Ayni kunlarda Dogʻiston poytaxti Mahachqalada “Yosh ilohiyotshunoslar maktabi” V xalqaro yoshlar forumi boʻlib oʻtmoqda. Dogʻiston Gumanitar fanlar instituti tashkil etgan anjumanda Rossiya va xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari vakillari, taniqli ekspertlar va yosh tadqiqotchilar qatorida Markaz ilmiy xodimlari Tohir Evadullayev va Bayozxon Mahmudov ishtirok etmoqda.
Forum dasturiga binoan T.Evadullayev “Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalarning islom ilmlari rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi.

Tadqiqotchimiz Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan buyuk allomalar islom ilmlarining rivojiga ulkan hissa qoʻshgani taʼkidladi. Jumladan, Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini hadis ilmining eng muhim manbasi sifatida eʼtirof etilib, allomaning rivoyatlarni saralash va tasniflashdagi ilmiy mezonlari soha metodologik asoslarini takomillashtirishda muhim oʻrin tutishini qayd etdi. Shuningdek, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” va “Shamoilun nabaviyya” asarlari hamda hadislarni baholash va sharhlashga yondashuvlari bugungi kunga qadar oʻz qimmatini saqlab kelayotgani toʻgʻrisida soʻzladi.

Maʼruzachi Imom Moturidiyning aql va naql uygʻunligiga asoslangan qarashlari islom aqidasining bugungi kunda eng keng tarqalgan maktabiga poydevor yaratgani, Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari esa islom huquqi boʻyicha asrlar davomida muhim manba boʻlib xizmat qilib kelayotganiga eʼtibor qaratdi. Bundan tashqari, Abu Lays Samarqandiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalar hamda Samarqand va Nasaf ilmiy maktablarining boshqa buyuk namoyandalari xizmatlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Tadbirda ajdodlarimizning boy merosini zamonaviy ilmiy metodlar asosida oʻrganish va yosh tadqiqotchilarga yetkazish muhimligi qayd etildi. Ushbu ilmiy xazina globallashuv davrida yoshlarda maʼrifatparvarlik, bagʻrikenglik va yuksak axloqiy qadriyatlarni shakllantirishda muhim manba boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi. Tadqiqotchimizning maʼruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotib, savol-javoblar va qizgʻin muhokamalar bilan davom etdi.
Forum ishi davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




