Jahon ilmiy jamoatchiligi nafaqat islom, balki jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qoʻshgan, diniy va dunyoviy fanlarni birdek oʻrganib, ularni jamiyat hayotiga tatbiq eta olgan Movarounnahr olimlarining maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganishga katta qiziqish bildirmoqda. Bu borada islom taʼlimoti asoslaridan hisoblangan hadislarni jamlab, ular orasidan ishonchlilarini ajratib bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Dorimiy kabi muhaddis ajdodlarimiz hayoti hamda asarlarini tadqiq muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda qadimiy va boy tariximizni tiklash va yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish, yosh avlodni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ulugʻlarga ehtirom koʻrsatish, ulardan har jihatdan saboq olishga qaratilgan oqilona siyosat olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch”dir.
Imom Buxoriy kabi islom olamida yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan allomalar hayot yoʻli va ilmiy faoliyatini chuqur tadqiq etish hamda asarlarini keng jamoatchilikka targʻib qilish muhim masalalardan sanaladi. Shu maqsaddan kelib chiqib, Imom Buxoriy majmuasida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini yorituvchi muzey tashkil qilindi.
Imom Buxoriy innovatsion muzeyi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi bilan yaqindan tanishib qaytgandan soʻng, 2022-yil 24-avgust kuni Imom Buxoriy majmuasi qurilishiga tashrifi davomida berilgan koʻrsatmalari asosida barpo etildi. Imom Buxoriy muzeyini ochish masalasi bugungi kunda har qachongidan koʻra dolzarbdir.
Buni quyidagi omillarda koʻrish mumkin:
Birinchidan, xalqimiz asrlar davomida islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi asosiy manba hisoblangan “Sahihul Buxoriy” asaridan mosuvo boʻlib keldi. Holbuki, xorijda Imom Buxoriyning mazkur asari allaqachon koʻplab tillarga tarjima qilingan, sharhlari bilan nashr qilingan edi. Xalqimiz esa, hatto eng ishonchli hadislarning bunday toʻplami mavjud ekanidan, islom ilm-fani tarixida eng katta iz qoldirgan Imom Buxoriy ismli buyuk shaxs oʻtganidan ham bexabar edi. Vaholanki, allomaning ahamiyat jihatidan bundan kam boʻlmagan boshqa asarlari ham bor va ulardan butun musulmon dunyosi xabardor. Biz oʻz buyuk muhaddis bobomizni xorijliklar taniganchalik tanimas edik va afsuski hozirgi kunda ham bunday holat koʻp hollarda davom etmoqda.
Ikkinchidan, biz Imom Buxoriy va uning ilmiy merosini oʻrganganimiz sayin allomaning hayot yoʻlini oʻrganish bugungi kundagi eng muhim vazifalarda biri ekanini teran anglamoqdamiz. Allomaning ilm yoʻlidagi jasorati, chekkan mashaqqati, quvvai hofizasi qanchalar benazir boʻlganini oʻrganish yoshlarni yangi ilmiy tadqiqotlar sari yetaklaydi.
Imom Buxoriy majmuasi faqat bino va inshootlardan iborat maskan boʻlib qolmasdan, insonlar qalbini zabt etadigan, ayniqsa, yoshlarning hayotda adashmasdan, toʻgʻri yoʻlni topishiga xizmat qiluvchi ilmiy dargoh, shuningdek, alloma hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi elektron muzeyga aylanmoqda. Muzeyda islom dini va xususan, hadis ilmi taraqqiyoti, alloma hayoti, faoliyati va ilmiy merosining zamonaviy axborot texnologiyalari orqali namoyish etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
“Imom Buxoriy innovatsion muzeyi” jami 9 ta pavilyondan tashkil topgan. Innovatsion muzey pavilyonlarida namoyish etiladigan barcha media mahsulotlar, interaktiv oʻyinlar, animatsiyalar, mepping va boshqalar bevosita “Outdoor Factory” kompaniyasining yuqori malakali mutaxassislari hamda ilmiy-ijodiy guruh aʼzolari bilan hamkorlikda tayyorlandi.
