Home / FOTO LAVHALAR / Oʻzbekiston tajribasi xalqaro forumda eʼtirof etildi

Oʻzbekiston tajribasi xalqaro forumda eʼtirof etildi

Avval xabar berilganidek, Mahachqalada oʻtkazilayotgan “Yosh teologlar maktabi” V xalqaro yoshlar forumida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari faol ishtirok etmoqda.

Forum navbatdagi ish kunida Bayozxon Mahmudov “Globallashuv davrida teologiya fanining ahamiyati” mavzusida maʼruza qilib, Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va diniy taʼlimning rivojlanish bosqichlariga alohida toʻxtaldi.

Maʼruzada mamlakatimizda mustaqillik yillarida davlat-konfessional munosabatlarni takomillashtirish, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash va anʼanaviy islom merosini asrab-avaylash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Diniy taʼlim tizimini huquqiy jihatdan tartibga solish jarayonlari haqida soʻz yuritilib, jumladan, 2021-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun sohada yangi huquqiy poydevor yaratgani qayd etildi.

Shuningdek, 2017-yildan diniy-maʼrifiy jabhada boshlangan mislsiz yangilanishlar va keng koʻlamli islohotlarga alohida urgʻu berildi. Xususan, oʻrta maxsus va oliy diniy taʼlim muassasalari tarmogʻi keskin kengayib, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoro va Termizda oliy madrasalar, Toshkent shahrida Xalqaro islom akademiyasi taʼsis etilgani taʼkidlandi. Bundan tashqari, imom-xatiblarning asosiy faoliyatdan uzilmagan holda oliy maʼlumot olishi uchun qulay sharoit yaratgan modulli oʻqitish tizimi joriy etilgani islohotlarning muhim jihatlaridan biri sifatida yoritildi.

B.Mahmudov mamlakatimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani ilmiy-akademik faoliyatni yangi bosqichga koʻtarganini taʼkidladi. Shu bilan birga, Qurʼoni karim va tajvid kurslari qonuniy asosda faoliyat yurita boshlagani aholining diniy ehtiyojlarini qondirishda muhim qadam boʻlgani qayd etildi.

Xulosa sifatida Oʻzbekistonda shakllangan zamonaviy huquqiy model dunyoviy davlat tamoyillari, vijdon erkinligi kafolatlari va milliy-diniy merosni himoya qilish masalalari bilan bogʻliq vazifalarni bajarishda mukammal muvozanatni taʼminlayotgani, shuningdek, xususiy va nazoratsiz diniy taʼlimning oldini olish orqali turli buzgʻunchi va radikal gʻoyalarning kirib kelishiga qarshi ishonchli huquqiy toʻsiq boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Maʼruza ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Tadqiqotchimiz forum doirasida Dogʻistonning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri boʻlgan “NNT” telekanalining “Новости Дагестана” informatsion dasturi uchun intervyu berib, bunday anjumanlar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, totuvlik va oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi (toʻliq lavha quyidagi havolada).

Maʼlumot uchun: “NNT” (Наше националное телевидение– Bizning milliy televideniye) – Dogʻistonda 2014-yildan buyon faoliyat yuritib keladi, oʻlkadagi milliy-maʼnaviy qadriyatlar, madaniyat va ijtimoiy hayotni xolis yoritib kelayotgan yetakchi mustaqil telekanallardan biri.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Imom Abu Muhammad Dorimiy Samarqandiy: Sunan kitobining nomlanishi va ilmiy darajasi”

📢 ONLAYN ILMIY SEMINARGA TAKLIF QILAMIZ! 📝 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Al-Azhar universiteti …