Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida yoʻlga qoʻyilgan “Islom – tinchlik va maʼrifatparvarlik dini” mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy seminarlar turkumi izchil davom ettirilmoqda.

Ushbu tashabbus doirasida Markaz xodimlari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Qozogʻiston Geosiyosiy tadqiqotlar instituti va “AQNIET” axborot-targʻibot va reabilitatsiya markazi” jamoat fondi, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari ishtirokida navbatdagi xalqaro onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Qozogʻistondagi mazkur jamgʻarmasi direktorining xalqaro loyihalar boʻyicha maslahatchisi Alim Shaumetov “AQNIET” fondining diniy sohani mustahkamlash va etnomediatsiya borasidagi tajribasi” mavzusida maʼruza qildi.

Ekspert “AQNIET” axborot-targʻibot va reabilitatsiya markazi” jamoat fondi tomonidan deradikalizatsiya, resotsializatsiya va etnomediatsiya sohalarida toʻplangan koʻp yillik amaliy tajriba va erishilgan natijalar haqida soʻzladi. Jamgʻarmaning institutsional rivojlanishi borasida 2014-yilda atigi 3 nafar teolog bilan ish boshlagan fond bugungi kunga kelib, 107 nafar malakali mutaxassisni birlashtirgan yirik tizimga aylangani hamda Qozogʻiston boʻylab 20 ta vakilligi faoliyat yuritayotganini qayd etdi.
Reabilitatsiya jarayonida teolog, psixolog va tarixchilar bilan bir qatorda, ilgari reabilitatsiyadan oʻtgan sobiq mahkum mediatorlarning shaxsiy tajribasi alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Ishning asosiy qamrovini ekstremistik jinoyatlar uchun hukm qilinganlar, “Jusan” (Shuvoq — ona tuproq parchasi, «u odamni Vatanga qaytishga undaydi» maʼnosida shunday nomlangan) operatsiyasi doirasida Yaqin Sharqdan qaytarilgan 760 nafar fuqaro va destruktiv jamoalar yetakchilari tashkil etishiga eʼtibor qaratildi.

Maʼruzachining taʼkidlashicha, deradikalizatsiya bosqichma-bosqich amalga oshirilib, dastlab radikallashuv omillari tahlil qilinadi va reja tuziladi, soʻng tuzatish taʼsiri koʻrsatilib, uning samaradorligi muntazam baholab boriladi. Dunyoqarashning ijobiy tomonga oʻzgarishi va anʼanaviy diniy qadriyatlarning shakllanishi asosiy samaradorlik mezonlari sifatida alohida qayd etildi.

Jazoni oʻtash muassasalarida 400 dan ortiq mahkum bilan muntazam profilaktika ishlari olib borilayotgani va 2026-yilda radikal qarashdagi shaxslar uchun qoʻshimcha 3 ta qayta tarbiyalash markazi tashkil etilganiga urgʻu berildi. Koʻrilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida qayta jinoyat sodir etish koʻrsatkichi 2 foizdan oshmagani, fond metodologiyasi esa Rim memorandumi (zoʻravonlik, ekstremizm va terrorizm uchun jazoga mahkum etilgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish boʻyicha xalqaro miqyosda qabul qilingan eng muhim tavsiyaviy hujjatlardan biri) va Terrorizmga qarshi kurash global forumi (GCTF) tavsiyalariga toʻliq mos kelishi taʼkidlandi.

Axborot makonida turli vositalar orqali Markaziy Osiyo foydalanuvchilariga taʼsir oʻtkazuvchi 900 dan ortiq xalqaro manba muntazam monitoring qilinayotganiga ahamiyat qaratildi.

Ekspert soʻzi yakunida destruktiv mafkuraga qarshi kurashda faqat huquqiy choralar bilan cheklanmay, psixologik, teologik va raqamli axborot tahliliga asoslangan kompleks yondashuvni qoʻllash zarurligini qayd etdi.
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





