Ilm-maʼrifat taraqqiyoti, avvalo, ustozning jamiyatdagi maqomi va shogirdning unga boʻlgan hurmatidan boshlanadi. Zero, ustoz insonni jaholat zulmatidan maʼrifat ziyosiga yetaklaydigan, uning qalbi va tafakkurini kamolga yetkazadigan ulugʻ zotdir.
Insoniyat tarixida ustoz va murabbiylarning oʻrni hamisha beqiyos boʻlib kelgan. Zero, insonning jismonan voyaga yetishida ota-onasi sababchi boʻlsa, uning maʼnan yuksalishi, dunyoqarashi kengayishi va hayotda oʻz oʻrnini topishida ustozlarning xizmati alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqimizda bejizga “Ustoz otangdek ulugʻ” deyilmagan. Ota-ona insonni dunyoga keltirsa, ustoz uni ilm, odob va maʼrifat orqali yuksaklikka koʻtaradi.
Shu bois ajdodlarimiz merosida ustozlarga boʻlgan hurmat va ehtirom alohida qadrlangan. Islom dini ham ilm olish, ilm oʻrgatish va ilm ahlini eʼzozlashga yuksak maqom bergan. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan oyatlari «Iqro» — “Oʻqi!” amri bilan boshlanishi ham ilm-maʼrifatning inson hayotidagi beqiyos oʻrnini namoyon etadi. Muqaddas manbalarda ilmli inson bilan ilmsiz kishi teng boʻlmasligi taʼkidlanib, ilm yoʻlida xizmat qiluvchilarning fazilati ulugʻlanadi.
Darhaqiqat, ilm beruvchi va ilm oluvchi ezgulik yoʻlida hamkor boʻlgan ikki insondir. Ularning mushtarak maqsadi — insonni kamolotga yetaklash, jamiyatga manfaat keltirish va maʼrifat ziyosini keng yoyishdan iborat. Shu maʼnoda, ustozlik shunchaki kasb emas, balki insoniyat kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga olish demakdir.
Ustozning maqomi — jamiyat taraqqiyotining mezoni
Har qanday taraqqiyotning zamirida ilm-fan, maʼrifat va taʼlim-tarbiya turadi. Qaysi jamiyatda ustozning qadri baland boʻlsa, oʻsha yurtda ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat ravnaq topadi. Chunki bugun jamiyatning turli jabhalarida faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassis, olim, rahbar yoki ziyoli, avvalo, ustozlar qoʻlida taʼlim-tarbiya olgan.
Tariximizdagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga nazar tashlasak, ilm ahliga koʻrsatilgan ehtirom, olimlarning jamiyat hayotidagi yuksak mavqei taraqqiyotning muhim omillaridan biri boʻlganini koʻramiz. Somoniylar davrida shakllangan ilmiy-maʼrifiy muhit hamda Amir Temur va temuriylar zamonida ilm-fan ahliga koʻrsatilgan eʼtibor buning yorqin misolidir.
Sohibqiron Amir Temur olimlar bilan maslahatlashib ish tutishni muhim sanagan. Ularning fikr-mulohazalarida toʻgʻrilik va hikmat borligini eʼtirof etib, ilm ahlining suhbatini qadrlagan. Bu tarixiy tajriba shuni koʻrsatadiki, davlat va jamiyat ravnaqi ilmli insonlarning salohiyati, maslahatlari va maʼnaviy rahnamoligi bilan chambarchas bogʻliq.
Bugungi Yangi Oʻzbekiston sharoitida ham ustoz va murabbiylarning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish va yosh avlod kamoloti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, ustozning maqomini koʻtarish — kelajakning maqomini koʻtarishdir. Uchinchi Renessans bunyodkorlarini ham bugungi fidoyi ustozlar tarbiyalaydi.
Ustoz — nafaqat bilim, balki hayot maktabi
Ustozning vazifasi faqat dars berish, muayyan fan sirlarini oʻrgatish bilan cheklanmaydi. U shogirdiga xulqi, odobi, muomalasi, kiyinish madaniyati, soʻzlashuvi va hayotga munosabati bilan ham namuna boʻlishi lozim.
