Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Al-Azhar va Movarounnahr ulamolari: Ilm-fan va madaniy aloqalar koʻprigi” loyihasi doirasida xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi.

“Imom Abu Muhammad Dorimiy Samarqandiy: “Sunan” kitobining nomlanishi va ilmiy tavsiflanishi” mavzusiga bagʻirlab tashkil etilgan anjumanda Al-Azhar universiteti professori, Samarqanddagi Hadis ilmi maktabi oʻqituvchisi Saloh Ahmad Iso Jiboliy maʼruza qildi.
Olim IX asrda yashab, islom ilm-fani, xususan, hadis va fiqh rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan samarqandlik buyuk olim Imom Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning hayoti, ilmiy maqomi va asarlari haqida soʻz yuritdi.

Xususan, alloma qalamiga mansub “Sunan” asarining nomi va tuzilishiga doir ilmiy qarashlar tahlil qilindi. Maʼruzachi asarni “Musnad” emas, balki boblar va mavzular asosida tartiblangan “Sunan” sifatida tasniflash maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi. Shuningdek, asarning hadis ilmidagi oʻrni, undagi rivoyatlarning xususiyatlari vv ulamolar tomonidan berilgan baholar haqida maʼlumotlarni taqdim etdi.

Seminar davomida Imom Dorimiyning nafaqat muhaddis, balki fiqh sohasida ham chuqur bilimga ega boʻlgan olim sifatidagi ilmiy siyratiga alohida eʼtibor qaratildi. Uning turli fiqhiy masalalardagi yondashuvlari, hadis va fiqh oʻrtasidagi uygʻunlikni taʼminlashdagi ilmiy uslubi misollar asosida yoritildi.

Shuningdek, maʼruzada mujtahid olimning mustaqil ilmiy xulosa chiqarishidagi masʼuliyati, bunday darajaga yetmagan kishilarning esa eʼtirof etilgan ulamolarning ilmiy merosiga tayanishi zarurligi masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Bu mavzu hozirgi islomshunoslik va hadis tadqiqotlari nuqtayi nazaridan ham muhokama qilindi.

Tadbir Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Al-Azhar universiteti oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, Movarounnahr ulamolarining boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan navbatdagi ilmiy muloqot boʻldi.
Mazkur loyiha doirasida xalqaro ilmiy seminarlar muntazam ravishda tashkil etib borilmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




