Naqshbandiya-mujaddidiya musulmon jamiyatining barcha jabhalariga taʼsir qiluvchi kuchga aylanib, hukmdorlar, davlat arboblari, ziyolilar va oddiy xalq vakillaridan tariqat namoyandalari chiqqan. Ular yangilangan tamoyillar va gʻoyalar bilan qurollangan holda turli hududlarda faoliyat yuritgan.
Mujaddidiylar jamiyatga nafaqat ruhiy-maʼnaviy, balki siyosiy-ijtimoiy va madaniy jihatdan ham taʼsir koʻrsatgan. Shu sababdan islomshunoslikda naqshbandiya-mujaddidiya tarixi, gʻoyalari, tamoyillari, tariqat pirlari faoliyati, tariqat markazlarini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tariqatning Markaziy Osiyoda yoyilishi, oʻziga xos jihatlari, shuningdek, suluk namoyandalarining hayoti va faoliyatini tadqiq etish eʼtiborga molik.
XVIII-XIX asrlarda naqshbandiya-mujaddidiya tariqatining Musoxon xoja Dahbediy tarmogʻi vakili Muhammad Musoxon Sarmejiyning hayoti va faoliyati izlanishlarda qisman yoritilgan, baʼzilarida hududdagi ziyoratgohlar haqida soʻz ketgan boʻlsa-da, muayyan maʼlumot uchramaydi (Suyundik, 2010; Rustam, 1996).
Tadqiqot maqsadi. Tadqiqotdan koʻzlangan asosiy maqsad XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqatida faoliyat olib borgan Muhammad Musoxon xoja Sarmejiy va uning avlodi hayotiga daxldor epigrafik manbalarni aniqlash va tarixini oʻrganishdan iborat.
Material va metodlar. Maqolani tayyorlashda Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Qatagʻon” qabristonida joylashgan ziyoratgohda mavjud qabrtoshlardagi epigrafikaga oid manbalar oʻrganildi. Tadqiqot jarayonida umumlashtirish, taqqoslash, qiyosiy-tarixiy, mikrotarixiy tahlil kabi usullardan foydalanildi.
Muhokama. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Muhammad Musoxon xoja Sarmejiyning avlodlariga tegishli “Qatagʻon” qabristoni (hozirgi Navoiy viloyati Xatirchi tumani Eshonqishloq hududi)dagi qabrtoshlardan epigrafik maʼlumotlar olindi.
Xatirchi tumani – qadimda Soʻgʻd hududiga qaragan. Iqlimi moʻtadil, yerlari unumdor hudud. Qabriston Zarafshon daryosining oʻng sohilida, qadimiy Dabusiya qalʼasining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan. Qabristonning janubi-sharqiy qismida Xoja Yahyo ibn Musoxon xoja Sarmejiy va avlodlari xilxonasi mavjud. Xilxona usti ochiq, 30×15 m maydonni egallagan boʻlib, u yerda oltita qabrtosh oʻrnatilgan, toʻrttasida epigrafik yozuv saqlangan.
1-qabrtosh. Oʻlchami 120×60 sm.
Tarjimasi:
Xoja Yahyo 1292/1875-76 yil zulhijja/dekabr-yanvar oyida vafot etdi.
2-qabrtosh. Oʻlchami 150×30 sm.
“سيد جلال الدين خواجه ولد ايشان يحي خواجه سنه ١٣٠٧ وفات يافتند”
Tarjimasi:
Sayyid Jaloliddin xoja Eshon Yahyo xoja oʻgʻli 1307/1889-90 yilda vafot etdi.
3-qabrtosh. Oʻlchami 140×30 sm.
“سنه هزار سي صد دو بودكي زين الدين خواجه وفات يافت”
Tarjimasi:
Zayniddin xoja 1302/1884-85 yilda vafot etdi.
4-qabrtosh. Oʻlchami 125×18 sm;
“فضل الدين خوجه ولد زين الدين خوجه”
Tarjimasi:
Fazliddin xoja Zayniddin xoja oʻgʻli.
