Home / MAQOLA / ISLOM – MEHR-SHAFQAT VA EZGULIK DINI

ISLOM – MEHR-SHAFQAT VA EZGULIK DINI

Bu haqiqatni asosiy diniy manbalar boʻlmish oyat va hadislar toʻliq tasdiqlaydi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan istalgan biror misolni olishning oʻzi kifoya.

Islom dini insonlarni bir-biriga mehr-shafqatli va rahmli boʻlishga chorlaydi. Alloh taoloning goʻzal ismlariga boqsangiz, ularning boshida Rahmon turadi. Bu barcha maxluqotlariga oʻta rahmli va mehribon Zot, demakdir. Ilohiy mehribonlikning koʻlami shu darajada kengki, uni ifodalash uchun hatto onaning oʻz bolasiga mehri ham kamlik qiladi.

Alloh taolo oʻzining oxirgi Paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham olamlarga rahmat qilib yuborgan. Qurʼoni karimda aytadi: “(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat).

Ushbu oyati karimadagi “rahmat” soʻzi juda keng maʼnoni anglatadi. Bu haqiqatni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning odob-axloqlari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bagʻrikengligi, hatto kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo koʻrmasliklari, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanliklaridan xabardor boʻlgan insonlargina tushuna oladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nihoyatda muloyim va mehribon boʻlganlar. Buning sababi bor edi. Uni Alloh taolo bunday bayon qiladi: Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad!) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Dagʻal va toshbagʻir boʻlganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan boʻlur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim soʻrang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Oisha, albatta, Alloh muloyimdir. Muloyimlikni yaxshi koʻradi. Qoʻpolga bermagan narsalarni muloyimga beradi”, deganlar.

Musulmon kishi oʻz birodarining gʻam-qaygʻu va shodligida u bilan birga boʻlishga intiladi. Yaʼni, faqat ogʻir kunida yelkadosh boʻlmaydi, balki yutugʻidan chinakamiga quvonadi, hasad bilan oʻz ich-etini yemirmaydi. Rahm-shafqatga haqli odamni koʻrganda, unga yordam berishga harakat qiladi. Qoʻlidan kelmasa, ilojini topolmasa, oʻzi aziyat chekadi. Bu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Moʻminlar bir-biriga mehr-muhabbat, rahm-shafqat qilishida (yaxlit) bir jismga oʻxshaydi. Biron aʼzo ogʻrisa, qolgan aʼzolar ham bedor boʻlib, isitmalanib birgalikda azob chekkani kabi”, degan soʻzlariga oʻxshaydi.

Ayrimlar insoniylik, odamgarchilik, mehr-muruvvat kabi goʻzal fazilatlardan yiroqlashib ketayotgan bugungi kunda solih kishilarimiz tarixiga biroz nazar solib, undan oʻzimizga tegishli xulosalar chiqarsak, juda foydali boʻlardi. Chunki, mehr-oqibat haqida koʻp gapiramiz, uni oʻzgalardan kutamiz-u oʻzimiz mosuvo ekanimiz haqida kam oʻylaymiz. Shundan kelib chiqib, bir-ikkita ibratli voqeani yodga olishga jazm etdik.

Abu Abdulloh Antokiy rahimahulloh: “Agar odamlar sen tufayli gunohkor boʻlib qolishining ehtimoli boʻlsa, sen rahm-shafqat yuzasidan ulardan nariroq yurgin, faqat namoz vaqtidagina jamoatga qoʻshilgin”, deb nasihat qilar ekan.

Bu gapning tagida juda katta boshqa bir gap yashirin. Imom Shaʼroniy rahimahullohning “Tanbehul mugʻtarrin” asarida yozilishicha, solih kishilarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummat hisoblangan har bir musulmonni – u xoh solih boʻlsin yo osiy, bundan qatʼi nazar – uning qalbidagi imon neʼmatini yuksak qadrlagan. Birovning joni va moliga qasd qilib, moddiy zarar yetkazish yoki ortidan igʻvo va gʻiybat bilan bir musulmonning obroʻsini toʻkib, maʼnan ozor berish u yoqda tursin, hatto oʻzi sababli gunohkor boʻlib qolishidan ham qattiq ehtiyot boʻlgan ekan.

Abu Abdulloh Magʻoribiy rahimahulloh: “Gunohkorlarga rahmat nazari bilan boqmaganlar bizning yoʻlimizdan chiqibdi”, degan.

