Home / FOTO LAVHALAR / Kalom ilmi va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlandi

Kalom ilmi va moturidiylik taʼlimotiga bagʻishlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy seminarlar turkumi doirasida navbatdagi tadbir tashkil etildi.

IRCICA vakillari, Oʻzbekiston Milliy Universiteti olimlari, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi ustoz va talabalari, Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi huzuridagi Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti Samarqand filiali, Toshkent Islom institutidan jami 30 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan syeminar buyuk allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish, jumladan, moturidiylik taʼlimoti va kalom ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Ibrohim Saffor Buxoriyning faoliyatiga bagʻishlandi. Unda Markaz ilmiy xodimi Tohir Evadullayev “Moturidiylik kalom ilmi rivojida Ibrohim Saffor Buxoriyning oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.

Tadbirda globallashuv va axborot xurujlari kuchaygan hozirgi davrda moturidiya taʼlimotiga qiziqish ortib borayotgani, uning asarlari turli mafkuraviy tahdidlar va aqidaviy ixtiloflarga qarshi mustahkam maʼnaviy immunitet boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning moturidiylikda inson aql-zakovati va bagʻrikenglikka yuksak eʼtibor qaratilishi haqidagi soʻzlari bu taʼlimot barcha zamonlardagi kabi bugungi kunda ham gʻoyat dolzarb va zarur ekanini koʻrsatishi qayd etildi.

Maʼruzada hanafiy-moturidiy mazhabining yetuk olimi Ibrohim Saffor Buxoriyning hayot yoʻli, ilmiy merosi haqida soʻz yuritilib, uning qalamiga mansub “Talxisul adilla li qavoidi tavhid” asarining mazmun-mohiyati ochib berildi. Ushbu risola turli nosogʻlom oqim va firqalarning qarashlariga qarshi aqliy va naqliy dalillar keltirilgani, shuningdek, Allohning goʻzal ismlari, karomat masalasi, qabr azobi va savol-javobi kabi muhim eʼtiqodiy masalalarni ilmiy asosda yoritgani bilan ahamiyatli ekani taʼkidlandi.

Seminar yakunida Ibrohim Saffor Buxoriy nafaqat moturidiya taʼlimotini himoya qilgan, balki uning qoidalarini keyingi avlodlarga yetkazishda koʻprik vazifasini oʻtagan buyuk mutakallim ekani eʼtirof etildi. Uning ilmiy merosi jamiyatimizda sogʻlom diniy tafakkurni shakllantirish, yoshlarni yot gʻoyalardan asrash va maʼnan komil inson qilib tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi.

Qizgʻin savol-javoblar bilan oʻtgan onlayn seminar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi va bunday xalqaro ilmiy muloqotlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Moturidiylik kalom ilmi rivojida Ibrohim Saffor Buxoriyning o‘rni”

📢 DIQQAT, E’LON! ✅ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va …