Home / FOTO LAVHALAR / Malayziyalik tadqiqotchilar ilmiy amaliyot boshladi

Malayziyalik tadqiqotchilar ilmiy amaliyot boshladi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi doirasida Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM)ning ikki ilmiy xodimi amaliyot oʻtash uchun Markazga keldi.

Jakartadan tashrif buyurgan amaliyotchilar – mazkur departamentning Tadqiqotlar boʻlimi ilmiy xodimi Mohd Shahir ibn Hoshim va islom masalalari boʻyicha ilmiy xodimi Muhammad Uzair ibn Izham Markaz rahbari qabulida boʻlib, ilmiy izlanishlari va rejalari haqida batafsil soʻzlab berdi.

Malayziyalik olimlarning tadqiqot mavzulari zamonaviy diniy-maʼrifiy jarayonlar va taʼlim tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Mohd Shahir ibn Hoshim “Imom Buxoriyning aqidaviy metodologiyasi: Malayziyada aqidaviy qarashlarni shakllantirish va tartibga solish asoslari” mavzusida izlanish olib bormoqda. Bu tadqiqot buyuk muhaddis merosi Malayziya jamiyatida sof aqidani qaror toptirishda metodologik asos sifatida xizmat qilishini oʻrganishga qaratilgan.

Muhammad Uzair ibn Izham esa “Barkamol va malakali Qurʼon avlodini tarbiyalashda “Sahihul Buxoriy” manhaji (poydevori)ning oʻrni: JAKIM Dorul Qurʼon missiyasi asosida konseptual tahlil” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda.

Muloqot chogʻida amaliyotchilarga xorijlik tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, kutubxona fondidagi nodir qoʻlyozmalar va taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Belgilangan dasturga muvofiq, malayziyalik mutaxassislar Markaz fondidagi manbalar bilan ishlash, yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati bilan tanishish barobarida, soha mutaxassislari bilan yaqin muloqotlar olib borishni rejalashtirgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Dorimiy merosiga xalqaro eʼtibor

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Al-Azhar …