Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Islomning qaysi (xislati) yaxshiroq?” deb soʻradi.
U zot: “Taom yedirishing hamda tanigan va tanimaganingga salom berishing”, dedilar”.
* * *
Ushbu hadisda kishilarni taomlantirish va salom berishni keng yoyish yaxshi xislatlardan ekani aytilmoqda.
Hadisi sharifda Nabiy alayhissalom ikki xislatni islomning eng afzal amali deyaptilar. Biri taom yedirish, ikkinchisi tanigan va tanimagan kishiga salom berish. Rasululloh alayhissalom taom yedirishni qaydlamadilar, lekin salom berishni “tanigan va tanimaganingga”, deb qaydladilar. Bundan maʼlum boʻlyaptiki, u zot alayhissalom taom yedirishni faqat faqir va miskinlarga xoslamadilar. Demak, faqir va miskinlarga taom berish ham, boyu kambagʻal mehmonlarga taom berish ham, qarindosh-urugʻ va ahlu ayollarga taom berish ham ushbu hadisi sharif hukmi ostiga kiradi. Albatta, faqir va miskin boʻlgan och kishini yedirish toʻq kishinikiga nisbatan oʻziga xos ajru savobi va martabasi ziyoda boʻladi. Lekin toʻq odamni taomlantirishning ham oʻziga yarasha fazilat va savobi bor.
Ikkinchi xislat – Paygʻambar alayhissalom “tanigan-tanimaganingga salom berishing”, dedilar. Eng afzal xislatlardan biri boʻlgan salom berish faqat tanigan kishilarga emas, tanimagan kishilarga ham, yaʼni har bir yoʻliqqan musulmonga salom berish nihoyatda xayrli amallardan ekanini bayon etdilar.
Muhtojlarga taom ulashish, holidan xabar olish va tanigan-tanimagan odamga salom berib, jamiyatda mehr-oqibat paydo boʻlishiga sababchi boʻlish, albatta, xayrli ishdir.
“Sahihi Buxoriy” sharhi (2-jild) kitobi asosida tayyorlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz




