Home / FOTO LAVHALAR / Maʼrifat va axloqiy qadriyatlar muhokamasi

Maʼrifat va axloqiy qadriyatlar muhokamasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Istanbul Tijorat universitetidan bir guruh ustoz va talabalar tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz muzeyi faoliyati va ekspozitsiyalari bilan tanishib, Movarounnahr allomalarining boy ilmiy-maʼnaviy merosi, noyob qoʻlyozmalar hamda Markaz tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar haqida maʼlumotga ega boʻldi.

Tashrif asnosida Markaz ilmiy xodimlari va mehmonlar ishtirokida “Madaniyat izidan: Islom tafakkuriga sayohat” nomli xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda turkiyalik taniqli adabiyotshunos olim, turk adabiyoti, tasavvuf madaniyati va islom sivilizatsiyasi tarixi boʻyicha yirik mutaxassis, professor Oʻgʻuzxon Aydin mavzu borasidagi mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

Taʼkidlanganidek, islom tafakkuri shunchaki tarixiy-falsafiy qarashlar majmui boʻlib qolmay, balki jamiyatda axloqiy barqarorlik, toʻgʻrilik va halollik madaniyatini shakllantiruvchi muhim maʼnaviy asosdir. Boy madaniy merosimizga chuqur hurmat va uni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan uygʻun holda oʻrganish yoshlar dunyoqarashini kengaytirish va ularda yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Suhbat chogʻida islom sivilizatsiyasi va adabiyotida axloqiy qadriyatlarning aks etishi, tasavvuf madaniyatining inson tarbiyasidagi oʻrni haqida soʻz yuritildi. Zero, tafakkur va maʼrifatga asoslangan yoshlar hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi va jamiyatda sogʻlom muhit qaror topishiga munosib hissa qoʻshadi. Shu maʼnoda, bunday uchrashuvlar talabalarning akademik va maʼnaviy kamolotida oʻziga xos maktab vazifasini oʻtashi taʼkidlandi.

Qiziqarli va savol-javoblarga boy kechgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Buyuk meros – umuminsoniy tafakkur va maʼrifiy hamkorlik manbai

Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetida Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qoʻmitasi va Qatar universiteti hamkorligida “Oʻzbekistonda islom madaniy …