Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bruneydagi Sulton Sharif Ali nomidagi Islom universiteti (UNISSA) hamkorligida “Imom Buxoriyning Malayya dunyosiga taʼsiri: Bruney Dorussalom va Malayziya misolida” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda Markaz xodimlari, Hadis ilmi maktabi rahbariyati, Bruney, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Misrdan tashrif buyurgan yetakchi sharqshunos va manbashunos olimlar, tadqiqotchi-stipendiatlar ishtirok etdi.


Anjuman ochilishida Markaz direktori, professor Shovosil Ziyodov va UNISSA prorektori Siti Sora binti Hoji Ahmad xonim Movarounnahr va Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlarini bogʻlab turgan asriy ilmiy-maʼrifiy rishtalarning mustahkam tarixiy poydevorini alohida eʼtirof etdi.
Konferensiya davomida Malayziyaning Malayya universiteti Islom tadqiqotlari akademiyasi professori Muhammad Favziy ibn Hamad va boshqa xorijiy ekspertlar Malayya dunyosida islom sivilizatsiyasi va manbashunoslik rivoji boʻyicha maʼruza qildi.
Muhokamalarda asosiy eʼtibor “Sahihul Buxoriy” asarining Malayziya va Bruney taʼlim tizimi hamda manbashunoslik meʼyorlarini shakllantirishdagi akademik oʻrniga qaratildi. Ishtirokchilar Imom Buxoriyning tadqiqot metodologiyasi bugungi kunda ham zamonaviy islomshunoslikda bosh mezon sifatida xizmat qilayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, Malayziya va Bruneyning yetakchi akademik muassasalarida ilmiy tadqiqotlarni uch tilda – malay, arab va ingliz tillarida olib borish tajribasi Movarounnahr allomalari merosini global ilmiy doiralarga yoyishda strategik koʻprik boʻlishi taʼkidlandi.

Muloqotlar davomida Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo jamiyatlari oʻrtasidagi madaniy-etnografik mushtaraklik, islomiy qadriyatlar va hadislarning kundalik turmush va urf-odatlardagi (“barhayot hadis” konsepsiyasi asosida) antropologik koʻrinishlari tahlil qilinib, Bruney va mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi noyob qoʻlyozmalar bazasini saqlash, kataloglashtirish va ularni Markaziy Osiyo arxiv manbalari bilan solishtirma oʻrganish boʻyicha istiqboldagi hamkorlik qadamlari etib belgilab olindi.

Anjuman doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan UNISSA oʻrtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi boʻyicha protokol imzolandi. Marosimda Siti Sora binti Hoji Ahmad xonim Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasining eng buyuk namoyandalari yetishib chiqqan muqaddas diyor ekanini va Imom Buxoriy, uning boy ilmiy merosi global miqyosda alohida ahamiyatga ega ekanini eʼtirof etdi. Bugun rasmiylashtirilayotgan oʻzaro hamkorlik shunchaki muloqot platformasi boʻlib qolmay, balki qoʻlyozmalar manbashunosligi, qoʻshma ilmiy loyihalar va akademik almashuvlarni yangi bosqichga olib chiquvchi amaliy poydevor boʻlishini taʼkidladi.
Anjuman yakunida xorijlik mehmonlar Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, alloma qabrini ziyorat qildi va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan innovatsion muzey va masjid faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