1-pavilyon “Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi” deb nomlanib, u bir nechta tematik boʻlimlardan iborat:
Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan paygʻambarlar haqida maʼlumot. (Ekspozitsiya tushuntirish matni va interaktiv infokiosk koʻrinishida). Matnda barcha paygʻambarlarni birlashtirib turuvchi umumiy xislatlar va fazilatlar, ularning vazifalari Qurʼoni karim va hadisi sharifda kelgan maʼlumotlar asosida yoritib berilgan. Har bir ism ustiga bosilganda, tanlangan paygʻambar haqida qisqacha maʼlumot, matn soʻnggida esa Muhammad alayhissalom paygʻambarlarning eng oxirgisi ekani haqida maʼlumot beriladi. Muhammad alayhissalomning ismlari, sifatlari va ularning maʼnolari ekspozitsiya kalligrafik freska uslubida yasalgan.
Muhammad alayhissalomning shajaralari ekspozitsiyadan oʻrin olgan yirik hajmdagi daraxat shaklidagi interaktiv infokiosk yordamida namoyish etilgan. Unda interaktiv usulda tomoshabinga shajaradan oʻrin olgan har bir ism haqida toʻliqroq maʼlumot olish imkoni beriladi.
Muhammad alayhissalomning dunyoga kelishlari va nubuvvatning boshlanishi (ekspozitsiya shahar maketi va proyeksion videofilm koʻrinishida), Hujrai saodatning qayta tiklangan koʻrinishi proyeksion videofilm koʻrinishida aks ettirilgan.
Hiro gʻorida ilk vahiy nozil boʻlishi (Maketda hiro gʻori va uning atrofi). Uning ichidagi monitorda Qurʼoni karimning “Iqro” surasi oyatlari oʻqilib turadi.
2-pavilyon “Hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi” deb nomlanib, unda tomoshabinlarga eksponatlar, infografik, audio va vizual materiallar orqali hadis ilmining paydo boʻlishi hamda rivojlanishi tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi. Ziyoratchilarda hadis ilmi
va uning rivojlanishi tarixi haqida toʻliq tasavvur shakllanishiga erishish maqsadida interaktiv xizmatlardan keng foydalanilgan. Bu esa, hadis ilmiga oid tarixiy maʼlumotlarni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun ravishda tasavvur qilish koʻnikmasini shakllantiradi.
Tushuntirish matni yordamida oʻz davrida sahobalarning hadis eshitish, savol berish va ularni yodlab qolish uchun oʻzaro musobaqalashgani yoki navbat tutgani haqida, infografik pannoda esa Muhammad alayhissalomdan eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobalar roʻyxati berilgan. Ular orasida Oisha roziyallohu anho kabi ayollarning mavjudligi islom olamida ilmiy maktablar rivojida ayollarning oʻrni muhim ekanini bildiradi.
Pavilyonning uchinchi qismida Xaritada ilk oʻrta asrlardagi Movarounnahr va Xuroson shaharlarining qadimgi nomlari hamda tarixiy madaniy markazlar va viloyatlar ajratib koʻrsatilgan. Shaharlar oʻrtasidagi karvon yoʻllari va ular oʻrtasidagi masofalar sayohatlar mashaqqati haqida tasavvur shakllantirish maqsadida kun oʻlchamlarida berilgan.
Ekspozitsiya zalining atrofida yoki xaritadagi maʼlum shaharlar ustida markaziy osiyolik muhaddis ulamolar, jumladan, Abu Humayd Keshiy, Abdulloh ibn Muborak, Imom Dorimiy, Imom Termiziy, Imom Muslim, Imom Buxoriy kabi olimlarning tarjimayi holi va ilmiy merosi haqida maʼlumotlar va vitrinalarda esa muhaddislar asralaridan namunalar taqdim etilgan.
Ishonchli hadis toʻplamlari haqida maʼlumot: Galereyada “Sihohi tisʼa” – toʻqqizta eng ishonchli hadis toʻplami va uning mualliflari haqida maʼlumot beruvchi lavha joylashtirilgan. Unda hadis toʻplami nomi, hadislar soni, muallifining hayot yillari aks ettirilgan. Vitrinalarda muhaddislar asarlarining qoʻlyozma nusxalaridan namunalar qoʻyilgan.
