Home / MAQOLALAR / GLOBALLASHUV JARAYONIDA TINCHLIK VA BARQARORLIKNI TAʼMINLASHDA ISLOM DININING OʻRNI

GLOBALLASHUV JARAYONIDA TINCHLIK VA BARQARORLIKNI TAʼMINLASHDA ISLOM DININING OʻRNI

XXI asr — axborot va texnologiyalarning shiddatli rivojlanishi, chegaralarning globallashuv natijasida davlatlar oʻrtasida xalqaro aloqalarning rivojlanishi bilan tus olgani tavsiflanadi. Bir tomondan, globallashuv xalqlarning yaqinlashishi va hamkorligiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, milliy-maʼnaviy qadriyatlarga xavf soluvchi, ommaviy madaniyat, har xil tahdidlar, ekstremizm va islomofobiya kabi illatlarni keng yoyilishiga xizmat qiladigan tahdidlarni keltirib chiqarmoqda.

Islom dinining asl mohiyati — tinchlik, bagʻrikenglik hamda moʻtadil hayot tarzini tushuntirish va amaliyotga tatbiq etish hayotiy zaruratdir. Bu toʻgʻrisida Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday deb taʼkidlagan: “Dunyo miqyosida raqobat tobora keskin va shafqatsiz tus olayotgani, barqarorlikka nisbatan tahdidlar jiddiy tus olayotgani bizni doimo hushyor va ogoh boʻlib yashashga, farzandlarimizni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashdek gʻoyat masʼuliyatli ishga har qachongidan ham ustuvor ahamiyat berishga daʼvat etmoqda. Zero, islom dini – avvalo, tinchlik va doʻstlik, ahillik va birdamlik, bilim va maʼrifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”[1].

Bugungi kunda shiddat bilan oʻzgarib borayotgan global siyosiy manzara insoniyat oldida turli xarakterdagi murakkab tahdid va sinovlarni namoyon etmoqda. Xalqaro munosabatlardagi ziddiyatlar, mafkuraviy boʻhronlar, iqtisodiy tengsizliklar hamda maʼnaviy-axloqiy boʻshliqlardan oʻzlarining gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanishga urinayotgan yovuz kuchlarning mavjudligi jamiyat barqarorligiga jiddiy xavf hisoblanadi.

Bu xatarlar jamiyatda turli koʻrinish va shakllarda zohir boʻlayotgani, bugungi dunyoning siyosiy manzarasi oʻzgarib borayotganligida aks etmoqda.

Hozirgi globallashuv davrida transmilliy tahdidlar davlatlar chegaralarini tan olmay, butun insoniyatga qarshi qaratilgan global xavfga aylanib bormoqda.

Ularning asosiy koʻrinishlari quyidagilardan iborat:

Iqtisodiy tengsizlik va qashshoqlik: Dunyo miqyosida resurslarning adolatsiz taqsimlanishi, ishsizlik va ijtimoiy adolatsizlik muayyan qatlamlarning noroziligini keltirib chiqarmoqda. Axborot almashinuvi tezlashgan davrda dunyo siyosati qanday oʻzgarib borayotganini bugungi zamon ahli kuzatib turibdi. Bu vaziyatdan gʻarazli maqsadli toifalar, siyosiy-ijtimoiy holatni izdan chiqarish uchun foydalanishga urinmoqda. Ayniqsa, radikallashgan shaxslar ana shu ijtimoiy zaiflikdan foydalanib, yoshlarni moddiy manfaatdorlik yoki aldov yoʻli bilan oʻz safiga ogʻdirishga bor imkoniyati bilan harakat qilmoqda.

Maʼnaviy-maʼrifiy boʻshliq va yot gʻoyalar targʻiboti: Mafkuraviy immunitetning zaifligi, milliy-diniy qadriyatlardan yiroqlashish jamiyatda yot gʻoyalarning ildiz otishiga zamin yaratadi.

Islom dinining ezgu gʻoyalarini buzib koʻrsatib, uni siyosiy qurolga aylantirmoqchi boʻlgan radikal guruhlar jamiyatlararo nizo va adovat urugʻini sepishga harakat qiladi.

Qurʼoni Karimda yer yuzida buzgʻunchilik qilish va tinchlikni buzish qattiq qoralanib, shunday deyiladi: “Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni oʻldirgan odam xuddi hamma odamlarni oʻldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (oʻlimdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”. Bu oyat inson hayoti va jamiyat osoyishtaligi naqadar oliy qadriyat ekanini, har qanday transmilliy va gʻarazli xatarlar insoniyatning eng asosiy huquqiga tajovuz qilishini yaqqol koʻrsatadi[2].

Islom dinida tinchlik va totuvlik ustuvor gʻoya etib belgilangan. Islom tinchlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik dini hisoblanadi. Jamiyatdagi mavjud davlat tuzumi, qonun-qoidalar va ijtimoiy barqarorlikni inkor etib, fitna chiqarish shariat hukmiga ziddir. Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilgan sahih hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamiyatda itoatkorlik, tinchlikni saqlash va fitnalardan uzoqlashishga chaqirganlar. Jumladan, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Kim jamoatdan bir qarich miqdoricha ajralsa, bas, u haqiqatan ham Islom halqasini boʻynidan yechib tashlagan boʻladi”[3]. Bu hadis jamiyat birdamligini saqlash, davlat va jamiyat manfaatlari yoʻlida ahil yashash har bir fuqaroning burchi ekanini anglatadi. Shu bilan birga doimo koʻpchilik boʻlib, xayrli ishlarda birdam boʻlib, koʻpchilikdan ajralib ish qilishdan qaytaradi. Hatto, jamoatdan ajralgan kishini islom libosini yechgan (islomdan chiqish) bilan barobar koʻrilmoqda.

Global va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashishda kompleks yondashuv va maʼrifiy raddiya talab etiladi. Zero, bu tahdidlar koʻlami kengayib, zamon va makon hamda millat va til tanlamas darajada xatarga aylanmoqda.

Yosh avlodni yuksak maʼnaviyatli, vatanga sadoqatli, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan insonlar etib tarbiyalash, sogʻlom jamiyatning barqarorligini taʼminlaydi. Bu ishlar yoshlar ongida yot gʻoyalarga nisbatan sogʻlom tanqidiy fikrlash va maʼrifiy immunitetni hosil qilish orqali boʻladi.

Bugungi dunyoning murakkab siyosiy manzarasida yuzaga kelayotgan har qanday tahdid va xatarlarga qarshi kurashishning eng samarali yoʻli bu – taʼlim, ilm-fan va maʼrifatdir. Islom dini taʼlimotiga koʻra, jaholatga qarshi faqat ilm bilan, zoʻravonlikka qarshi esa adolat va ezgulik bilan kurashmoq lozim.

Globallashuv sharoitida din omili geosiyosiy va ijtimoiy-psixologik jarayonlarning muhim obyektiga aylanib bormoqda. Bugungi kunda xalqaro maydonda din bilan bogʻlab koʻrsatilayotgan muammolar toʻrtta asosiy yoʻnalishda namoyon boʻlayotganini kuzatish mumkin:

Diniy radikalizm va mutaassiblashuv: Diniy matnlarni tahrir va kontekstdan uzgan holda talqin qilish va siyosiy maqsadlarga moslashtirish kabi holatlarda koʻrilmoqda. Bu jarayon Gʻarb dinshunosi Oliviyer Roy taʼkidlaganidek: «Hozirgi davrda Islomning radikallashuvi emas, balki radikalizmning islomlashuvi roʻy bermoqda»,- dedi[4].

Islomofobiyaning avj olishi: BMT Xalqaro Inson huquqlari Kengashi hisobotlarida, Gʻarb jamiyatlarida islomofobiya institutsional kamsitish va diniy ozchiliklar huquqlarini poymol qilish darajasiga yetganligi taʼkidlanadi[5]. Diniy muqaddas kitoblarni yoqish, dindorlar eʼtiqodini mensimaslik, masjidlar va ibodatxonalarga har xil tahdidlar koʻrinishida namoyon boʻlmoqda. Bundan maqsad jamiyatda diniy va milliy ziddiyatlarni keltirib chiqarish boʻlib, butun jamiyatga qaratilgan xatar sifatida koʻriladi.

Raqamli radikallashuv: Telegram, ijtimoiy tarmoqlar va AI texnologiyalari orqali rasmiy diniy muassasalar va soha masʼullarini chetlab oʻtgan holda «onlayn daʼvat» va tarmoqli radikallashuvning avj olishi ham jamiyat va ayniqsa, yoshlar uchun xatarli vaziyatlarni keltirib chiqaradi[6]. Bu tuzoq sifatida koʻrilib, unga avvalo, ilmsiz yoshlar, dinga moyil qatlam va jamiyatda oʻz oʻrnini topishda qiynalayotgan shaxslar oʻlja boʻladi.

Dinsizlik va diniy qadriyatlar toʻqnashuvi: Maʼnaviy-diniy qadriyatlarni mutlaq inkor etuvchi qarashlar hamda jamiyat modernizatsiyasini rad etuvchi islomiy qarashlar (aqidaparastlik) oʻrtasidagi tafovutlar ham globallashuv jarayonida turli kelishmovchilik va xatarli ishlarni keltirib chiqarishga sabab boʻladi. Bu kabi xatarli holatlar ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgan, jamiyatga sezilarsiz kirib borayotgan, aholini asta-sekinlik bilan oʻziga jalb etib borayotgan “koʻzga koʻrinmas” xavf sifatida koʻrilishi lozim boʻladi.

Yuqorida tahlil qilingan xatarlarni bartaraf etishda hanafiy fiqhi va moturidiy kalom maktabining boy merosi eng samarali maʼrifiy qalqon boʻlib xizmat qiladi. Zero, bu manbalarda siyosiy jarayonda itoat, rahbarlikda adolat,  ixtiloflarda jamoat lozim tutilishi taʼkidlanadi.

Islom dini oʻzining tub mohiyatiga koʻra tinchlik, xavfsizlik va bagʻrikenglik dinidir. Globallashuv davrida yuzaga kelayotgan diniy radikalizm, raqamli radikallashuv va islomofobiya kabi tahdidlarga qarshi kurashda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” hamda bagʻrikenglikka asoslangan Islom dinining muqaddas manbalari, allomalarimizning boy maʼnaviy merosi muhim nazariy va amaliy manba boʻlib xizmat qiladi.

[1] Shavkat Mirziyoyev. 2021-yil 21-may Ramazon tabrigidagi nutqidan.
[2] Moida surasi, 32-oyat.
[3] Termiziy. Sunani Termiziy, 2864-hadis. Buxoriy. Sahihul Buxoriy, 7054-hadis.
[4] Roy, O. Globalized Islam: The Search for a New Ummah. — New York: Columbia University Press, 2004.
[5] UN Human Righs Council. Countering Islamophobia/Anti-Muslim Hatred to Yeliminate Discrimination and Intolerance Based on Religion or Beliyef. Report A/HRC/46/30, 2021.
[6] Neumann, P. R. Radicalized: New Jihadiss and the Threat to the West. — London: I.B. Tauris, 2016.
Shukurillo UMAROV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi

Check Also

“Imom Moturidiy — hidoyat va ilm mayogʻi”

Tas-ix: