Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / Imom Buxoriy merosida halol rizq va ijtimoiy adolat

Imom Buxoriy merosida halol rizq va ijtimoiy adolat

Inson hayotida rizq va uni topish manbalari azaldan muhim ijtimoiy va axloqiy masalalardan biri boʻlib kelgan. Moddiy ehtiyojlarni qondirish, kasb-hunar egallash, savdo-sotiq qilish va oila farovonligini taʼminlash har bir shaxsning tabiiy intilishidir. Islom taʼlimotida bu jarayon faqat boylik orttirish vositasi sifatida emas, balki halollik, poklik hamda adolat mezonlari asosida baholanadi.

“Ey imon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan yenglar va Allohga shukr qilinglar, agar Ungagina ibodat qiladigan boʻlsangiz” (Baqara surasi 172). Mazkur oyatdagi “pok narsalar” tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Mufassirlar ushbu koʻrsatmani faqat isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatning sharʼan ruxsat etilgani bilan cheklamaydilar. Eng muhimi, rizqning qanday manba va usul orqali topilgani nazarda tutiladi. Yaʼni, inson daromadiga firibgarlik, poraxoʻrlik, oʻgʻirlik, zulm va boshqalarning haqi aralashmagan boʻlishi lozim. Oyatdan anglashiladiki, “rizqning mavjudligi”ning oʻzi kifoya emas, uning manbai va topilish yoʻli insonning maʼnaviy va axloqiy masʼuliyatini belgilaydi. Pok manbadan kelgan rizq insonning ichki dunyosini va jamiyatdagi munosabatlarini sogʻlomlashtiruvchi asosiy negizdir.

Buyuk muhaddis Imom Buxoriyning maʼnaviy va ilmiy merosida halol rizq va ijtimoiy adolat tushunchalari bir-birini toʻldiruvchi yaxlit tizim sifatida ilgari surilgan. “Al-jomiʼ as-Sahih” asarida Miqdom roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadis keltiriladi: “Hech bir kishi oʻz qoʻli bilan mehnat qilib topgan taomidan koʻra yaxshiroq rizq yegan emas. Allohning paygʻambari Dovud alayhissalom ham oʻz qoʻl mehnati bilan taomlanar edilar”.

Mazkur hadisning “Sahihul Buxoriy”ning “Kitobul bayʼ” (savdo-sotiq) boʻlimida, aynan “Kishining oʻz qoʻli va mehnati bilan topgan kasbi haqidagi bob”da keltirilishi chuqur maʼnoga ega. Bu islomda mehnatga axloqiy va ijtimoiy yuksak qadriyat sifatida qaralishini koʻrsatadi. Mehnat – shunchaki moddiy manfaat olish vositasi emas, balki oʻzgalarga muhtoj boʻlmay sharaf bilan yashash manbaidir. Hadisda paygʻambarlik va podshohlik maqomi berilgan Dovud alayhissalomning oʻz qoʻl mehnati bilan rizq topgani misol qilib keltirilishi halol kasb-hunar inson qadr-qimmatini yuksaltirishini anglatadi. “Sahihul Buxoriy”ning “Kitabul Ijora” (ijara va yollanish kitobi), mardikorning ish haqini bermagan kishining gunohi bobida birovning haqiga dahl qilinishi quyidagi “hadisi qudsiy” orqali qattiq taqib qilingan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh taolo aytdi: “Qiyomat kuni Men uch toifa kishiga qarshi daʼvogar boʻlaman… (shulardan biri) bir mardikorni ishga yollab, undan toʻliq foydalanib, soʻng haqini bermagan kishidir”.

Hadisda ishchining haqini bermaslik oddiy maʼmuriy kamchilik sifatida emas, balki nihoyatda ogʻir axloqiy jinoyat sifatida koʻrsatiladi. Chunki ish beruvchi ishchining mehnatidan foydalangan, uning mehnati natijasini olgan, ammo uning haqini bermagan. Bu holatda bir tomon boylik yoki foydaga ega boʻladi, ikkinchi tomon esa oʻz mehnati uchun belgilangan haqdan mahrum boʻladi.

Hadisning yana bir muhim jihati shundaki, unda “mehnatini toʻliq olgan” mazmuni mavjud. Yaʼni, ish beruvchi ishchidan oʻz vazifasini bajarishni talab qilgan, ishchi esa oʻz majburiyatini ado etgan. Shunday ekan, ish beruvchining majburiyati ham ish haqini berish bilan tugaydi. Bu oʻzaro majburiyat va masʼuliyat tamoyilidir. Mazkur hadis zamonaviy mehnat munosabatlari uchun ham muhim axloqiy mezon beradi. Mehnat shartnomasida belgilangan haqni oʻz vaqtida toʻlash, ishchining mehnatini asossiz kamaytirib baholamaslik, uning mehnatidan foydalanib, keyin haqini kechiktirmaslik ijtimoiy adolatning asosiy talablaridan biridir. Imom Buxoriy merosida mehnat munosabatlari ikki tomonlama masʼuliyat asosida quriladi: ishchi oʻz vazifasini halol va sidqidildan bajaradi; ish beruvchi esa uning haqini adolatli ravishda beradi.

Bayozxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “Zarafshon” gazetasi 3-oktyabr 86-soni

Check Also

ZARAFSHON VOHASI TASAVVUF TARIXIGA OID EPIGRAFIK YODGORLIKLAR

Naqshbandiya-mujaddidiya musulmon jamiyatining barcha jabhalariga taʼsir qiluvchi kuchga aylanib, hukmdorlar, davlat arboblari, ziyolilar va oddiy …