2012-yilda Yahyo xoja avlodlari tomonidan Musoxon xoja shayxulislom, Yahyo xoja, Jaloliddin xoja (Indamas eshon (Oʻroqxon, 2005: 25), Nizomiddin xoja nomlari va ularning ajdodlari haqida qisqacha maʼlumotlar yozilgan marmar lavh oʻrnatilgan.
Xilxonaning shimolida Domla Pirmuhammad valadi mulla Avaz Muhammad Urganjiy nomi qayd etilgan qabrtoshda, 1315/1897-98 yilda vafot etganligi yozilgan.
Epigrafik maʼlumotlardan Yahyo xoja, uning oʻgʻli Jaloliddin xoja, uning oʻgʻli Nizomiddin xoja ekani maʼlum. Fazliddin xoja Zayniddin xojaning oʻgʻli ekani maʼlum boʻlsa-da, Zayniddin xojaning oʻzi kimning farzandi ekanligi nomaʼlum.
Marmar lavhda Nizomiddin xoja Jaloliddin xoja oʻgʻli ekani aytilgan. Lekin unga tegishli qabrtosh uchramadi. Ehtimol yozuvi saqlanmagan qabrtoshlarning biri unga tegishlidir.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiyning (vaf. 1251/1835) ustozi Muhammad Amin Dahbediy (1152/1739-1229/1814), uning ustozi Musoxon xoja Dahbediy (1708-1190/1776)dir.
Sarmejiyning shogirdi Muhammad Umar (vaf. 1284/1868) bir vaqtning oʻzida naqshbandiya-mujaddidiya va jahriya-sultoniya (yaʼni yassaviya) tariqatida faoliyat olib borgan.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiy shayxulislom asli Nur qalʼasiga tobe boʻlgan Sarmej qishlogʻida (Buxoriy, 1328/1926: 104-105) tavallud topgan. U shayx Xudoydod Valiy avlodidandir (yaʼni ona tomondan bobosi Abdulbosit xojaning onasi shayx Xudoydod Valiyning qizi (Amir Taqiiddinning xotini)dir). Nosiriddin Buxoriyning aytishicha, Muhammad Musoxon xoja bir kuni bobokaloni shayx Xudoydod Valiy Azizon xonaqosida chilla oʻtirib, jahriy zikr bilan mashgʻul boʻlgan va shunda bobosidan maʼnaviy-ruhiy tarzda “jahriy” zikrga ruxsat olgan. Shundan keyin u xufiya va jahriya silsilasini davom ettirgani eslatib oʻtilgan. Biroz muddat oʻtgach, Buxoro hukmdori farmoniga muvofiq, bir oy muddat shayxulislom lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Vafot etgach, Mavlono Muhammad Sharif qabri yoniga dafn etilgan.
Maqsud Dahbediy oʻz asarida Buxoro Amiri Muhammad Musoxonni mazkur lavozimga tayinlaganini maʼlum qiladi. U 1249/1833-yili (Maqsud Dahbediy, Orif Hikmat kutubxonasi, inv №1710-261/44. 269a varaq) Buxorodan Dahbedga qaytayotib yoʻlda Kadan mavzesidagi bir xonaqohda Muhammad Musoxon xoja shayxulislomni koʻrganini aytib, ul zotning 1251/1835-yilda vafot etganini taʼkidlaydi. Demak, Musoxon xoja shayxulislom Sarmejiy 1835-yilda vafot etgan. Shuningdek, uni Buxoroga taklif qilgan hukmdor Amir Nasrulloh ekani oydinlashdi.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiyning shogirdlaridan biri boʻlgan Mavlono Umar bir vaqtning oʻzida naqshbandiya va yassaviya tariqatlarida faoliyat olib borgan. Naqshbandiyada ustozi Muhammad Musoxon xoja boʻlsa, yassaviyada ustozi xalifa Xudoydod, uning ustozi Lutfulloh Azizon, uning ustozi Fazlulloh Azizon, uning ustozi Mavlono Muhammad Sharif Buxoriy, uning ustozi Muhammad Olim shayx Azizon orqali Xudoydod Valiyy Gʻaziragiyga ulangan.
