmonning huzurida ahdu paymon olgandir”, deganlar[3]. Demak, ushbu oyat gunohi kabira egasini ham qamrab oladi.
Alloh taolo yana:
﴿وَلَا يَشْفَعُونَ إِلَّا لِمَنِ ارْتَضَى﴾
“U(farishta)lar faqat U Zot rozi boʻlgan shaxslarnigina shafoat qilurlar”[4], degan. Gunohi kabira egasi esa imoni, toati va tavhidi sababli Alloh taolo rozi boʻlgan shaxslardan hisoblanadi. Moʻmindagi tavhid uni Alloh rozi boʻlganlar ahlidan qiladigan eng ulugʻ toatdir. Xabarda: “Tarozining bir pallasiga yetti osmon, bir pallasiga “Laa ilaaha illalloh” kalimasi qoʻyilsa, “Laa ilaaha illalloh” kalimasi ogʻir keladi”, deyilgan[5].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening shafoatim ummatimning gunohi kabira qilganlari uchundir”, deganlar. Bu mashhur hadis. Boshqa hadisda u zot: “Qiyomat kuni mening shafoatim bilan eng saodatli boʻladigan insonlar – qalbidan xolis holda “La ilaha illalloh”, deb aytganlardir”, deganlar. Yana bir hadisda: “Ummatimdan bir kishining shafoati bilan Bani Tamimdan ham koʻproq kishi jannatga kiradi”, deganlar.
Xulosa qilganda, gunohi kabira qilgan kishi ham shafoat qilinishi joiz sanaladi. U Allohning rahmati va shafoat qiluvchilarning shafoati bilan magʻfirat qilinib, bir yoʻla jannatga kirishi yoki qilgan gunohlariga yarasha doʻzaxda azoblanib, soʻng jannatga kirishi joizdir. Yaʼni, gunohkor moʻminlar doʻzaxda abadiy qolmaydi. Kofirlar esa doʻzaxda abadiy qoladi va magʻfirat qilinmaydi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




