Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Shukrullo Umarov va Nodir Qobilovning maqolalari “International Journal Of History And Political Sciences” (ISSN 2771-2222) xalqaro ilmiy-akademik jurnalining joriy yil sentabr sonida chop etildi.
AQSHda nashr etiladigan, tarix va siyosiy fanlar yoʻnalishidagi muhim tadqiqotlarni keng yoritib boruvchi nufuzli jurnal jahon boʻylab ilmiy gʻoyalar va manbashunoslik sohasidagi eng soʻnggi izlanishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, turli davlatlar olimlari oʻrtasida akademik muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi xalqaro platforma hisoblanadi.
Sh.Umarov oʻz maqolasida Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining yoyilish tarixi, bu jarayonda paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari, xususan, Qusam ibn Abbosning tutgan oʻrnini Shohi Zinda majmuasi tarixiy manbalari asosida ilmiy jihatdan atroflicha tahlil qilib bergan boʻlsa, N.Qobilov Imom Buxoriyning hadisshunoslik sohasidagi beqiyos metodologiyasi, xususan, roviylarni saralash va hadislarni qabul qilishdagi qatʼiy meʼyorlarining ilmiy asoslariga alohida eʼtibor qaratgan.
Maqolasi chop etilgan olimlarga jurnal tomonidan maxsus mualliflik sertifikatlari ham taqdim etilgan.
Manbashunoslik va hadisshunoslik sohalariga bagʻishlangan ushbu izlanishlarning nufuzli xorijiy nashrda eʼlon qilinishi Imom Buxoriy xalqaro markazida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining xalqaro talab va standartlarga toʻla mosligini, shuningdek, yurtimiz allomalari merosini dunyo miqyosida keng targʻib etish borasidagi amaliy ishlarning yana bir muhim samarasini koʻrsatadi, deb yozmoqda markaz matbuot xizmati.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




