Istiqlol neʼmati tufayli yurtimizda nafaqat davlat va jamiyat hayotida ulkan oʻzgarishlar roʻyo berdi, balki xalqimizning maʼnaviy dunyosi, milliy va diniy qadriyatlariga munosabatida ham yangi davr boshlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi xalqimizning istiqlol yillaridagi fidokorona mehnati, ulkan irodasi va bunyodkorlik salohiyati bilan bosib oʻtilgan murakkab va sharafli taraqqiyot yoʻlini sarhisob qilish, erishilgan natijalarni yanada chuqur anglash va kelgusi marralarni belgilash uchun muhim tarixiy palladir.
Zero, mustaqillik bizga, avvalo, oʻzligimizni anglash, milliy gʻururimizni tiklash, shonu sharafimizni yuksaltirish, dinimiz, ona tilimiz va asriy qadriyatlarimizni eʼzozlash imkonini berdi. Bugungi kunda esa biz aynan erkin va farovon hayot, tinchlik va osoyishtalik, inson huquq va erkinliklari, vijdon erkinligi hamda diniy bagʻrikenglik kabi yuksak qadriyatlarni yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim asoslari sifatida koʻrmoqdamiz.
Inson qadri ulugʻlangan yurt
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻladi. Shu maʼnoda, soʻnggi yillardagi islohotlarning bosh maqsadi insonning huquq va manfaatlarini taʼminlash, munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilmoqda.
“Inson qadri uchun!” degan ezgu gʻoya davlat siyosatining markaziga chiqarildi. Ilgari odamlarni yillar davomida qiynab kelgan qator muammolarga barham berildi.
Eng muhimi, jamiyatda ishonch va xotirjamlik ustuvorlik kasb etmoqda. Bu esa inson qadrini ulugʻlashga asoslangan yangi Oʻzbekiston gʻoyasining amaliy ifodasidir.
Istiqlol yillaridagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar natijasida aholi turmush darajasi yaxshilanmoqda, zamonaviy uyjoylar qurilmoqda, ehtiyojmand oilalarni qoʻllabquvvatlashning manzilli mexanizmlari joriy etilmoqda.
Bu jarayonlar diniymaʼrifiy sohadagi islohotlar bilan ham uzviy bogʻliq. Chunki inson qadrini ulugʻlash, uning eʼtiqodiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, vijdon erkinligini taʼminlash va turli qarashlarga bagʻrikenglik bilan yondashish barqaror va adolatli jamiyatning muhim shartlaridir.
Vijdon erkinligi — mustaqillikning ulugʻ neʼmati
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, vijdon erkinligini taʼminlashning huquqiy asoslari yaratildi. Keyinchalik mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu kafolatlar zamon talablari asosida yanada takomillashtirildi.
Bugun mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan. Diniy sohada davlat siyosatining huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, fuqarolar diniy ehtiyojlarini qonuniy va erkin amalga oshirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu mustaqillikning inson hayotidagi eng muhim maʼnaviy samaralaridan biridir. Zero, xalqning erkinligi faqat uning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarida emas, balki oʻz maʼnaviy dunyosi, eʼtiqodi va qadriyatlarini anglash, ularga hurmat bilan munosabatda boʻlish imkoniyatida ham koʻrinadi. Mustaqillik bizga ana shu imkoniyatni berdi.
Maʼrifat — taraqqiyot poydevori
Oʻzbekistonning buyuk tarixida ilmfan va maʼrifat doimo yuksak oʻrin tutgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan buyuk allomalarimizning diniymaʼrifiy merosi ana shu ulkan sivilizatsiyaning ajralmas qismidir.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlarimizning ilmiymaʼnaviy merosi xalqimizning bebaho boyligidir. Ularning asarlarida ilm, aql, maʼrifat, ezgulik, insonparvarlik, bagʻrikenglik va maʼnaviy kamolot gʻoyalari mujassam.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiytadqiqot markazlari tashkil etilgani, Bahouddin Naqshband ilmiytadqiqot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ana shu bebaho merosni chuqur oʻrganish va keng targʻib etishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi esa bu yoʻnalishdagi ishlar yangi bosqichga koʻtarilganining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.
Samarqand zaminida Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani ham xalqimizning buyuk muhaddis merosiga yuksak ehtiromini ifodalaydi.
Bu dargohlar faqat ziyorat maskanlari emas. Ular ilmmaʼrifat, tarixiy xotira, milliy oʻzlik va ezgulik gʻoyalarini uygʻunlashtiruvchi maʼnaviy markazlar sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Uchinchi Renessans asosi — bilimli va maʼrifatli yoshlar
Bugun Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik milliy yuksalish davri boʻlishi belgilanmoqda. Bu buyuk maqsadga erishishda taʼlim, ilmfan va maʼrifat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, kelgusi yillarda bilim va malakani taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Bolalarni maktabga tayyorlash, taʼlim sifatini xalqaro mezonlar asosida oshirish, texnikumlarda yuqori daromadli kasblarga oʻqitish, mamlakatimiz universitetlarini dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari qatoriga olib chiqish kabi vazifalar qoʻyilgani bejiz emas. Chunki Uchinchi Renessans, avvalo, bilimli, mustaqil fikrlaydigan, yuksak maʼnaviyatli avlodni tarbiyalashni talab etadi.
Mazkur jarayonda yoshlarimizga milliy va diniy qadriyatlarning insonparvarlik mohiyatini toʻgʻri anglatish, ularni ilm va maʼrifatga, vatanparvarlik va ezgulikka yoʻnaltirish, turli buzgʻunchi gʻoyalardan asrash bugungi davrning muhim vazifalaridan biridir.
Ayniqsa, AT, sunʼiy intellekt, zamonaviy texnologiyalar va kreativ iqtisodiyot kabi sohalar jadal rivojlanayotgan bir paytda yosh avlodning raqamli dunyoda munosib oʻrin egallashi bilan birga maʼnaviy ildizlariga, qadriyatlariga hamohang tarzda faoliyat yuritishi juda muhim. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oʻzbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozim. Zero, bilim, maʼnaviyat va qadriyat uygʻunligi barkamol insonning eng muhim belgisidir.
Bagʻrikenglik — xalqimizning bebaho boyligi
Oʻzbekiston azaldan turli millat va din vakillari tinchtotuv va hamjihat yashab kelgan zamindir. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya aʼzolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Notinchlik va qaramaqarshiliklar kuchayib borayotgan bugungi murakkab dunyoda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik xalqimizning bebaho boyligidir.
Diniy konfessiyalar vakillarining oʻz diniy anʼana va marosimlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani, konfessiyalararo muloqot va hamkorlik rivojlanib borayotgani yurtimizda qaror topgan bagʻrikenglik muhitining amaliy ifodasidir.
2023-yilda “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etilgani ham bu qadriyatni ragʻbatlantirishga eʼtiborning yorqin namunasi. Ramazon va Qurbon hayiti kunlari rasmiy bayram sifatida nishonlanishi esa elimizning asriy diniy va milliy qadriyatlariga davlat darajasida yuksak ehtirom koʻrsatilayotganini koʻrsatadi.
Bu qutlugʻ ayyomlar mehroqibat, saxovat, kechirimlilik, hamjihatlik va insonparvarlik kabi fazilatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mehr-oqibat va insonparvarlik — milliy qadriyatimiz
Inson qadrini ulugʻlash gʻoyasi jamiyatimizda mehroqibat va saxovat muhitini yanada kuchaytirmoqda. Ehtiyojmand aholi qatlamlarini qoʻllabquvvatlash, kam taʼminlangan oilalarga, muhtoj va bemor insonlarga yordam koʻrsatish, nogironligi boʻlgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga gʻamxoʻrlik qilish borasidagi ishlar tobora kengaymoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bir qator xayrli tashabbuslar ham istiqlol bayrami shukuhini har bir xonadonga yetkazishga xizmat qildi.
Bu ishlar zamirida xalqimizning azaliy fazilatlari — mehroqibat, saxovat, himmat va hamjihatlik mujassam.
Bugun mahalla nafaqat ijtimoiy hayotning muhim boʻgʻini, balki insonlar oʻrtasidagi mehroqibat, oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan maʼnaviy maktab hamdir.
Odamlarning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu istaklari, tadbirkorlarning tashabbuslari, eng avvalo, mahallada namoyon boʻladi.
Mahallada turli millat vakillari, turli diniy qarashlarga ega insonlar bir oiladek yashaydi. Shu maʼnoda, mahalla bagʻrikenglik va totuvlikning eng muhim hayotiy maktabidir.
Taraqqiyot kafolati
Inson qadri ulugʻlangan, qonun ustuvor boʻlgan va jamiyatda oʻzaro hurmat qaror topgan yurtda iqtisodiy taraqqiyot ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Oʻzbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyoda ahil qoʻshnichilik, strategik sheriklik va doʻstlik munosabatlarining yangi bosqichga koʻtarilgani nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va bagʻrikenglikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Jahonning turli mintaqalari bilan hamkorlik kengayishi, xalqaro nufuzi ortib borayotgani Oʻzbekistonning tinchliksevar va konstruktiv davlat sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Biz uchun tinchlik shunchaki siyosiy tushuncha emas. Tinchlik insonning xotirjam hayoti, farzandlar kelajagi, oila farovonligi, ilm va maʼrifat ravnaqi, diniy eʼtiqod erkinligi hamda jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartidir.
Oʻtgan 35 yillik taraqqiyot yoʻlimiz bizga bir haqiqatni yana bir bor anglatmoqda: xalq va davlat yagona maqsad yoʻlida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib boʻlmaydigan marraning oʻzi yoʻq.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qoʻymoqda. Kelgusi oʻn yillik biz uchun milliy yuksalish davri boʻladi.
Bu borada belgilangan yetti milliy dastur hayotimizning eng muhim sohalarini qamrab olgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Ularning har biri mohiyatan inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
Ayniqsa, yurtimizni tinchlik va doʻstlik diyori, bagʻrikeng oʻlka sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan vazifalar diniymaʼrifiy soha uchun ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Bagʻrikenglikni faqat qonunlar bilan emas, avvalo, insonlarning qalbi va ongida qaror toptirish zarur. Buning uchun ilm, maʼrifat, sogʻlom eʼtiqod va oʻzaro hurmat muhitini yanada kuchaytirishimiz kerak.
Oʻtgan oʻttiz besh yil davomida diniymaʼrifiy sohada kechgan islohotlar va erishilgan natijalarga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat yanada ayon boʻladi: istiqlol xalqimizga nafaqat davlat mustaqilligini, balki oʻz tarixi, maʼnaviyati, eʼtiqodi va qadriyatlarini anglash imkonini ham berdi.
Bugun yurtimizda vijdon erkinligi huquqiy jihatdan mustahkam kafolatlangan, turli din va konfessiya vakillari tinch va hamjihat hayot kechirmoqda. Buyuk ajdodlarimiz merosini oʻrganish va uni keng targʻib etish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Ziyoratlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik esa xalqimizni birlashtiruvchi, jamiyatimiz tinchligi va barqarorligini mustahkamlovchi muhim qadriyat sifatida qaror topmoqda.
Ayni paytda Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar istiqlolning ezgu maqsadlarini yangi mazmun bilan boyitmoqda. Inson qadrini ulugʻlash, huquq va erkinliklarni ishonchli himoya qilish, taʼlim va ilmfanni rivojlantirish, maʼnaviymaʼrifiy muhitni yuksaltirish, jamiyatda tinchlik, totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash taraqqiyotimizning muhim mezonlariga aylanmoqda.
Shu bois, mustaqillikning 35 yilligi biz uchun nafaqat oʻtgan yillarni sarhisob qilish, balki ertangi kun haqida yanada chuqur mulohaza yuritish, yangi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot marralari sari dadil intilish uchun ham muhim fursatdir. Zero, istiqlolning qadri faqat erishilgan yutuqlar bilan emas, uni asrash, bu neʼmatni qadrlash va kelajak avlodlarga munosib holda yetkazish masʼuliyati bilan ham belgilanadi.
Bu ulugʻ qadriyatning mazmunini yanada boyitish har bir avlodning muqaddas burchidir.
Tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulugʻlash, vijdon erkinligini taʼminlash, ilmmaʼrifatni yuksaltirish, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yoʻnaltirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab avaylash, turli millat va konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash yangi Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini bunyod etish yoʻlidagi eng muhim vazifalarimizdir.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda: “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli boʻlamiz”.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





