Home / FOTO LAVHALAR / Yoshlar ongiga taʼsir etuvchi omillar va ularning maʼnaviy-maʼrifiy tahlili

Yoshlar ongiga taʼsir etuvchi omillar va ularning maʼnaviy-maʼrifiy tahlili

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, yoshlar maʼnaviy kamolotida ulugʻ ajdodlar ilmiy-maʼnaviy merosining oʻrni va barkamol shaxsni tarbiyalashning dolzarb masalalariga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy seminar oʻtkazildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazining Samarqand viloyati boʻlimi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning hududiy boshqarmasi vakillari, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchi va talabalari, imom-xatiblar va otinoyilar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida Maʼnaviyat va maʼrifat markazi nashr etgan “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqiga sharh sifatida tayyorlangan mazkur kitobda ilgari surilgan gʻoyalar xususida ishtirokchilarga muxtasar maʼlumot berildi. Jumladan, bugungi dolzarb ijtimoiy masalalarni hal etish, jamiyat taraqqiyotining ustuvor vazifalarini amalga oshirish va istiqbolli rejalarni roʻyobga chiqarishning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari haqida soʻz yuritildi.

Seminar davomida soha mutaxassislari va olimlarning maʼruzalari tinglandi. Xususan, “Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlashning dolzarb masalalari”, “Hakim Termiziy ilmiy merosining yoshlar maʼnaviy kamolotidagi ahamiyati”, “Alisher Navoiy maʼnaviy merosida komil inson tarbiyasi masalalari” mavzularida maʼruzalar qilinib, ishtirokchilar eʼtiboriga sohaga oid muammolar va ularning yechimlariga bagʻishlangan yondashuvlar, taklif va tavsiyalar taqdim etildi.

Maʼruzalarda jamiyatda diniy bagʻrikenglikni qaror toptirish, sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat va hurmat ruhida tarbiyalashda milliy maʼnaviy merosning oʻrni va ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, ulugʻ ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosi yosh avlod qalbiga vatanparvarlik, bagʻrikenglik, insonparvarlik, maʼrifatparvarlik kabi oliy tuygʻularni singdirish, dunyoqarashini boyitishda muhim maʼnaviy manba boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Seminar yakunida mavzu yuzasidan oʻzaro fikr va mulohazalar almashilib, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga doir ustuvor maqsadlarni amalga oshirishda olimlar, ekspertlar, imom xatiblar va otinoyilar hamkorligining samaradorligini oshirish masalalari, yoshlarning maʼnaviy immunitetini mustahkamlash va ularni maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.

Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Imom Buxoriy markazi olimlarining maqolalari AQSHda nashr qilindi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukrullo Umarov va Nodir Qobilovning maqolalari “International Journal …