3-pavilyon “Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati” deb nomlangan boʻlib, ushbu qismni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad muzeyga tashrif buyuruvchilar koʻz oʻngida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini qayta tiklash, ilmiy merosi naqadar buyuk ahamiyatga ega ekanini koʻrsatib berish hamda yoshlarda ilm-fan bilan shugʻullanishga mehr-muhabbat va ragʻbat paydo qilishdir. Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyatining rivojlanishini uch qismga boʻlish mumkin.
Imom Buxoriyning ilm ostonasiga qadam bosishida u yashagan xonadondagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit alohida ahamiyatga ega. Ekspozitsiyaning birinchi qismida Imom Buxoriyning oilaviy muhiti gavdalantirilgan. Unda Imom Buxoriyning ota-onasi hamda allomaning bolaligi haqidagi maʼlumotlar berilgan.
Keyingi qismda Imom Buxoriyning Buxoroda oʻtgan maktab yillari haqida soʻz boradi. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan egallaydi.
Uchinchi qismda 16 yoshga yetganida Imom Buxoriy akasi Ahmad va onasi bilan birga haj ibodatini ado etish uchun Buxorodan Makka sari yoʻl olgani aks ettirilgan. Shuningdek, interaktiv xarita orqali Buxoriyning ilm yoʻlida safar qilgan shaharlari koʻrsatilgan.
Alloma muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis boʻyicha oʻz bilimini yanada oshirish maqsadida oʻsha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashaydi. U joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham taʼlim oladi, yirik olimlar bilan birga ilmiy bahs-munozaralarda qatnashadi va tolibi ilmlarga dars ham beradi.
4-pavilyon “Imom Buxoriy: buyuk fenomen” deb nomlangan boʻlib, unda Imom Buxoriy hayoti va faoliyati haqidagi 11 daqiqalik film katta ekranda namoyish etiladi.
5-pavilyon “Imom Buxoriy fazilatlari” deb nomlangan boʻlib, unda Imom Buxoriyning buyuk ilmiy salohiyati, eng ishonchli hadislarni saralash va avlodlarga qoldirish uchun chekkan ilmiy zahmati, taqvosi, islom olamida Qurʼondan keyingi oʻrinda turuvchi asar muallifi ekani, butun dunyo eʼtirof etgan, yoshligidan zehni oʻtkir va xotirasi kuchli boʻlgani, ota-onasi va ustoz-shogirdlariga boʻlgan samimiy munosabati kabi jihatlari koʻrsatib berilgan. Ushbu qismda allomaning ilm yoʻlidagi mashaqqati va uni yengib oʻtishdagi jasorati haqidagi maʼlumotlar berilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlar qalbida oʻz ajdodlaridan faxrlanish tuygʻusini kuchaytiradi (Immersiv proyeksion videofilm).
Pavilyonning butun hududi boʻylab proyeksiya orqali mavzuni yoritadigan videolar uzluksiz koʻrsatib turiladi. Videofilmlar mavzularga boʻlingan holda ketma-ket koʻrinishda davom etib, pavilyonga istalgan vaqtda kelgan tomoshabinga mavzuga tezda kirib olish imkoniyatini beradi.
Buyuk imtihon haqida. Mazkur qismda allomaning ilm talabidagi safarlari, sinovlar girdobi – Bagʻdod, Samarqand va Nishopurdagi imtihon, – ilm yoʻlidagi mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib oʻtishi, kundan kunga yuksalishi, darajasi ortib borishi va atrofida ixlosmand shogirdlarining koʻpayishi maketlar orqali koʻrsatilgan.
Imom Buxoriyning betakror xotira egasi boʻlgani haqida film. Ushbu filmda Imom Buxoriyning xotirasi favqulodda kuchli boʻlgani, eshitgan hadislarini darhol xotirasida saqlagani haqida maʼlumot beriladi. Maʼlumotlarga koʻra, Imom Buxoriy 600 mingdan oshiq hadisni roviylari va ularning tarixi bilan birga toʻliq yoddan bilgan. Ushbu maʼlumot animatsion tarzda ekranda namoyish etiladi va allomaning xotirasi bugungi kundagi tushunchamizda qanday ekani koʻrsatib beriladi.
