Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / INSONPARVARLIK – OLIY QADRIYAT

INSONPARVARLIK – OLIY QADRIYAT

Insonparvarlik deganda koʻpchilikning xayoliga tabiiy ofatlar yoki mojarolardan jabr koʻrgan insonlarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa moddiy yordam koʻrsatish keladi. Albatta, bunday yordam insonparvarlikning muhim koʻrinishlaridan biri hisoblanadi. Biroq insonparvarlikning mazmuni ancha keng boʻlib, u insonga hurmat, mehr-oqibat va gʻamxoʻrlik bilan munosabatda boʻlishni anglatadi.

Kundalik hayotimizda insonparvarlik, avvalo, oila aʼzolariga mehribon boʻlish, qariyalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga yordam berish, qoʻshnilar holidan xabar olish, muhtojlarga koʻmaklashish kabi ezgu amallarda namoyon boʻladi. Shuningdek, kimningdir dardini tinglash, yaxshi soʻz bilan dalda berish, atrofdagilarning qadr-qimmatini hurmat qilish ham insonparvarlikning muhim koʻrinishlaridir. Baʼzan bir samimiy tabassum yoki dildan aytilgan iliq soʻz ham insonning kayfiyatini koʻtarishi, unga umid bagʻishlashi mumkin.

Insonparvarlik tuygʻusi inson qalbida, eng avvalo, oila tarbiyasi orqali shakllanadi. Farzand ota-onasining mehribonligi, bagʻrikengligi va boshqalarga nisbatan munosabatini koʻrib ulgʻayadi. Keyinchalik maktab, ustozlar, kitoblar, milliy va diniy qadriyatlar ham ushbu fazilatning mustahkamlanishiga katta hissa qoʻshadi. Ayniqsa, oʻzgalarning dardini his eta bilish, yaʼni hamdardlik tuygʻusini rivojlantirish insonparvarlikning asosini tashkil etadi.

Muhtoj, bemor yoki boshiga ogʻir kun tushgan insonga yordam berish ham insonparvarlikning oliy koʻrinishlaridan biridir. Mazkur jarayonda eng muhim jihat uning insoniy shaʼni va qadr-qimmatini saqlab qolishdir. Chunki haqiqiy saxovat nafaqat moddiy koʻmak berish, balki insonning qalbini ogʻritmaslik, uning izzat-nafsini hurmat qilish bilan ham namoyon boʻladi. Islom taʼlimotida insonga qilingan yaxshilik riyo va manmanlikdan xoli tarzda amalga oshirilishi lozimligi taʼkidlanadi. Bu tamoyil sadaqa va ehsonning asosiy odoblaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sababli ayrim hollarda xayriya ishlarini ommaga koʻz-koʻz qilish, muhtoj insonlarning holatini tasvirga olib tarqatish holatlari uchrab turadi. Albatta, baʼzi hollarda bu boshqalarni ham ezgulikka undashi mumkin. Biroq insonning shaxsiy hayoti, or-nomusi va qadr-qimmati har qanday maqsaddan ustun turishi lozim. Haqiqiy saxovat odobi, avvalo, ixlos, kamtarlik va samimiyatga asoslanadi. Ezgu amalni mukofot yoki maqtov uchun emas, balki insonparvarlik tuygʻusi va vijdon amri bilan bajarish eng yuksak fazilatdir. Yordam koʻrsatuvchi kishi muhtoj insonni minnatdor qilishga emas, balki uning ogʻirini yengil qilishga intilishi kerak. Shuningdek, yaxshi soʻz, iliq munosabat va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ham moddiy yordam kabi muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbek xalqi azaldan bagʻrikengligi va mehr-oqibati bilan ajralib turadi. Tarixga nazar tashlasak, yurtimiz ogʻir sinov yillarida turli millat vakillarini oʻz bagʻriga olgan, ularga boshpana bergan, mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatgan. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida yuz minglab evakuatsiya qilingan insonlar, jumladan, yetim bolalarning Oʻzbekistondan panoh topgani xalqimizning yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etgan yorqin misoldir. Bugungi kunda ham mamlakatimiz tabiiy ofatlar, qurolli mojarolar yoki boshqa ogʻir vaziyatlarga duch kelgan davlatlarga gumanitar yordam koʻrsatib kelmoqda. Bu esa, xalqimizga xos ezgu anʼanalar hozirgi kunda ham davom etayotganidan dalolat beradi.

Xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik va mehr-oqibat, eng avvalo, milliy qadriyatlarimizdan oziqlanadi. Asrlar davomida shakllangan mahalla instituti, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari, hashar, saxovat va oʻzaro yordam kabi anʼanalar insonlarni bir-birlariga yaqinlashtirib, hamjihatlik muhitini mustahkamlab kelgan. Oila tarbiyasida kattani hurmat qilish, kichikka mehr koʻrsatish, muhtojlarga koʻmak berish kabi fazilatlar ham avloddan avlodga oʻtib kelmoqda.