Maʼruf Karxiy rahimahulloh gunohkor insonga koʻzi tushsa, unga Allohdan magʻfirat soʻrab duo qilar va Haq taoloning rahmi kelishini umid qilar ekan. Shogirdlariga: “Alloh taolo Muhammad alayhissalomni insoniyatni jahannam yoʻlidan qutqarib, Oʻzining rahmatiga noil boʻlishi uchun elchi etib yuborgan. Malʼun (laʼnatlangan) Shayton esa musulmonlarni badnom va sharmanda qilish uchun kelgan”, deb taʼlim berarkan.

Demak, insonlarning jaholat va razolatdan qutilishini chin dildan istamoq – bu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oliy xususiyatlaridan biri boʻlib, bu borada u zotning yoʻlini tutmoq sunnatdir. Bir musulmonning aybini fosh etib, elga sharmisor qilish, dushmanning boshiga kulfat tushganda shodlanish esa shaytonning ishi ekan.

Bir kuni Maʼruf Karxiy rahimahulloh daryo boʻyida ketayotib, qoʻllarida xamr tutgan bir necha mast kishiga duch kelib qolibdi. Shunda uning sheriklari: “Hazrat, bu betavfiqlarni bir duoibad qiling”, debdi. Maʼruf Karxiy esa: “Ey Rabbim! Bu bandalaring hozir shu dunyoda qanday shodu xurram yurgan boʻlsa, oxiratda ham bularni xuddi shunday xursand qilgin!” deb duo qilibdi. Bundan hayron boʻlgan doʻstlari: “Taqsir, bu xudobezorilarni duoibad qiling, desak, siz aksini qildingiz-ku!” debdi. Shunda Maʼruf Karxiy: “Biror musulmonning ziyoniga duoibad qilishdan Alloh saqlasin! Doʻstlar, men Xudodan ularning oxiratda ham shod boʻlishini tiladim. Axir, oxiratdagi shodlik ular tavba qilsa, Alloh kechirsa va Uning rahmatiga noil boʻlsagina boʻladi-ku!” deb javob bergan ekan.

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga rahm qilmaydigan kishiga Alloh ham rahm qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Shu bilan birga, u zot hayvonlarga ham mehr-shafqatli boʻlish kerakligini taʼkidlaganlar. Ha, muqaddas dinimiz Alloh taoloning barcha maxluqotlariga rahm-shafqat, mehr bilan munosabatda boʻlishni oʻrgatadi. Hadisi shariflarda chanqoq itga suv bergan kishiga katta ajr berilgani haqida Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy sollalohu alayhi vasallam: “Bir kishi yoʻlda juda qattiq chanqadi. Shu payt bir quduqni koʻrib qolib, uning ichiga tushdi va chanqogʻini qondirdi. U yerdan chiqib qarasa, bir it chanqoqdan tili osilib tuproq yalayotgan ekan. Shunda u: “Bu it ham suvga mendek qattiq tashna boʻlibdi”, dedi-da, quduqqa qaytib tushib, oyoq kiyimiga suv toʻldirib olib chiqdi va itga berdi. Shunda Alloh taolo unga rahmat nazari bilan qaradi va gunohlarini magʻfirat qildi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning Rasuli! Bizga hayvonlar tufayli ham ajr yoziladimi?” dedi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Har bir tirik mavjudot sababli ajr bor”, dedilar” (Muttafaqun alayh).

Shuningdek, hadislarda hayvon soʻymoqchi boʻlgan kishi pichogʻini oʻtkirlab olishi, oʻtmas tigʻ bilan uning jonini ogʻritmasligi, sut sogʻadiganlar qoʻllarining tirnogʻini olib yurishi kerakligi, jigari boʻlgan har bir narsada ajr borligi, yaʼni jonivorga yem yo suv berish savob boʻlishi aytilgan.

Demak, Muhammad alayhissalomning ummatiman, degan har bir inson doimo aql bilan ish tutishi, insonlarga ham, hayvonlarga ham, hatto jonsiz narsalarga ham zarar yetkazmasligi, mehr-shafqatli boʻlishi kerak ekan. Shunda oʻzi ham xotirjam, tevarak atrofi ham osuda boʻladi. Islom qoʻpollik, dagʻallik, dilozorlik, adovat, zulm, hasad kabi maʼnaviy illatlardan qaytaradi. Aksincha, yaxshilik, ezgulik, samimiyat, mehribonlik, muhabbat va ahillikka chorlaydi! Islomning mehr-shafqat va ezgulik dini ekaniga yana ham koʻp dalil keltirish mumkin, lekin fikrimizcha, aql egalariga yuqoridagilarning oʻzi ham yaxshi saboq boʻladi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON ZIYODA VA KAM BOʻLADIMI?

Hozirgi kunda baʼzi salafiy daʼvatchilar Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan imon, islom va ehson …