Masalan, agar Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” kitobida 7275 ta hadis toʻplangan boʻlsa, buni shartli ravishda 4 ta kitob, deb olamiz. Demak, 4 ta kitobga 7275 ta hadis kirgan boʻlsa, 600 ming hadis taxminan 330 ta kitob boʻladi. Ekranda kitob javoniga yuzlanib turgan odam qiyofasi aks ettirilgan.
Kitob javoni esa boʻm-boʻsh boʻladi. Raqamlar aytilayotgan vaqtda javon tokchalari birma-bir kitob bilan toʻla boshlaydi va oxir-oqibat 330 ta kitob joylashtiriladi. Filmda Imom Buxoriyning xotirasida shunday katta maʼlumot doimiy saqlangan, degan xulosa chiqariladi.
6-pavilyon “Imom Buxoriy avlodlari” deb nomlanib, unda yosh tomoshabinlarga muzey konsepsiyasidan oʻrin olgan mavzular bilan oʻyinli interaktiv eksponatlar orqali tanishish, oʻrganish va kashf qilish imkoniyati berilgan. Soʻnggi yillarda bolalar boʻlimlariga ega muzeylar sonining koʻpayishi muzey olamidagi eng tez rivojlanayotgan tendensiyalardan biri hisoblanadi. Yosh tomoshabinlar uchun muzeylarning bolalar boʻlimida olgan ilk tajribasi ularning ongida mavzu haqida tasavvur shakllanishida muhim ahamiyatga egadir.
Uchar gilamda tarixga sayohat 5D filmi 7 yoshdan yuqori boʻlgan tomoshabinlarga oʻrta asrlardagi islom olami shaharlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Tomoshabinlarga Imom Buxoriy sayohat qilgan (Buxoro, Bagʻdod, Madina, Makka kabi) qadimgi shaharlarga sayohatga taklif etiladi. Uch oʻlchamli film namoyishi davomida undagi voqea va hodisalar bilan hamohang harakatlanuvchi maxsus oʻrindiqda oʻtirgan tomoshabinlar oʻzini qadimiy maskanlar boʻylab uchar gilamda sayohat qilayotgandek his qiladi. Har bir seansda bitta tarixiy maskanga sayohat qilish imkoni beriladi. Har bir sayohat 3-5 daqiqa davom etadi. Shu sababdan ushbu mashgʻulotdan bir necha marta foydalanish mumkin.
Yosh Muhammad ibn Ismoil bilan birga xotira oʻyini (Interaktiv immersiv proyeksiya).
Imom Buxoriy ilmiy merosi va uning shaxsiy fazilatlari bevosita xotira bilan bogʻliq. Imom Buxoriy yoshligidan maʼlumotlarni tez va bexato yodda saqlab qolish salohiyatiga ega boʻlgan. Allomaning bunday fazilati haqida tasavvur shakllantirish uchun yosh tomoshabinlar xotira bilan bogʻliq interaktiv oʻyinga taklif etiladi. Oʻyinning asosiy qahramoni sifatida Imom Buxoriyning yoshlik qiyofasi shakllantiriladi.
Barcha taraflariga interaktiv proyeksiya tushirilgan maxsus xonada tomoshabinlarni yosh Muhammad ibn Ismoil kutib oladi.
10-15 daqiqa davom etadigan interaktiv mashgʻulotda bir necha tomoshabin jamoa shaklida ishtirok etishi mumkin. Xotira oʻyinida tomoshabinlar xotira va maʼlumotlarni eslab qolish bilan bogʻliq vazifalarni oʻyin qahramoni bilan birgalikda bajaradi.
7-pavilyon “Al-Jomeʼ as-sahih” – Islom dinining ikkinchi manbasi” deb nomlangan. Asar hadisshunoslik sohasida umumeʼtirof etilgan moʻtabar kitob boʻlib, islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Shu sababdan ushbu pavilyonda mazkur asarning ilmiy-amaliy, hayotiy ahamiyatini koʻrsatib berish maqsad qilingan.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ga berilgan taʼriflar.