Zero, shogird koʻpincha ustozining nafaqat aytgan soʻzlarini, balki kundalik xatti-harakatlarini ham oʻzlashtiradi. Shu sababli ustozlik masʼuliyati sinfxona yoki auditoriya bilan chegaralanmaydi. Ustoz qayerda boʻlmasin, oʻzining yuksak axloqi va namunali xulqi bilan boshqalarga ibrat koʻrsatishi kerak.
Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayh ustoz va shogird munosabatiga alohida eʼtibor qaratib, ustoz shogirdini oʻz farzandidek koʻrishi zarurligini taʼkidlaganlar. Bu fikr taʼlim jarayonida mehr, ishonch va oʻzaro hurmat naqadar muhim ekanini anglatadi.
Shu bilan birga, ustozlik sharafli boʻlishi barobarida nihoyatda masʼuliyatli kasb hamdir. Chunki ustozning bugungi mehnati ertangi jamiyatning qiyofasini belgilaydi. Uning qoʻlida tarbiya topgan yoshlar kelajakda xalq va Vatan ravnaqi yoʻlida xizmat qiladi.
Ajdodlarimiz merosida ustozga sadoqat va ehtirom
Buyuk allomalarimiz hayotiga nazar tashlasak, ularning ilmiy kamolotida ustozlarga boʻlgan yuksak hurmat va sadoqat muhim oʻrin tutganini koʻramiz.
Hazrat Ali roziyallohu anhuga nisbat beriladigan “Kim menga bir harf oʻrgatsa, men unga qul boʻlishga ham tayyorman” mazmunidagi hikmat ilm oʻrgatuvchining haqqi naqadar ulugʻ ekanini ifodalaydi.
Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayh ustozlari Hammad ibn Sulaymonning uylariga qarab oyoq uzatmaganlarini, ustozlari vafotidan keyin ham ularni duolarida muntazam yod etganlarini taʼkidlaganlar. Imom Molik ibn Anas esa ustozlari huzurida kitob varaqlashda ham ehtiyotkor boʻlib, ularning koʻngillariga ozor yetkazmaslikka intilganlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning ilm talabida koʻplab ustozlardan saboq olgani ham ilm yoʻlidagi kamolotning muhim sharti izlanish, ustozlarga murojaat qilish va ulardan taʼlim olish ekanini koʻrsatadi.
Bu ulugʻ zotlarning hayoti bizga bir haqiqatni anglatadi: ilmning yuksak darajalariga erishish uchun faqat isteʼdod va mehnatning oʻzi kifoya qilmaydi. Bunda ustozga hurmat, samimiy niyat, odob va ilmga sadoqat ham muhim oʻrin tutadi.
Ustozni qadrlash — uning ilmini qadrlashdir
Bugungi kunda yoshlar uchun ilm olish imkoniyatlari kengayib, taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Bunday sharoitda shogirdlar zimmasidagi eng muhim vazifalardan biri — ustozlarni hurmat qilish, ularning bilim va tajribasidan unumli foydalanishdir.
Ayrim hollarda ustozlarning kamchiliklarini izlash, ularni muhokama qilish yoki ijtimoiy tarmoqlarda obroʻsizlantirish holatlariga duch kelinadi. Vaholanki, ustozning biror xatosi yoki kamchiligi mavjud boʻlsa, uni omma oldida sharmanda qilish emas, balki odob doirasida, xolis niyat bilan oʻziga bildirish maqsadga muvofiqdir.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali insonning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazish, uning obroʻsini toʻkish jamiyatda oʻzaro ishonch va hurmat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ustozga nisbatan hurmat, eng avvalo, uning shaxsini emas, balki ilm va maʼrifat yoʻlidagi xizmatini qadrlashdan boshlanadi.
Ilm olishda odobning oʻrni beqiyos. Zero, ilmni egallash boshqa, undan baraka topish boshqa. Inson olgan bilimini ezgulik yoʻlida qoʻllashi, umrining oxirigacha oʻrganganlariga amal qilishi va jamiyatga manfaat keltirishi bilan ilmning haqiqiy samarasiga erishadi. Bu yoʻlda ustozlarning duosi, roziligi va tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Ota-ona va ustoz — farzand tarbiyasidagi mushtarak masʼuliyat
Yosh avlod tarbiyasida ota-ona va ustoz hamkorligi muhim oʻrin tutadi. Farzand taʼlim-tarbiyasini ustozga ishonib topshirgan ota-ona uning mehnati va masʼuliyatini ham qadrlashi lozim.