Mavlono Umarning otasi Abdulaziz, uning otasi hoji Muhammad, uning otasi Toshmuhammad Azizondir. Mavlono Umar 1284/1868-yili 87 yoshida Xorazmda vafot etgan.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiydan keyin naqshbandiya-mujaddidiya silsilasida nafaqat shogirdlari, balki oʻzining farzandu nabiralari ham faoliyat koʻrsatgan.
Shaxsiy fondda saqlanayotgan nodir hujjatlardan biri Gʻoyibnazar Muhammad Sobir oʻgʻliga tariqat taʼlimotini davom ettirish uchun ustozi Jaloliddin xoja tomonidan 1299/1880-yilda berilgan irshodnomadir. Irshodnoma Samarqand qogʻoziga yozilgan boʻlib, oʻlchami: 53×24,5 sm, 19 qatordan iborat, matn avvalida hamdu sano va salavot, undan soʻng naqshbandiya-mujaddidiya-dahbediya silsilasi irshod sohibiga qadar ketma-ket bayon etilgan. Hujjatda toʻrtta muhr bor. Matnning 12-qatoridagi oʻlchami 2,7×1,7 sm.li muhrda “Yahyo xoja ibn Eshon Musoxon xoja Sarmejiy” deb yozilgan. 13-qatordagi oʻlchami 2,5×1,5 sm.li muhr “Jaloliddin xoja ibn Yahyo xoja”ga tegishli. Hujjatning oxirida yana ikkita bir xil muhr urilgan. Muhr oʻlchami 2×2 sm boʻlib, “Nizomiddin xoja ibn Jaloliddin xoja”ga mansubdir.
Demak, silsilani Muhammad Musoxon xoja Sarmejiy vafotidan soʻng oʻgʻli Yahyo xoja, keyin uning oʻgʻli Jaloliddin xojaga davom ettirgan. Bundan, oʻz navbatida, Jaloliddin xoja oʻzining shogirdi Gʻoyibnazar Muhammad Sobir oʻgʻliga tariqat taʼlimotini davom ettirish uchun irshodnoma bergani maʼlum boʻldi.
Ota-bola oʻz davrida tariqat murshidlari boʻlgani, koʻplab shogirdlar tayyorlagani va farzandlari tarbiyasiga alohida eʼtibor berib, ularga tasavvuf ilmini puxta oʻrganishlari uchun shart-sharoit qilingani maʼlum boʻladi.
Baʼzan tariqat silsilasini bir avlod vakillari ketma-ketlikda davom ettirgan holat kuzatilgan. Jumladan, naqshbandiya-mujaddidiya murshidi Muhammad Husayn oʻz oʻgʻli Abdusattorga, u oʻgʻli Eshmuhammadga, u oʻgʻli Ubaydullohga ruxsat bergan, yana naqshbandiya-mujaddidiyaning Soʻfi Ollohyor tarmogʻida faoliyat olib borgan shayx Mirzo Abul Hasan oʻz oʻgʻli shayx Mirzo Abul Fathga, u esa oʻgʻli shayx Mirzo Abul Turobga ijozat berganini keltirib oʻtish mumkin.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiyning ajdodu avlodlari shajarasi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, uning otasi Hasan xoja, uning otasi Lutfulloh xoja ibn Fayzulloh xoja ibn Abdulloh xoja ibn Abdullatif xoja ibn Abdulbosit xoja ibn Amir Taqiiddin ibn Amir Mahmud ibn Amir Shamsuddin ibn Amir Ibrohim ibn Amir Hoj ibn Sayyid Ali ibn Sayyid Sharafiddin ibn Sayyid Husayn ibn Sayyid Ismoil ibn Imom Jaʼfari Sodiq ibn Imom Muhammad Boqir ibn Imom Zaynulobidin ibn Imom Husayn ibn Amirul moʻminin Hazrat Ali (Oʻroqxon, 2015: 33) (karramallohu vajhahu) ekanini maʼlumot sifatida berib oʻtish oʻrinlidir.