Matnli panno.“Al-Jomeʼ as-sahih” asari haqida maʼlumot
Asar hadis ilmi va musulmonlar orasida qisqacha “Al-Jomeʼ as-sahih”, aksar hollarda esa “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur ekani maʼlum. Hadis kitoblarining oʻttizdan ortiq turlari mavjud. Ular oʻz yoʻnalishi va maqsad qilgan mavzular qamroviga qarab bir biridan farq qiladi. Birinchi tur hadis kitobi “Jomeʼ” deyiladi.
Hadis sahih boʻlishiga doir Imom Buxoriyning shartlari
Al-Jomeʼ as-sahih” asari oʻzida sahih hadislarni jam qilgan ekan, hadis sahih boʻlishi uchun Imom Buxoriyning oʻz shartlari borligini ham bilishimiz kerak. Mustalahul hadis ilmi ulamolari istilohida “Sahih hadis – sanadi boshidan oxirigacha adolatli va zobtli kishi oʻziga oʻxshagan adolatli va zobtli kishidan muttasil (uzluksiz) sanad ila naql qilgan hamda shoz va illatli boʻlmagan hadisdir”.
Sanadning muttasil boʻlishi. Hadisni uning roviylaridan har biri oʻzidan oldingi roviydan toʻgʻridan toʻgʻri olgan boʻlishi kerak. Sanad avvalgi roviydan boshlab oxirgisigacha xuddi shunday boʻlishi kerak. Orada biror kishi tushib qolmasligi shart.
“Al-Jomeʼ as-sahih”ning dunyo fondlardagi nusxalari
Ushbu qismda “Al-Jomeʼ as-sahih”ning yurtimiz hamda dunyo kutubxona fondlarida saqlanayotgan nodir nusxalaridan namunalar mulyaji va infokioska joylashtirilgan. Infokioskada nusxalarni tanlash orqali ular toʻgʻrisida batafsil maʼlumot olish mumkin.
8-pavilyon “Imom Buxoriy merosi va bugungi kundagi ahamiyati” deb nomlangan. Imom Buxoriy kitoblari va rivoyat qilgan hadislarining hozirgi yoshlar tarbiyasida ahamiyati yuqoriligini inobatga olib, muzeyning ushbu qismiga alohida eʼtibor qaratilgan. Pavilyon markazidagi yirik lavh ustida Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asarining yirik hajmdagi maketi oʻrin olgan. Maket atrofidan oʻngdan chapga qarab, soat harakatiga teskari ravishda qogʻoz shiftga qarab aylanib, koʻtarilib chiqqan. Qogʻozning boshlanish qismida “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir” hadisi uchta tilda xattotlik usulida yozilgan. Qogʻozning davomi (mato koʻrinishida) pavilyon boʻylab aylanishda davom etgan va unga alloma rivoyat qilgan sara hadislar yozilgan. Matolar orasining kengligi matnlarni oʻqishga imkon beradi hamda orasidan yorugʻlik tushib turadi. Installyatsiyaning davomi pavilyonning shiftiga aylanib, bugungi kunimizda islom meʼmorchiligida oʻrin olgan devoriy xattotlik yozuvlari koʻrinishiga aylanib ketgan. Pavilyonning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asari boshida keltirilgan “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir” hadisi installyatsiyasi oʻrin olgan va u jahonning 22 tiliga tarjima qilingan. Ushbu hadis kundalik hayotimizda sodir boʻlayotgan barcha amallar oʻzagini tashkil etadi.
Saralangan hadislar
Pavilyon atrofidagi proyeksion devorga tutash holda Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar kartotekasi joylashgan. Foydalanuvchilar maxsus vitrina ustiga terilgan hadis taxtachalarini koʻtarib, uning ichida yozilgan hadislarni oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.
9-pavilyon “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor” deb nomlanib, unda mustaqillik yillarida va Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, xususan, hadis ilmi sultoni – Imom Buxoriyning Vatan, millat va din manfaatlari yoʻlida qilgan xizmatlarini munosib baholash va ruhini shod etish maqsadida olib borilgan obodonlashtirish ishlari, allomaning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish hamda xalqimizga yetkazishga qaratilgan tarjima va nashr ishlari hamda Imom Buxoriy merosini yurtimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish maqsadida qabul qilingan normativ hujjatlar haqida maʼlumot berilgan.
1‐qism. Mustaqillikdan oldingi holat
Ushbu qism mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar boʻlgan davrda Imom Buxoriy shaxsiyati, ilmiy merosi va qadamjolari holatini koʻrsatib berishga qaratilgan eksponatlardan iborat. Unda mustamlakachilik va sovet mustabid tuzumi davrida milliy va diniy qadriyatlarimiz qatori Imom Buxoriy abadiy qoʻnim topgan Hartang qishlogʻidagi ziyoratgoh ham tashlandiq va abgor holda boʻlgani, allomaning ilmiy merosi tugul nomini xotirlashning oʻziyoq tuzum mafkurasiga xilof sanalishini ochib beruvchi koʻrgazmalarga eʼtibor qaratilgan.
1.1. Mustaqillikdan avvalgi davrda Imom Buxoriyga eʼtibor
Videofilm
Mustaqillikdan avvalgi davrda Imom Buxoriyga eʼtibor haqida videofilm
Ushbu qismda mustabid tuzum davrida alloma qabrining oyoqosti qilinishi, tashlandiq holatga tushib qolgan holati, mustaqillik yillarida esa obodonlashtirish ishlari olib borilgani va yangi Oʻzbekiston davrida majmuaning yangitdan qad rostlagani haqida videofilm namoyish etiladi.
1.2. Imom Buxoriy maqbarasining koʻrinishi
Maket.
Maqbaraning mustaqillikdan avvalgi koʻrinishi
Ushbu qismda Imom Buxoriy maqbarasining mustaqillikdan oldingi xaroba va abgor holatini aks ettiruvchi maket joylashtirilgan boʻlib, uning yonida majmua holatiga taalluqli tushuntirishlar yozib qoʻyilgan.
2‐qism:
Mustaqillik yillaridagi ilk islohotlar
2.1. Imom Buxoriy maqbarasining obodonlashtirilishi
Maket
Mustaqillik yillarida obodonlashtirilgan holati
Ushbu qismga mustaqillik yillarida obodonlashtirilgan holatdagi ziyoratgoh maketi joylashtirilgan. Maket yonida majmua holatiga taalluqli tushuntirishlar (majmuaning oʻziga xosligi, sigʻimi va afzalliklari) yozib qoʻyilgan.
2.2. Imom Buxoriy xalqaro markazining tashkil etilishi
Maket.
3-qism. Yangi Oʻzbekistonda Imom Buxoriy merosiga eʼtibor
Ushbu qismda Yangi Oʻzbekistonda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofaga kirganini aks ettiruvchi koʻrgazmalar joylashtirilgan. Bunda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan:
- 2016-yilning 18-oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida: “Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan «Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan», deya BMT minbarida ilk bor Imom Buxoriy nomini tilga olib, ulugʻ alloma ilmiy merosi ahamiyatini jahon ommasiga ochib bergani;
- Davlatimiz rahbarining BMT minbarida soʻzlagan nutqidan soʻng Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti jasoratini tan olib: “Hali hech bir davlat rahbari BMT minbaridan turib islom dini qadriyatlarini bu qadar jasorat bilan himoya qilmagan, hech qachon Imom Buxoriy nomini tilga olmagan” degan soʻzlari badiiy suratlar bilan joylashtirilishi;
- Imom Buxoriy majmuasini yangitdan bunyod etish jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev yil davomida bu joyni kamida 2-3-marta ziyorat qilib, alloma ruhi-poyiga duoda boʻlgani;
- “Imom Buxoriy” ordenining taʼsis etilishini aks ettiruvchi koʻrgazmalarning joy olishi.
3.1. Imom Buxoriy maqbarasining obodonlashtirilishi
Maket.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yangidan qad rostlagan koʻrinishi
Ushbu qismda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yangitdan qad rostlagan majmuaning mahobatli maketi joylashtirilgan. Maket yonida majmua holatiga taalluqli tushuntirishlar (majmuaning oʻziga xosligi, sigʻimi va afzalliklari) yozib qoʻyilgan.
Imom Buxoriy majmuasidan oʻrin olgan binolar maketi
Shuningdek, ushbu qismda mustaqillikning dastlabki yillarida qurilgan xalqaro Imom Buxoriy markazi maketi, Imom Buxoriy xalqaro markazining yangi binosi, hadis ilmi markazi binolarining maketlari ham joylashtirilgan.
3.2. Soʻnggi yillarda nashr qilingan kitoblar
Eksponat.
Soʻnggi yillarda Imom Buxoriy asarlarining nashr etilishiga oid eksponatlar
Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan amalga oshirilgan “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining oʻzbek tilidagi eng yirik tarjimasi boʻlgan Oltin Silsila: Sahihul Buxoriy (8 jild) kitoblari, allomaning ikkinchi bosh asari boʻlmish “Al-adab Al-Mufrad” kitobiga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan qilingan sharhlar asosida nashr etilgan Odoblar xazinasi (4 jild) kitoblari, “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik qilish”) kitobi, “Sahihi Buxoriy” sharhi va “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalining nashr etilgan nusxalari ushbu qismdan oʻrin olgan.
3.3. Diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarga oid videofilmlar
Videofilmlar.
Boʻlimda joylashtirilgan katta ekranlarda quyidagi roliklarni qoʻyib borilishi yoʻlga qoʻyilgan:
- Imom Buxoriy asarlarini nashr etilishi (“Oltin silsila”, “Odoblar xazinasi”, “Sahihi Buxoriy sharhi” kabilar) jarayonlari;
- “Oltin silsila”, “Odoblar xazinasi”, “Sahihi Buxoriy sharhi” kabi asarlardagi hadis namunalaridan badiiy bezaklar bilan ishlangan rolik;
- Oʻzbekiston markaziy va mahalliy telekanallaridan Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga oid koʻrsatuvlarning berib borilishiga oid lavhalar;
- “Imom Buxoriy” ordenining taʼsis etilishi va xorijiy davlat rahbarlarining Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tantanali tarzda taqdirlanishi aks etgan lavhalar;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning majmuaga amalga oshirgan tashriflari, Qurʼon tilovati va duolar qilinishi, ziyoratgohni obod qilish boʻyicha bergan koʻrsatmalarini aks ettiruvchi videoroliklar;
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTning 72-sessiyasida Imom Buxoriy merosini oʻrganishga oid nutqlari aks etgan videorolik.
3.4. Imom Buxoriy ordeni
Eksponat
Pavilyonning alohida qismida “Imom Buxoriy” ordeni vitrinasi oʻrin olgan. Unda ordenning asl nusxasi, uni taʼsis etish boʻyicha hujjatlar nusxalari joylashtirilgan.
Yuqoridagilarga qoʻshimcha tarzda 9-pavilyon devoriga Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovga Saudiya Arabistoni qiroli Fahd ibn Abdulaziz tomonidan sovgʻa qilingan kisva – Kaʼbaning qoplamasi osilgan boʻlsa, boshqa joyda turli mamlakat rahbarlari tomonidan Imom Buxoriy majmuasiga sovgʻa qilingan Qurʼoni karim nusxalari joylashtirilgan.
Madrasa (Maket)
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori diniy – maʼrifiy yoʻnalishda, xususan, allomalar ilmiy merosini oʻrganish va uni xalqimiz orasida keng targʻib qilish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Allomalar ilmiy merosini oʻrganish, ular abadiy qoʻnim topgan joylarni obodonlashtirish, asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish va xalqimiz orasida keng targʻib qilish va boshqalar shular jumlasidandir. Mazkur tadbirlar natijasi oʻlaroq hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi yangitdan barpo etilmoqda va uning tarkibida esa Imom Buxoriy muzeyi qurilmoqda. Yuqorida keltirilganidek, mazkur muzey shu sohadagi eng soʻnggi texnologiyalar bilan taʼminlangan boʻlib, turli qiziqarli va qimmatbaho eksponatlar va ishonchli maʼlumotlardan oʻz ichiga olgan. Muzeyning alloma hayotining turli jihatlarini alohida alohida aks ettirgan boʻlimlarga boʻlingani tashrif buyuruvchilarga maʼlumotlarni tizimli va tushunarli tarzda yetkazish imkonini beradi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday ulkan bunyodkorlik ishlari Yangi Oʻzbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




