Home / FOTO LAVHALAR / Noyob manbalar tahlili va ilmiy meros integratsiyasi

Noyob manbalar tahlili va ilmiy meros integratsiyasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Bulgʻor islom akademiyasi (Rossiya) bilan hamkorlikda “Muhammad Porsoning (1348–1420) “Fusulus sitta” (“Olti fasl”) risolasidagi ilohiyotga oid qarashlari: Gʻoyalar tahlili va ilmiy tahqiq” nomli xalqaro davra suhbati tashkil qilindi.

Unda Akademiya doktoranti, Qozon shahridagi “Manara” islomiy adabiyotlar nashriyoti muharriri Salim Gaynullin Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi boʻlmish Muhammad Porsoning arab tilida bitilgan va shu kunga qadar kam oʻrganilgan “Fusulus sitta” (“Olti fasl”) nomli noyob qoʻlyozma asari boʻyicha olib borgan toʻrt yillik tadqiqoti natijalari bilan oʻrtoqlashdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur asar tasavvuf madaniyati va shariat hukmlarini, xususan, fiqhiy va axloqiy qarashlarni oʻzida uygʻunlashtirgan muhim manba hisoblanadi. Unda alloma shariat talablarini botiniy axloq va qalb pokligi bilan bogʻlagan holda yoritib, inson axloqiy kamoloti va jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirishning muhim mezonlarini koʻrsatib bergan.

Tadbir davomida asarning qoʻlyozma manbalari, manbashunoslik borasidagi ahamiyati haqida soʻz yuritildi, Muhammad Porso ilmiy merosini oʻrganishda Markaz fondidagi manbalardan foydalanish va hamkorlikdagi tadqiqotlarni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot soʻngida ishtirokchilar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Indoneziya haj va umra vaziri – Markaz mehmoni

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziya Respublikasi haj va umra vaziri Muhammad Irfon Yusuf boshchiligidagi …