Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Oʻymovut mahalla fuqarolar yigʻinida mahalla oqsoqollari, faollari va yoshlar ishtirokida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Uchrashuv davomida “Yosh avlod tarbiyasida nuroniylarning oʻrni” hamda “Mustahkam oila – barqaror jamiyat asosi” mavzularida tushuntirish va targʻibot ishlari olib borildi. Xususan, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilaviy qadriyatlarni asrash, oila tinchligi va jamiyat barqarorligini taʼminlashda nuroniylarning ibratli oʻrni xususida fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Markaz tomonidan nashr etilgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” turkumidagi 7 ta kitob va 18 nomdagi risolaning taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur adabiyotlarning mazmun-mohiyati, sodda va ravon tilda yozilgani hamda bugungi kunning dolzarb mavzularini qamrab olgani yigʻilganlarda alohida qiziqish uygʻotdi. Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari samaradorligini oshirish maqsadida qatnashchilarga yangi nashrlar taqdim etildi.

Aholining huquqiy madaniyati va diniy maʼrifatini yuksaltirish, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlash va joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga qaratilgan bunday tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