Har bir oʻquvchining feʼl-atvori, qobiliyati va dunyoqarashi turlicha. Bir oʻquvchi oddiy tushuntirish bilan bilimni oʻzlashtirsa, boshqasiga koʻproq eʼtibor va talabchanlik zarur boʻlishi mumkin. Shu bois ustozning tarbiyaviy yondashuvini baholashda vaziyatni har tomonlama oʻrganish, farzandning xulq-atvorini ham tahlil qilish muhimdir.
Ota-ona va ustoz oʻzaro hamjihatlikda ish olib borsa, farzandning taʼlim-tarbiyasida ijobiy natijalarga erishish osonlashadi. Zero, ustoz bilim berish va tarbiyalash bilan shugʻullansa, ota-ona uning mehnatini qoʻllab-quvvatlashi, farzandining taʼlim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratishi kerak.
Ilm — umr boʻyi davom etadigan izlanish
Ustozga ehtiyoj inson hayotining muayyan davri bilan cheklanmaydi. Inson qancha bilimli boʻlmasin, yangi narsalarni oʻrganishga, tajribali kishilarning maslahatiga quloq tutishga doimo muhtoj. “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan hikmat ham ilm olishning umrbod davom etadigan jarayon ekanini anglatadi.
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy hayotining soʻnggi damlarida ham ilmiy masalalar bilan mashgʻul boʻlgani haqida rivoyat qilinadi. U zotga vafot pallasi yaqinlashganida ham bir ilmiy masala yuzasidan savol berilganida, uni bilmasdan Alloh huzuriga borishdan hayo qilishini bildirganlari naql etiladi.
Bu ibratli voqea ilmga boʻlgan muhabbat, izlanish va haqiqatni anglashga intilish inson umrining oxirigacha davom etishi lozimligini koʻrsatadi.
Ilmni faqat mansab, mol-dunyo yoki shuhrat uchun emas, balki maʼrifat, ezgulik va Allohning roziligini topish niyatida oʻrganish zarur. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning “Amallar niyatlarga bogʻliq” mazmunidagi mashhur hadislari ham har qanday ezgu ishda niyatning naqadar muhim ekanini eslatadi.
Agar inson ilmni jamiyatga xizmat qilish, insonlarga manfaat yetkazish va haqiqatni anglash maqsadida egallasa, uning bilimi hayotida ham, faoliyatida ham oʻz samarasini beradi.
Ustozga hurmat — kelajakka qoʻyilgan sarmoya
Ustozlar faqat bir kun yoki muayyan bayram munosabati bilan eʼzozlanadigan insonlar emas. Ular butun umri davomida hurmat va ehtiromga loyiq zotlardir. Chunki har bir insonning bugungi yutuqlari, erishgan marralari va hayotiy tajribasida ustozlarining hissasi bor.
Hayotdan koʻz yumgan ustozlarimizni ezgu xotiralar bilan yod etish, ularning ruhlariga duolar qilish, hayot boʻlganlariga esa ehtirom koʻrsatib, maslahatlariga quloq tutish har birimizning maʼnaviy burchimizdir.
Inson umrining oxirigacha ustozga muhtoj. Chunki ilmning chegarasi yoʻq, kamolot esa uzluksiz izlanish va oʻrganish orqali qoʻlga kiritiladi.
Ustozga ehtirom — ilmga ehtirom, ilmga ehtirom esa kelajakka ehtiromdir. Bugun ustozlarimizni qanchalik qadrlasak, ertangi avlodning maʼnaviy va intellektual salohiyatiga shunchalik mustahkam poydevor yaratgan boʻlamiz. Zero, kelajak bunyodkorlarini tarbiyalayotgan insonlarning maqomi yuksak boʻlgan jamiyatgina yuksak marralarni koʻzlashi mumkin.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




