Home / FOTO LAVHALAR / Masofani qisqartiradigan imon va ilm rishtalari

Masofani qisqartiradigan imon va ilm rishtalari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Indoneziyaning “Asrama Perguruan Islam (API) Tegalrejo” (Tegalrejodagi islomiy bilim yurti) diniy taʼlim muassasasi delegatsiyasi ishtirokida “Imom Buxoriy ilmiy merosi – Oʻzbekiston va Indoneziya musulmonlari oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy koʻprik” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tashrif doirasida mehmonlar dastlab Markaz muzeyi ekspozitsiyasi, ilmiy xodimlar va xorijlik tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan atroflicha tanishdi.

Tadbir avvalida Markaz direktori Shovosil Ziyodov delegatsiya aʼzolari, taniqli indoneziyalik ulamolar va olimlarni samimiy qutladi. Oʻzbekiston va Indoneziyani geografik masofa ajratib tursa-da, yagona imon, mushtarak maʼnaviy qadriyatlar va bebaho ilmiy meros mustahkam bogʻlab turishi, rivojlanib borayotgan aloqalar xalqlarimiz oʻrtasidagi haqiqiy “ilm va maʼrifat koʻprigi”ga aylanayotgani alohida taʼkidlab, Indoneziyadagi taʼlim muassasalarida “Sahihul Buxoriy” asari izchil oʻrgatib kelinayotgani uchun ustoz va ulamolarga minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida, delegatsiya rahbari, “Asrama Perguruan Islam (API) Tegalrejo” diniy taʼlim muassasasi rahbari Muhammad Yusuf Chudlori koʻrsatilgan yuksak mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand zaminida mehmon boʻlish minglab indoneziyalik talabalarning eng ezgu orzusi ekanini taʼkidladi. Marhum Prezident Sukarno Samarqandda Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgani va oʻz davrida uning obod etilishiga sababchi boʻlgani mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarga yorqin tarixiy voqea sifatida kirganini faxr bilan tilga oldi.

Muloqotda tomonlar Imom Buxoriy merosi nafaqat oʻtmishning buyuk xazinasi, balki bugungi kunda jamiyatda tinchlik, bagʻrikenglik va sogʻlom eʼtiqod muhitini mustahkamlashga xizmat qiluvchi beqiyos maʼnaviy istehkom ekanini yakdil eʼtirof etdi. Islom dinining asl insonparvarlik va maʼrifatparvarlik mohiyatini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, yoshlarni vayronkor gʻoyalar taʼsiridan himoya qilishda ulamolar va ilmiy markazlarning hamkorligini kuchaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.

Davra suhbatida Indoneziyadan Samarqandga, bevosita Markazga koʻproq talaba va tadqiqotchilarni jalb etish, hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash, shuningdek, Jakarta va Samarqand shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Tadbir doirasida ulamolar va nufuzli mehmonlar ishtirokida muborak “Sahihul Buxoriy” asari alohida ehtirom va ixlos bilan xatm qilindi.

Davra suhbati yakunlangach, mehmonlar Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilib, buyuk muhaddis haqqiga duolar qildi. Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari yangidan barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasi, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va multimedia texnologiyalari bilan jihozlangan innovatsion muzey hamda masjid faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Buxoriy merosining Malayya dunyosidagi oʻrni

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bruneydagi Sulton Sharif Ali nomidagi Islom universiteti (UNISSA) hamkorligida …