Shu bilan birga, xalqimizning bagʻrikenglik ruhi islom dinining insonparvarlik gʻoyalari bilan ham chambarchas bogʻliq. Dinimizda muhtojlarga yordam berish, beva-bechoralarga gʻamxoʻrlik qilish, qoʻshniga yaxshilik qilish, insonning millati va dinidan qatʼi nazar uning haq-huquqlarini hurmat qilish kabi ezgu tamoyillarga alohida ahamiyat berilgan. Ana shu qadriyatlar xalqimizning turmush tarzi va maʼnaviy dunyoqarashiga chuqur singib ketgan.

Soʻnggi yillarda yurtimizda xayriya va jamoat ishlarida koʻngilli sifatida ishtirok etish harakati tobora rivojlanib, yoshlar orasida begʻaraz yordam berish madaniyati keng ommalashmoqda. Turli ijtimoiy loyihalar, ekologik aksiyalar, xayriya tadbirlari va koʻngilli tashabbuslarda ishtirok etayotgan yoshlar jamiyat hayotida faol oʻrin egallamoqda. Bu jarayon nafaqat ehtiyojmand insonlarga yordam berishga, balki yoshlarning shaxsiy, maʼnaviy va psixologik kamolotiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Avvalo, xayriya va jamoat ishlarida koʻngilli sifatida ishtirok etish insonda mehr-oqibat, hamdardlik va masʼuliyat tuygʻularini kuchaytiradi. Turli hayotiy qiyinchiliklarga duch kelgan insonlar bilan muloqot qilish yoshlarga hayotning haqiqiy qadrini anglashga yordam beradi. Ular oʻz muammolariga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaydi, shukronalik hissi ortadi va boshqalar dardiga befarq boʻlmaslikni oʻrganadi.

Psixologik jihatdan ham koʻngilli faoliyat muhim ahamiyatga ega. Bunday faoliyatda qatnashgan yoshlarda oʻziga ishonch ortadi, muloqot qilish koʻnikmalari rivojlanadi, jamoada ishlash va yetakchilik qobiliyatlari shakllanadi. Biror insonga yordam berib, uning minnatdorchiligi va duosini eshitish yoshlarda ijobiy his-tuygʻularni uygʻotadi, hayotga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi va ruhiy barqarorlikni oshiradi.

Shu oʻrinda xayriya masalasiga ham toʻxtalib oʻtish joiz. Maʼlumki, hozirgi kunda ayrim insonlar boy boʻlsam, albatta xayriya qilaman, deb oʻylaydi. Lekin insonparvarlik faqat pul bilan oʻlchanmaydi. Albatta, moddiy yordam muhtoj insonlarning hayotini yengillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Biroq insonparvarlikning haqiqiy mazmuni yuqorida aytilganidek, faqat pul yoki moddiy boylik bilan oʻlchanmaydi. U, avvalo, insonning mehribon qalbi, ezgu niyati va boshqalarga nisbatan gʻamxoʻr munosabatida namoyon boʻladi.

Kundalik hayotimizda pul sarflamasdan turib ham koʻplab insonparvarlik ishlarini amalga oshirish mumkin. Masalan, tushkunlikka tushgan insonga shirin soʻz aytish, unga dalda berish, qariyalar holidan xabar olish, bemorni ziyorat qilish yoki qiyin ahvolga tushgan qoʻshniga koʻmaklashish ham yuksak insoniy fazilat hisoblanadi. Baʼzan inson uchun eng katta yordam moddiy koʻmak emas, balki uni tushunadigan, dardiga quloq tutadigan va ruhiy qoʻllab-quvvatlaydigan insonning mavjudligidir.

Shuningdek, insonning vaqti, bilimi va mehnati ham katta boylik hisoblanadi. Kimgadir bepul taʼlim berish, hayotiy tajribasi bilan oʻrtoqlashish yoki jamoat ishlarida koʻngilli boʻlib ishtirok etish ham insonparvarlikning muhim shakllaridandir. Bu ishlar koʻpincha puldan koʻra koʻproq mehr, sabr va masʼuliyat talab qiladi.

Xulosa qilganda, insonparvarlik jamiyat taraqqiyoti va maʼnaviy barqarorligining muhim asoslaridan biridir. U faqat moddiy yordam bilan cheklanmay, mehr-oqibat, hamdardlik, shirin soʻz, yaxshi muomala va oʻzgalar qadr-qimmatini hurmat qilishda namoyon boʻladi. Bunday fazilatlar jamiyatda oʻzaro ishonch, birdamlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirib, kelajak avlodning maʼnaviy kamolotini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Sanjarbek DJUMANOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Check Also

OILA MUSTAHKAMLIGI – JAMIYAT BARQARORLIGI GAROVI

Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan nikohlar soni 3 mingtaga kamaygan holda, ajrimlar 1,5 mingtaga koʻpaygan. …