Muhammad Musoxon xoja Sarmejiyning oʻgʻli Yahyo xoja, uning oʻgʻli Jaloliddin xoja, uning oʻgʻli Nizomiddin xoja (vaf. 1925), uning oʻgʻli Narzullaxon (1908-1986), uning oʻgʻli Oʻroqxon (Rafiʼiddinxon) hoji tibbiyot sohasida uzoq yillar faoliyat koʻrsatgan, bugungi kunda duogoʻy-nuroniy otaxonlar qatorida umrguzaronlik qilib kelmoqda.
Uchinchi qabrtoshda nomi keltirilgan Zayniddin xoja vafoti sanasi (1302/1884-85 yil)ga koʻra, u Yahyo xojaning oʻgʻli, Jaloliddin xojaning aka (yoki uka)si boʻlganini taxmin qilish mumkin. Bu (va uning oʻgʻli Fazliddin xojadan keyingi avlodlar) masala(si)ni keyingi tadqiqotlarga qoldiramiz.
Natija. Muhammad Musoxon xoja Sarmejiy xufiya va jahriya tariqatlarida faoliyat olib borgani, uning silsilasi shogirdi Muhammad Umar orqali Xorazm hududlariga tarqalgani, Muhammad Umarning Buxoro amirligida oz muddat boʻlsa-da shayxulislom lavozimida faoliyat koʻrsatgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, uning avlodlari nomi va faoliyati hamda ular dafn etilgan ziyoratgohda qabrtoshlardagi epigrafik maʼlumotlar asosida vafot sanalari aniqlandi. Avlod vakillariga tegishli tarixiy hujjat ilmiy muomalaga kiritildi va unda aks etgan muhrlarning tavsifi berildi.
Xulosa. Markaziy Osiyoda XVII paydo boʻlgan naqshbandiya-mujaddidiya silsilasi XVIII-XIX asrlarda keng hudud boʻylab yoyilganini koʻrishimiz mumkin. Ushbu davrda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati silsilasi bir necha tarmoqlarga boʻlingani va ularning oʻzaro, juda yaqin munosabatda boʻlgani ayon boʻldi.
Naqshbandiya-mujaddidiya taʼlimoti shakllanishi jarayonida koʻpgina tariqatlar umumiylashtirilgani sababidan boʻlsa kerak, bir vaqtning oʻzida ham xufiya, ham jahriya zikr qilish anʼanasini uchratish mumkin.
Musoxon xoja Sarmejiy va uning avlodlari uzoq yillar mobaynida silsilani uzviy davom ettirgani oilada taʼlim-tarbiyaga eʼtibor yuqori boʻlganini, shuningdek, allomaning shayxulislom lavozimida va naqshbandiya-mujaddidiya tariqati murshidi sifatida faoliyat olib borgani uning yuksak salohiyat sohibi ekanligini koʻrsatadi.
-
Buxoriy, N. (1328/1926). Tuhfatuz zoyirin. Toshbosma. – Buxoro.
-
Dahbediy, M. Mirʼotus solikiyn. Qoʻlyozma. Orif Hikmat kutubxonasi inv. №1710-261/44.
-
Komilxon, K. (2016). Maxdumi Aʼzam tarixi va mukammal dahbediylar tariqati. Toshkent: MASHHUR-PRESS.
-
Rustam, X. (1996). Xatirchi tumani tarixidan lavhalar. – T.: Fan.
-
Suyundik, M. (2010). Xatirchining tabarruk siymolari. – T.: Muharrir.
-
Oʻroqxon, N. Ibratli hayot gulshani. – T.: Movarounnahr.
-
Xaydarxon, Yu. (2008). Musoxon Dahbidiyning Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni (XVIII asr). Tar. fan. nom. … dis. – Toshkent.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




