Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan shu mavzuda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.


Markaz direktori Sh.Ziyodov jamiyatda ustoz va murabbiylarning oʻrni va ahamiyati haqida soʻzlab, bu ayyom ularning tarbiyasini olgan hammamiz uchun qutlugʻ sana ekanini taʼkidladi va barcha xodimlarni muborakbod etdi.


Markaz xodimlari B.Tursunov va U.Muhammadiyev shonli tariximiz va milliy qadriyatlarimizda ustoz-murabbiylarga yuksak ehtirom, ustoz-shogird anʼanalarining ilm-fan va maʼnaviyat rivojidagi oʻrni haqida maʼruza qildi. Soʻzga chiqqanlar ilm oʻrganish va kelajak avlodga yetkazishda fidoyilik koʻrsatayotgan muallimlar mehnati har tomonlama tahsinga loyiq ekanini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, ustoz – yosh avlodga nafaqat bilim, balki hayot sabogʻini beradigan, qalblarga ezgulik va Vatanga muhabbatni singdiradigan ulugʻ kasb egasidir. Shu bois har qanday jamiyatning taraqqiyoti, avvalo, taʼlim saviyasi va ustoz mahoratiga bogʻliq. Zero, har qanday sivilizatsiyaning yuksalishi, maʼnaviy kamoloti va porloq kelajagi ilm ahliga koʻrsatiladigan eʼtibor va poydevori muallimlardan iborat boʻlgan bilim maskanlarining mustahkamligi bilan oʻlchanadi.

Sharq mutafakkirlari taʼkidlaganidek, inson tabiatidagi xazinalarni yuzaga chiqaruvchi, jaholatni maʼrifat nuri bilan yorituvchi ustoz mehnati hech qanday moddiy boylik bilan oʻlchab boʻlmaydigan bebaho maʼnaviy boylikdir. Shu bois, ustozlarga hurmat koʻrsatish, ularning haqqini sadoqat bilan ado etish xalqimizning azaliy muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlib kelgan va bu anʼana hech qachon oʻz qimmatini yoʻqotmaydi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar ustozlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy farovonlik va ilmiy-ijodiy faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




